O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

08.09.2018 12:42 Chop etish versiyasi

Uzoq umr koʻrishning siri nimada?

Uzoq umr koʻrishning siri nimada?

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida yashayotgan Rozumova Avaz momo 109 yoshni qarshilamoqda. Tabarruk yoshli onaxonning xonadoni duo olish istagida kelganlar bilan doimo gavjum.

Toʻrtkoʻl tumani hokimligi tomonidan momoga maishiy buyumlar va sogʻin sigir sovgʻa qilindi.

Eskicha vaqt oʻlchami boʻyicha 1909-yilda bugʻdoy pishgan davrda tugʻilgan Avaz momoning bolaligi va yoshligi oʻta qiyin davrlarda oʻtgan. Bolaligi Birinchi jahon urushi yillariga toʻgʻri kelgan momo Ikkinchi jahon urushi davrida ham qora kunlarni boshdan oʻtkazadi. Urushga ketgan turmush oʻrtogʻidan koʻp oʻtmay qora xat keladi va qizi bilan qoladi.

Qizi Rozumova Gulnora 1941-yilda tugʻilgan. Hozirgi kunda hayot.

Avaz momo qizi Gulnora, 3 nevara, 12 evara va 25 chevarasi ardogʻida umrguzaronlik qilmoqda.

U urush yillarida tumandagi “Paxta arna“ kanalini qazishda ishtirok etgan. U paytlar kanallar qoʻl bilan qazilgan. Tumandagi “Shoʻroxon“ va “Ullibogʻ“ kolxozlarida ishchi boʻlib ishlagan.

Momo uzoq umr koʻrishning asosiy omili halol mehnat deb biladi va doimo farzandlariga, keyingi avlodga shuni uqtirib kelmoqda.

– Buvimiz yoshligida oʻta ogʻir sharoitda yashagan. Buvamiz urushga ketib vafot etgan. Front ortida mehnat qilgan buvimiz juda koʻp qiynalgan, – deydi momoning nevarasi Ilhom Romanov. – Momomiz har doim bugungi hayotiga shukrona keltirib, shunday davrning qadriga yetishni taʼkidlaydi. Hozirgi paytda u oʻzini yaxshi his qilmoqda.

Toʻrtkoʻl tumani uzoq umr koʻruvchilar yashaydigan hudud sifatida ahamiyatlidir. Toʻrtkoʻl tumani xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Xadicha Ibadullayevaning taʼkidlashicha, tumanda ayni paytda 100 dan oshgan 4 nafar momo istiqomat qiladi. Bundan 3 yil avval 135 yoshida vafot etgan, 3 asrni koʻrgan sayyoraning eng keksa vakili Toʻti momo Yusupova ham Toʻrtkoʻl tumanidan edi.

Avaz momo Rozumovaning uzoq yillik mehnatlari eʼtiborga olinib, mustaqilligimizning 27 yilligi arafasida Prezidentimiz farmoniga muvofiq, “Shuhrat“ medali bilan mukofotlandi.

Y. Qanoatov, OʻzA