O‘zA O`zbek

12.09.2018 12:11 Chop etish versiyasi

“Uzum – 2018” koʻrik-tanlovi boshlandi

“Uzum – 2018” koʻrik-tanlovi boshlandi

Toshkent davlat agrar universitetida bugun uzumlar bayrami oʻtkazilmoqda.

“Uzum – 2018” koʻrik-tanlovi Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda Toshkent davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda yurtimizning yetakchi uzum yetishtiruvchi bogʻbonlari-yu tomorqa egalari ishtirok etmoqda.

– Bugungi tanlovda ishtirok etish uchun Indoneziyadan keldim, – deydi Anshos Xashim. – Bu qadar shirin va tabiiy uzumlarni hech qachon koʻrmaganman. Oʻzbekiston, uning tabiati va mevalari haqida eshitmagandim. Hozir hammasini oʻz koʻzim bilan koʻrib, mevalardan isteʼmol qilgach, sizlarga havasim keldi. Ayniqsa, menga qora husayni juda yoqdi. Eng shirin tanlovi uchun ana shu uzumga ovoz beraman.

Uzum sayliga yurtimizning turli hududlaridan keltirilgan mahsulotlar mutaxassislar hamda ishtirokchilar tomonidan uchta yoʻnalishda baholanadi. “Eng bozorbop”, “Eng noyob” va “Eng shirin”.

– Biz oltiariqdan keldik, – deydi Fayzullo Xolboyev. – Bu “Dili kabutar”ni eng noyob uzum navi nominatsiyasiga taklif etayotirmiz. Qarsillaydi, bahorga qadar turadi. Shiringa “Husayni”, bozorbopga “Husayni kadu” kabi navlarimiz javob bera oladi. Hozir “Husayni” tarkibidagi qand moddasini darajasini oʻlchab koʻrishdi. 20,1 ni koʻrsatdi. Dunyoda uzumning kishmish navlari 22 daraja bilan birinchilikda turadi.

Tanlovda uzum yetishtirish, qayta ishlash, sovuqxonada saqlash hamda eksport qilish boʻyicha taqdimotlar ham oʻtkazilmoqda. Unda ishlab chiqarish, terimdan keyingi amaliyotlar hamda marketing mutaxassislari uzum yetishtirish sohasining hozirgi holati, rivojlantirish istiqbollari hamda uzum bozoridagi oʻzgarishlar haqida batafsil maʼlumot bermoqda.

Tanlov davom etmoqda.

Sayyora Shoyeva, OʻzA
1 735