O‘zA O`zbek

12.10.2018 13:14 Chop etish versiyasi

Uzoq yillar hal boʻlmagan muammolar Prezidentimiz farmoni bilan qisqa muddatda yechimini topmoqda

Uzoq yillar hal boʻlmagan muammolar Prezidentimiz farmoni bilan qisqa muddatda yechimini topmoqda

Jizzax viloyatining Paxtakor tumani Suvonobod qishlogʻida yashovchi Alisher Hakimov 20 yildan keyin oʻz uyiga egalik huquqini oldi. 

Oʻzing uy qurib unda yashasangu, egasi boʻlmasang, qiyin ekan. Alisher Hakimovda ham mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjat shu paytgacha yoʻq edi. Bu hujjatni rasmiylashtirish uchun u koʻp sarson boʻldi.

Prezidentimizning 2018 yil 20 apreldagi “Fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar hamda oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan Alisher Hakimovga mulk egaligi rasmiylashtirib berildi.

– 20 yildan buyon “tuya goʻshti yeb yotgan” muammoning bunday oson hal etilishiga sira ishonmagan edim, – deydi A.Hakimov. – Axir oʻtgan yillarda uyni oʻz nomimga rasmiylashtirish uchun idorama-idora ozmuncha yugurdimmi. Barcha harakatlarim samarasiz ketdi. Prezidentimizga rahmat, masala osongina hal boʻldi-qoʻydi. Davlat xizmati markazi tomonidan sakkiz kunda uyga egalik huquqimni tasdiqlovchi hujjat qoʻlimga berildi.

Viloyatda Alisher Hakimovga oʻxshab oʻz mulkiga egalik huquqini ololmay yurganlar koʻp. Prezidentimiz farmoni asosida oʻtkazilayotgan bir martalik umumdavlat aksiyasida koʻplab odamlarning yillar davomida yechilmay kelgan muammolari hal etilmoqda.

Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasidan xabar qilishlaricha, koʻchmas mulkka nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida fuqarolardan hozirgacha 846 ariza kelib tushgan. Shahar va tumanlar hokimliklari tomonidan ularning 182 tasi hal etilgan. Qolganlari oʻrganilmoqda.

Bu masala bilan bogʻliq holatlar, ayniqsa, Gʻallaorol, Baxmal, Zomin tumanlarida koʻproq uchraydi. Chunki koʻpchilik oilalar hovlisiga tutash boʻsh yotgan yerdan farzandlariga uy qurgan, biroq rasmiylashtirmagan. Oqibatda hozirgacha yer maydoni noqonuniy egallangan boʻlib turibdi.

– Oʻrganishlar natijasi shuni koʻrsatdiki, joylarda aniqlangan shu kabi holatlar yechimi yoʻq muammoga aylanib ulgurgan, – deydi Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi Bobur Umrzoqov. – Oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha Prezidentimiz farmoni bilan oʻtkazilayotgan bir martalik umumdavlat aksiyasi fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashdagi muhim tadbirlardan biri sifatida amalga oshirilmoqda. Aksiya davomida aholiga ushbu tadbirdan koʻzlangan maqsad noqonuniy qurilgan turar joylarni qonuniylashtirib berish xamda oʻz mulkini erkin tasarruf etish huquqini tiklashdan iborat ekani tushuntirilmoqda.

Farmonga muvofiq, umumdavlat aksiyasi davlat xizmatlari markazlari va koʻchmas mulkka nisbatan huquqni eʼtirof etish shahar, tuman komissiyalari tomonidan amalga oshirilayotir. Davlatimiz tomonidan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan bunday muhim ishning mohiyatini odamlarga keng tushuntirish, ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, ayniqsa, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan ham alohida faollik talab etadi.

Toshqul Beknazarov, OʻzA
630