O‘zA O`zbek

29.03.2020 Chop etish versiyasi

Uyda qolib, kitob oʻqing!

Uyda qolib, kitob oʻqing!

Kitob va kitobxonlik har bir davrning eng dolzarb mavzularidan biri boʻlib kelgan. Bugungi kunda esa uning dolzarblik koʻlami yana-da ortgan. Koʻpchilik kitobxonlik darajasi tushib ketgan deyishsa, yana koʻpchilik bunga zamonaviy texnologiyalarni sabab qilib koʻrsatishadi. Har nima boʻlganda ham kitobni oʻqiydiganlar, uni yaqin doʻst deb biladiganlar talaygina.

Menimcha, kitob oʻqish ham bir sanʼat. Uning oʻziga xos sirlari, qoidalari bor. Bugungi kunda kitoblar shunchalik koʻpki, ularni barchasini mutolaa qilishga insonning umri yetmaydi. Eng yaxshisi, koʻp beriladigan tavsiya – saralanganlardan eng saralarini oʻqish maʼqul.

Kitob javonimdan sevimli kitobimni qidiraman. Aslida qidirishimga ham hojat yoʻq. Bu kitobni qayerda turishini yoddan bilaman – Erkin Aʼzam. “Olam yam-yashil”. 1984-yilda nashr etilgan mazkur kitobda adibning hikoyalari jamlangan. Insonning eng begʻubor davri boʻlmish bolalik, yoshlikning goʻzal damlari, shirin xotiralari, zavqi, orzulari aks etgan hikoyalarni oʻqir ekansiz, bir zum boʻlsa-da, dunyo tashvishlarini unutasiz. Xayolan oʻsha begʻubor damlaringizga qaytasiz.

Kitobdan oʻrin olgan hikoyalar qahramonlari hayotning mayda-chuyda tashvishlariga oʻralashib qolishni istamaydi, oʻz “men”ini qidiradi, shunga talpinadi. Oʻz tuygʻularini oshkor ayta oladi, hech boʻlmasa orzularini amalga oshirishga urinib koʻradi.Tasvirdagi samimiyat, tiniqlik, latiflik oʻquvchiga ajib joziba baxsh etadi. Adib kishini tuygʻular olami tomon yetaklaydi, turfa xarakterli qahramonlarga duchor qiladi, ularning qalb kechinmalari bilan oshno etadi. “Bahor”, “Bahorni quvib”, “Shahardan odam keldi”, “Anoyining jaydari olmasi”, “Qor bosgan dovon”, “Bogʻbolalik Koʻkaldosh” kabi qator hikoyalarida inson ruhiy dunyosiga liro-romantik yondashuv asosida nigoh tashlanadi.

Adib ijodida “Anoyining jaydari olmasi” hikoyasi alohida ajralib turadi. Hikoyada eng yuksak tuygʻu – doʻstlik ulugʻlanadi. Hikoya qahramoni Ramazon tabiatidagi toʻgʻrilik, ochiqkoʻngillik, mehr va sadoqat samimiy tasvirlanadi. Hikoya qahramoni Ramazon anoyi, chapani, afandisimon obraz sifatida aks ettiriladi. U, yozuvchining, oʻz soʻzi bilan aytganda, “hayotni qanday boʻlsa shundayligicha qabul qiladi, shundayligicha tushunadi”. Shuning uchun uning xatti-harakatlari atrofdagilarga “gʻalati” tuyuladi. Uning ichki dunyosi qalb tugʻyonlari bilan hech kim hisoblashmaydi. Uning munosabatlarida soxtagarchilik yoʻq. Ramazon oʻz manfaati uchun hech kimga mulozamat, xushomad qilmaydi. Hatto oʻzi tanimagan kimsaga yaxshilik qilaman deb “jinoyat” kursisiga oʻtirsa ham, bundan hech afsuslanmaydi, birovning aybi uchun qamoq jazosini oʻtaydi. Shunda ham unda norozilik, tushkunlik kayfiyati sezilmaydi.

Ramazon obrazi bizga jahon adabiyotining atoqli vakillaridan biri ispan adibi Migel de Servantesning “Don Kixot sarguzashtlari” romani qahramoni Don Kixotni eslatib yuboradi. Don Kixot ezgulik yoʻlida kurashga otlanadi. Koʻp sarguzashtlarga duch keladi. Qilgan harakatlari uchun kulgiga qoladi, oʻlar holatda kaltaklanadi. U oʻz davrini, oʻz muhitini oʻzgartirmoqchi boʻladi. Toʻgʻri, uning xatti-harakatlari oxir-oqibat yomonliklar, kulfatlarga olib keladi. Lekin Don Kixotning maqsadi ezgulik ulashish. Bu yoʻlda u qiyinchiliklardan qoʻrqmaydi, oʻz yoʻlidan, maqsadidan qaytmaydi. Icpaniyalik mashhur yozuvchi Migel de Unamuno Cervantec yaratgan Don-Kixot obraziga taʼrif berib: “Agar dunyoda chang-toʻzon koʻtarilca, andisha, vijdon, ezgu-caxovat, gʻamxoʻrlik koʻkka covurilca, agar xudbinlik hicci nafconiyat koʻzni qamashtirca, jaholat girdobiga tushib qolgan odamlar shaxciy manfaat uchun bir-birining joniga qacd qilishga shay boʻlca Don-Kixotlarcha – tishni-tishga qoʻyib maʼnaviyatni, axloq-odobni, inconiy fazilatlarni caqlab qolishga, gʻalaba qozonishga, umid bilan barchacini himoya qilishga toʻgʻri keladi”, deb yozgan edi.

Shu nuqtayi nazaridan Erkin Aʼzam yaratgan Ramazon obraziga ham shu taʼrif toʻla mos keladi. Har ikkala obrazdagi bir maqsad ularni bir nuqtaga uygʻunlashtiradi.

Umuman olganda, kitobdagi hikoyalar qahramonlari bizga dunyoda ezgu insoniy tuygʻular borligini eslatib turadi.

Obid SHOFIYEV,
Termiz davlat universiteti dotsenti v.b.,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori

4 482
O'zA