O‘zA O`zbek

06.08.2018 10:07 Chop etish versiyasi

Uysiz va daydilar muammosini hal qilish yo‘lida

Uysiz va daydilar muammosini hal qilish yo‘lida

Uysizlik insoniyat oldidagi global muammolardan biri. Bugungi kunda mazkur muammoni hal qilish juda ham dolzarb bo‘lib turibdi. Uysizlikning asosiy sababi boshpana sotib olish yoki ijaraga olish uchun mablag‘ning yo‘qligidir.

2005-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, jahonda uysizlar soni 100 million kishidan oshib ketgan. 2008-yilda AQSHda uysizlar soni 664 mingdan 1,6 milliongacha yetgan. Germaniyada uysizlar soni 860 ming kishini tashkil qiladi. Mana shuncha miqdordagi kishilar shaharlar ko‘chalarida yashab keladi. Ulardan ayrimlari karton qog‘ozlarni ko‘rpa-to‘shak sifatida foydalangan holda ko‘prik ostlarida yashaydi. Dam olish bog‘laridagi o‘rindiqlarda tunni o‘tkazuvchilar ham ko‘plab topiladi. Qish oylarida esa daydilar issiqlik quvurlari ustida istiqomat qilishni afzal ko‘radi.

Mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanishiga qarab, jahonda uysizlar muammosi har xil yechiladi. Ayrim mamlakatlar uysizlarga vaqtincha boshpana berishga harakat qiladi. Ayrim davlatlarda shahar rasmiylari uysiz va daydilarni ish bilan ta’minlashning yo‘lini izlab topmoqda.

Internet sahifalarida paydo bo‘lgan xabarlarga qaraganda AQSH va Yevropaning bir qator mamlakatlarida uysiz va daydilarni gid sifatida ishga olayotgan sayyohlik tashkilotlari paydo bo‘lmoqda. Endilikda daydilar shahar ko‘chalarini sayyohlarga ko‘rsatish va tanishtirishda haqiqiy gidlarning nonini yarimta qiladiganga o‘xshaydi. Shuni ta’kidlash kerakki, 19-asr oxirlariga qadar Yevropaning bir qator shaharlarida aynan uysizlar xorijlik mehmonlarga yo‘lboshlovchilik qilishgan. Bir tomondan, daydilar yo‘l ko‘rsatib, bir burda non uchun pul topishgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan mehmonlarning begona shaharda adashib qolmasliklarining oldi olingan. Biroq yetarli malakaga ega bo‘lmagan bu kabi gidlar xorijliklarning ko‘proq pulini “shilib olish”ni ko‘zlashardi. Ular o‘zlarining tanishlari bo‘lgan do‘konlarga xorijliklarni olib borishar va buning uchun do‘kon egalaridan ham choychaqa ishlab olishardi. Bu kabi soxta gidlar bugungi kunda ham topiladi.

Tarqatilgan xabarlarga qaraganda Ispaniyaning Barselona shahrida sayyohlik firmalari uysizlarni ishga ola boshladi. Chunki ular shahar ko‘chalarini yaxshi bilishadi. Bu kabi loyihalar London (Unseen Tours), San-Fransisko (Homeless Walking Tour), Amsterdam (Walking with a Homeless Guy in Amsterdam)da hayotga tatbiq etilmoqda.

1990-yillarning so‘ngida Amerika matbuotida Timoti Levich (Timothy Levitch) haqida maqolalar paydo bo‘lgan edi. Bir necha yil davomida Nyu-Yorkda cho‘ntagida bir sentsiz istiqomat qilgan bu inson noan’anaviy yo‘l bilan xorijlik mehmonlarga shaharning diqqatga sazovor joylarini ko‘rsatishga ahd qiladi va shu tariqa choychaqa ishlab topadi. U so‘zamol va hazilkashligi bilan xorijlik sayyohlarga yoqib qoladi. Oxir oqibat u teleboshlovchi bo‘lib yetishadi.

Bundan bir necha yil muqaddam Chexiya poytaxti Pragada Karlov universitetining ijtimoiy tadqiqotlar fakulteti talabasi Tereza Yurechkova (Tereza Jurečková) tomonidan Pragulic loyihasi hayotga tatbiq etilgan edi. Pragulic uysiz gidlar xizmatidan foydalanuvchilarga yordam berish maqsadida tashkil etildi. Buyurtmalar internet orqali olinadi. Daydi boshlovchilar sayyohlarning qiziqishiga qarab, ularni Praga ko‘chalarida aylantirib yurishlari mumkin. Bu loyiha 2012 yilning avgustidan beri hayotga tatbiq etildi. Loyiha uysiz daydilarga vaziyatdan chiqib ketishlari uchun katta yordam berdi. Eslatib o‘tamiz, daydi-gidlarning xizmati 250 kron ($13)ni tashkil qiladi. Talabalar uchun imtiyozlar bor. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Pragada 4 minggga yaqin daydi bor. Biroq ularning soni oshib bormoqda.

10 yildan beri Barselonada faoliyat yuritib kelayotgan Britaniyaning Hidden City Tours tur firmasi ham daydilarni yo‘lboshlovchilikka olmoqda. Barselonada daydilar soni 3 ming kishini tashkil qiladi.

Serbiyaning Nish shahrida 43 yoshli Bratislav Stoyanovich uy-joyidan ajralib qolganidan so‘ng, qabristondan boshpana topishga majbur bo‘ldi. U qabristondagi xilxonada istiqomat qilib keladi.

Sharofiddin To‘laganov, O‘zA
2 518