O‘zA O`zbek

24.08.2018 18:07 Chop etish versiyasi

Uzunda uchta yangi inshoot foydalanishga topshirildi

Uzunda uchta yangi inshoot foydalanishga topshirildi Surxondaryo viloyati Uzun tumanida mustaqilligimizning 27 yillik bayrami arafasida Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman kengashining binosi, “Uzun Ravnaq Fayz” savdo majmuasi va tuman dehqon (oziq-ovqat) bozori foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan boʻlib oʻtgan tantanali tadbirlarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yurt obodligi, aholi farovonligi uchun xizmat qilib, istiqlolning buyuk qudratini keng namoyon etayotgani taʻkidlandi.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Uzun tumani kengashining yangi binosida tumandagi 45 fuqarolar yigʻini faoliyatini muvofiqlashtirish uchun barcha imkoniyat mavjud. 700 million soʻm mablagʻ sarflangan inshootda keng, shinam xonalar zamonaviy usulda jihozlanib, ishni samarali tashkil etish uchun zarur qulaylik yaratilgan.

– Chekka va olis tumanimizda 165 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi, – deydi Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman kengashi raisining birinchi oʻrinbosari S.Gulboyeva. – Yangi binoda mavjud fuqarolar yigʻinlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirib turish uchun yetarli sharoit bor. Xodimlar uchun ajratilgan alohida xonalar aloqa vositalari, mebel, kompyuter va boshqa jihozlar bilan taʻminlandi. Bu qulayliklar joylardagi oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bizga shunday sharoitlarni yaratib berayotgan davlatimizdan behad minnatdormiz.

Tumanda barpo etilgan “Uzun Ravnaq Fayz” savdo majmuasi kiyim-kechak va boshqa buyumlar savdo xizmatini koʻrsatishga ixtisoslashgan. Bu yerda sotuvchi va xaridorlar uchun zamonaviy qulayliklar yaratilib, 138 savdo shoxobchasi bunyod etildi. Turli sifatli va arzon buyumlar savdosi yoʻlga qoʻyilib, 450 yangi ish oʻrni yaratildi.

– Viloyatning boshqa hududlari qatorida qoʻshni davlat bilan chegaradosh bizning tumanimizda ham shunday koʻrkam va yirik savdo majmuasi boʻlishini orzu qilardik, – deydi uzunlik xaridor Z.Roʻziyeva. – Chunki, sifatli, arzon kiyim-kechak va boshqa buyumlar uchun qoʻshni tumanlarga borib kelishimizga toʻgʻri kelar edi. Eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz arafasida orzuimiz ruyobga chiqib, muhtasham savdo majmuasi foydalanishga topshirilgani biz uchun unutilmas sovgʻa boʻldi. Bu yerda sotilayotgan buyumlarning aksariyati mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va narxi ham ancha arzon. Endilikda zamonaviy majmuadan savdo qilib, vaqtimizni ham, mablagʻimizni ham tejash imkoniyati yaratilganidan xursandmiz.

Tuman dehqon (oziq-ovqat) bozorida goʻsht, sut, tuxum va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qilishga moʻljallangan, xoʻjalik mollari sotiladigan keng, yorugʻ va shinam maxsus pavilonlar qurilib, 596 savdo rastasi barpo etildi. Yangi bozorda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash ombori, avtomobillar toʻxtash joyi qurilib, toza ichimlik suvi bilan taʻminlandi. Yirik hajmdagi bu ishlarni bajarish uchun 7,5 milliard soʻmlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilib, 750 ish oʻrni tashkil etildi.

Viloyatda yangidan barpo etilgan, tubdan rekonstruksiya qilingan iqtisodiy-ijtimoiy va boshqa soha obyektlarini foydalanishga topshirish davom etmoqda.

Xolmoʻmin Mamatrayimov, Jonibek Qoʻzimurodov (surat) OʻzA
3 234