O‘zA O`zbek

01.07.2020 Chop etish versiyasi

Vafot etgan marhum mahkum boʻyicha bayonot berildi

Vafot etgan marhum mahkum boʻyicha bayonot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining 64/18-sonli muassasasi (Sangorod)da qiynoqqa solingan mahkum F.Xidirov vafot etganligi haqida xabarlar tarqaldi.

Ushbu holat boʻyicha Bosh prokuratura rasmiy bayonot berdi.

Aniqlanishicha, mahkum Xidirov Farrux Anvarovich 2020-yil 3-iyun kuni Navoiy viloyatida joylashgan 11-sonli jazoni ijro etish koloniyasidan davolanish uchun IIV Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining Mahkumlar uchun ixtisoslashtirilgan kasalxonasiga keltirilib, sil kasalliklar boʻlinmasiga davolanish uchun joylashtirilgan.

2020-yil 18-iyun kuni soat 05:45da shifokorlar tomonidan koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramay u vafot etgan.

Mahkum F.Xidirov 1975-yil 27-noyabrda Toshkent viloyatining Yangiyoʻl shahrida tugʻilgan. Muqaddam toʻrt marotaba sudlangan.

Soʻnggi, yaʼni 5-marotaba 2010-yil 18-oktyabrda jinoyat ishlari boʻyicha Yangiyoʻl shahar sudi tomonidan Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan aybdor deb topilib, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, oʻta xavfli retsidivist, deb topilgan.

Shifokorlarning bergan tibbiy xulosasiga koʻra, marhum mahkum F.Xidirov ikkala oʻpka yalligʻlangan sili, surunkali virusli gepatit (S), oʻpka yurak yetishmovchiligi hamda boshqa bir qator inson hayoti uchun oʻta xavfli boʻlgan kasalliklarga chalingan boʻlib, ularning aksariyati uning salomatligiga bir muncha avvalroq jiddiy salbiy taʼsir oʻtkazgan.

Xususan, uning shifoxonada vafotiga yuqorida koʻrsatib oʻtilgan inson hayoti uchun oʻta xavfli kasalliklarning surunkali kuchayishi oqibatida yuzaga kelgan asoratlar sabab boʻlgan.

Mahkum F.Xidirovning oʻlimi holati yuzasidan Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari oʻtkazilib, uning vafot etganligi holatida biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi sababli 2020-yil26-iyunda jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.

Bosh prokuratura Oʻzbekiston qonunchiligida yolgʻon va notoʻgʻri axborotlarni tarqatganlik uchun tegishli javobgarlik belgilangani, shuningdek har bir fuqaro oʻz huquqlari qatorida majburiyatlarini ham toʻliq anglab yetishi lozimligini bildirib oʻtgan.


1 852
OʻzA