O‘zA O`zbek

14.08.2018 17:21 Chop etish versiyasi

Vagon o‘rindiqlari ostida...

Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari mamlakatimizga chetdan olib kirilayotgan va olib chiqib ketilayotgan tovarlarni sinchiklab tekshirmoqda.

Natijada amaldagi tartib-qoidaga rioya qilmay, ichki bozorni sifatsiz mahsulotlar bilan to‘ldirishga harakat qilayotgan “ishbilarmonlar“ qilmishi fosh etilmoqda.

Qo‘mita axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, “Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari “Moskva – Andijon” yo‘nalishidagi poyezd yo‘lovchilarining qo‘l yukini nazoratdan o‘tkazish chog‘ida Rossiyadan kirib kelgan fuqaro 47 turdagi tovar-moddiy boyliklarni vagon yo‘lovchilariga tarqatib, ularning o‘rindiqlari ostiga yashirgan holda yurtimizga olib kirishga uringanligi fosh etildi.

Umumiy vazni 380 kilogramm bo‘lgan dengiz mahsulotlari va ziravorlar, oshxona anjomlari, gaz hisoblagichlar, avtomobil ehtiyot qismlari va aksessuarlari, tyunerlar, kimyoviy modda va boshqa xo‘jalik tovarlarining qiymati 102 million so‘mdan ortiqni tashkil etdi.

Mazkur post xodimlari “Novosibirsk – Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha kirib kelgan poyezd yo‘lovchilarining qo‘l yukini bojxona ko‘rigidan o‘tkazish vaqtida, yo‘lovchilardan birida umumiy qiymati 20 million so‘mlik 2 ming 530 dona saqich mahsuloti borligi ma’lum bo‘ldi.

“Chuqursoy texnik idora” temir yo‘l chegara bojxona postida bir MCHJ nomiga Xitoy davlatidan kelgan konteynerlarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan umumiy qiymati 337 million so‘mdan ortiq 411 dona suv nasosi va 1 ming 860 dona buklama pichoqlar borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi fuqarolardan bojxona qonunchiligi buzilishiga doir holatlar yoki bojxona xodimlarining noqonuniy harakatlari yuzasidan 120-76-71 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishi mumkinligini eslatadi.

Davron Sunnatov, O‘zA
2 084