O‘zA O`zbek

20.08.2018 17:04 Chop etish versiyasi

Uzbekistan Airways: Xavfsiz, barqaror va ishonchli

Uzbekistan Airways: Xavfsiz, barqaror va ishonchli Milliy aviatashuvchi – “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi xalqaro aviatashuvlar bozorida munosib o‘rin egallab, mamlakatimiz mustaqilligining faxri va ramziga aylandi.

Yillar mobaynida Uzbekistan Airways brendi butun dunyoda barqaror, xavfsiz va ishonchli aviatashuvchi sifatida tanilgan va e’tirof etilgan. Bugungi kunda O‘zbekistonning zamonaviy va qulay avialaynerlari Yevropa va Osiyoning 40 dan ortiq shaharlariga parvoz qilmoqda hamda Alyaskadan tortib Yangi Zelandiyagacha charter qatnovlarini bajarmoqda.

O‘tgan yillar davomida Milliy aviakompaniya aviaparki “Airbus”, “Boeing” zamonaviy samolyotlari, jumladan,“Boeing 787 Dreamliner” havo kemalari hisobiga yangilandi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviatashuvchisi rivojlanish strategiyasi hamda aviaparkni modernizatsiya qilish dasturiga muvofiq o‘z parkini yangi zamonaviy avialaynerlar bilan to‘ldirishda davom etmoqda.

2019-2020 yillar mobaynida ikkita “Airbus A320 Neo” va uchta “Boeing 787 Dreamliner” samolyoti olinishi kutilmoqda. Mazkur Drimlaynerlar keltirilishi bilan O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasi MDH davlatlarida ushbu rusumdagi samolyotlarning yetakchi ekspluatanti bo‘ladi. Yangi MAK laynerlari qulay keng o‘rindiqlar, alohida har bir yo‘lovchi uchun mo‘ljallangan individual ko‘ngilochar dasturli monitorlar, aloqa va Wi-Fi tizimlari bilan jihozlangan bo‘ladi. Samolyotlar dizayniga yangicha yondashuv parvoz vaqtida yo‘lovchilarga maksimal qulaylikni ta’minlaydi.

Milliy aviatashuvchi o‘z samolyotlarining uchishga yaroqliligini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniga ega. “Uzbekistan Airways Technics” aviakorxonasida turli modifikatsiyadagi, jumladan, “Boeing 787 Dreamliner” samolyotlarini bo‘yashdan tortib kapital ta’mirlashgacha bo‘lgan murakkab ta’mirlash ishlari bajariladi. Bu yerda, nafaqat aviakompaniyaning aviaparki, balki xorijiy kompaniyalar samolyotlariga ham texnik xizmat ko‘rsatiladi.

Kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirilmoqda. Bugungi kunda o‘z uchuv tarkibi, hamda xorijiy aviakompaniyalar uchuvchilarining nazariy va amaliy tayyorgarligini ta’minlashga qodir professional o‘qituvchilar tarkibi hamda zamonaviy aviatsiya trenajyorlariga ega O‘quv-mashq markazida uchuvchilarni O‘zbekistonda tayyorlash bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. Bu yil mazkur markazga dastlabki tinglovchilar qabul qilinadi.

Respublika aeroportlarining yer usti infratuzilmasi modernizatsiya qilindi. Yangi zamonaviy yo‘lovchi terminallari qurildi, xizmat ko‘rsatish texnologiyasi yaxshilandi va uchish-qo‘nish yo‘laklari rekonstruksiya qilindi. Havodagi harakatni boshqarish (HHB) zamonaviy markazlari ekspluatatsiyaga topshirildi. O‘zbekiston havo kengligidan foydalanuvchilar soni va parvozlar xavfsizligini yanada oshirish imkonini beruvchi yangi aeronavigatsion tizimlar joriy etildi. Respublikaning barcha aeroportlarida bojxona chegaralaridan o‘tish joylarida yo‘lovchilar logistikasini yaxshilash va bojxona rasmiyatchiligini soddalashtirish imkonini bergan “qizil” va “yashil” yo‘lakli tizim ishga tushirildi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti O‘zbekiston Respublikasining o‘ta muhim va toifalangan obyektlari xavfsizligini ta’minlashni tashkil etilishini nazorat qilish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tomonidan xavfsizlik talablariga rioya qilgan “Eng ilg‘or o‘ta muhim obyekt” sifatida e’tirof etildi. Poytaxt aeroportida xalqaro yo‘nalishlarda uchib keluvchi yo‘lovchilar uchun yangi uchib kelish terminali ishga tushirildi. Soatiga 1200 nafar yo‘lovchigacha xizmat ko‘rsatish imkoniga ega yangi binoning ishga tushirilishi bilan xalqaro yo‘nalishlarda uchib kelayotgan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati sezilarli darajada oshdi va mamlakatga kirishdagi zaruriy tekshiruv jarayonidan o‘tish vaqti qisqardi. Nukus xalqaro aeroportida soatiga 400 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega yangi yo‘lovchi terminali ekspluatatsiyaga topshirildi. Mazkur yangi terminal yo‘lovchilar va ularning yuklariga xalqaro standartlarga muvofiq xizmat ko‘rsatish imkonini beradigan eng zamonaviy texnika bilan jihozlangan.

Turizmni rivojlantirish borasida ham jadal ishlar olib borilmoqda. “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi Buyuk Britaniya Mustaqil sayyohlik operatorlari assotsiatsiyasi (AITO) a’zosi bo‘lib, Markaziy, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa va Amerika aviatashuvchilari bilan Kod-Sher hamda Interlayn kelishuvlar doirasida yaqindan hamkorlik qilmoqda. MAK xizmatlarini sotish tarmog‘ini kengaytirish va chet ellik sayyohlarni O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha xorijiy hamda mahalliy turoperatorlar bilan uzviy ish olib borilmoqda.

Dushanbe shahriga hamda Samarqanddan Istanbulga yangi yo‘nalishlar ochildi, Lahorga parvozlar tiklandi. MAK avialaynerlarida Issiqko‘l, Maldiv orollari, Sharm-el-Sheyx hamda Bodrumga charter qatnovlari, yevropalik sayyohlarni jalb etish maqsadida Milan va Parijdan Urganchga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlar bajarilmoqda. 2018 yilning oktyabr oyidan aviakompaniya yangi Mumbay yo‘nalishida parvozlarni, shuningdek, Jidda shahriga muntazam qatnovlarni amalga oshira boshlaydi.

Milliy aviakompaniyaning xorijdagi vakolatxonalari chet ellik hamkorlar, ayniqsa, sayyohlik kompaniya va firmalari bilan faol ish olib bormoqda. Malayziya, Singapur, Indoneziya, Yaponiya va boshqa mamlakatlardan keluvchi sayyohlar uchun ziyorat turizmi yo‘nalishi bo‘yicha xorijlik turoperatorlar bilan birgalikda qisqa muddatli turlar ishlab chiqilmoqda. Respublikadagi muqaddas joylarga qisqa muddatli sayohatlar bilan bir qatorda tranzit sayohatchilar uchun yurtimizda qisqa muddatli to‘xtash bilan “O‘zbekiston +” tur paketlari ishlab chiqilmoqda.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi vertolyotlarida yurtimizning go‘zal go‘shalariga vertolyotda sayr qilish xizmati joriy etildi. Mazkur xizmat sayyohlik agentliklari, turoperatorlar va barcha xohlovchilarga taklif etiladi. O‘z kasbining ustasi bo‘lgan vertolyot uchuvchilari nafaqat sizning xavfsizligingizni ta’minlaydi, balki sizni manzilga tez va qulay eltib qo‘yishadi.

Aviakompaniya respublikaning eksport salohiyatini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. MAK qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish uchun maxsus imtiyozli tariflarni taqdim etadi. Eksportchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida aviakompaniya shartnomalarni tuzish, eksportga mo‘ljallangan yuklarni qabul qilish va bronlash uchun soddalashtirilgan tartib-qoidalarni joriy etdi.

Parvozlar bajarilishi muntazamligini ta’minlash va xizmat ko‘rsatish darajasini yaxshilash uchun sezilarli ishlar amalga oshirildi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi chet el aeroportlari tomonidan bir necha bor eng mas’uliyatli aviakompaniya, deb e’tirof etildi. “Domodedovo”, “Sochi”, “Krasnodar”, “Qozon” va boshqa aeroportlarning muntazam yo‘lovchi qatnovlarini o‘z vaqtida bajarganlik uchun taqdim etgan diplomlari buning yaqqol dalilidir.

Yo‘lovchilar uchun oziq-ovqat tarkibi va uni taqdim etish texnologiyasi butunlay qayta ko‘rib chiqildi, ko‘ngilochar media-kontentning yangilanish tezligi oshirildi, biznes-klass yo‘lovchilari uchun yangi sifatli yo‘l anjomlar to‘plami taqdim etilmoqda.

Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish va ro‘yxatdan o‘tish vaqtini qisqartirish maqsadida barcha aeroportlarda avtomatlashtirilgan pasport o‘qish uskunalari, yukning tez olinishini ta’minlovchi avtomatlashtirilgan yuklarni skanerlash tizimi o‘rnatilgan. Aerovokzallarda tahorat va ibodat uchun maxsus xonalar joriy etilgan. Jismoniy imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun shart-sharoitlar yaratilgan, ular uchib kelishi va ketishida tibbiy xodimlar tomonidan doimiy nazoratda bo‘ladi.

Mamlakatimiz hukumatining e’tibori va ko‘magisiz aviakompaniya muvaffaqiyatli faoliyat yurita olmaydi, albatta. Erishilgan natijalar, bu, birinchi navbatda, davlatimizning chuqur o‘ylangan va to‘g‘ri yo‘naltirilgan siyosati, xalqimizning xavfsiz va munosib hayoti, mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikning mevasidir.

Muattar Ro‘ziboyeva, O‘zA
2 800