O‘zA O`zbek

03.03.2020 Chop etish versiyasi

Uylari “snos” ga tushgan xayrbuviliklar deputatdan koʻmak soʻrashdi

Uylari “snos” ga tushgan xayrbuviliklar deputatdan koʻmak soʻrashdi

Avval xabar berganimizdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari joriy yilning 27-fevralidan 1-martga qadar oʻz saylov okruglarida boʻlib, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar olib bordilar.

Xususan, parlament quyi palatasi deputati Erkin Solihov Oqdaryo tumanida boʻldi. Aholi muammolarini oʻrganish jarayonida uylari “snos”ga tushgan “Istiqlol” mahalla fuqarolar yigʻini Xayrbuvi qishlogʻida yashovchi bir guruh fuqarolar bilan uchrashdi.

Oʻrganishlar jarayonida maʼlum boʻldiki, 36 ta xonadon sugʻoriladigan yerlarda qurilgani sababli noqonuniy deb topilgan. Ular suhbatda 5-10 yil avval uy-joy qurish uchun yerlarni fermerdan sotib olganini aytilar.

— Oqdaryoda sugʻorilmaydigan yerning oʻzi yoʻq. Qishloqlarda qadimdan kadastr hujjati degan narsa boʻlmagan. Uy joylar yer oʻlchovchi (zemlemer) tomonidan taqsimlangan. Hozir qishloqdagi 36 ta xonadon noqonuniy oʻzboshimchalik bilan qurilgan deb topilgan. Biz fermerdan sotib olganmiz. 4 ta xonadonga sudning qarori ham kelgan, – deydi murojaatchilardan biri M.Berdiyev.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Erkin Solihov “snos” masalasidagi bunday muammolarni mutasaddi tashkilotlar tomonidan chuqur oʻrganib, keyin xulosa qilish lozimligini taʼkidladi.

— Fermer xoʻjaligi oʻziga ajratilgan yer uchastkalarni xususiylashtirishi, oldi-sotdi, hadya va ayriboshlash obyekti boʻlishi va ikkilamchi ijaraga berishi mumkin emasligini bilgan holda, fuqarolarning ishonchini suisteʼmol qilish hollari koʻplab uchrab turibdi. Vaholanki, yer fermerga uzoq muddatga davlat tomonidan ijaraga berilgani, uni fuqarolarga sotish mumkin emasligi Oʻzbekiston Respublikasi “Fermer xoʻjaliklari toʻgʻrisida”gi qonunda belgilab qoʻyilgan. Agarda bunday hollarda kadastr va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari aralashgan boʻlsa, bunga huquqiy baho berish va aybdorlarga nisbatan qonunda belgilangan choralarni koʻrish kerak. Ushbu vaziyat inson taqdiri bilan bogʻliqligini inobatga olib, har bir masalaga alohida individual yondashgan holda chuqur oʻrganilishi va sud orqali hal etilishi lozim, – deydi E.Solihov.

Mazkur holat yuzasidan bildirilgan murojaat xalq noibi tomonidan tuman hokimiyat mutasaddilariga yetkazildi. Masala yechimi deputatlar tomonidan nazoratga olinadigan boʻldi.

1 726
OʻzA