Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.09.2017 19:02 Chop etish versiyasi

Uy-joyga muhtoj, imkoniyati cheklangan fuqarolarga yangilangan namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan uylar topshirildi

Uy-joyga muhtoj, imkoniyati cheklangan fuqarolarga yangilangan namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan uylar topshirildi Qoraqalpog‘iston Respublikasida uy-joyga muhtoj, imkoniyati cheklangan fuqarolarga Prezident sovg‘asi – yangilangan namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan uylarning kaliti tantanali ravishda topshirildi.

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlar xalqimizga xos mehr-oqibat, bag‘rikenglik fazilatlari, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi sifatida yurtdoshlarimizda bugunidan shukronalik va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini mustahkamlamoqda.

Prezidentimizning 2016-yil 21-oktabrdagi “2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi hamda 2016-yil 22-noyabrdagi "2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorlariga muvofiq bunyod etilayotgan zamonaviy turar joylar kam ta’minlangan va yosh oilalarga, yolg‘iz keksalar va nogironlarga imtiyozli ravishda berilmoqda.

Xo‘jayli tumani “Obod” massivida yangilangan loyiha asosida qurilgan bir qavatli 15 zamonaviy uy foydalanishga topshirildi. Ulardan biri II guruh nogironi O‘rinsha Kenjeboyevaga berildi. O‘rinshaga uy sharoitida ishlab, daromad topishi uchun so‘nggi rusumdagi tikuv mashinasi ham sovg‘a qilindi. Eshitish va gapirish imkoniyati cheklangan bu ayol o‘z uyiga ega bo‘lganidan behad xursand.

– Qizim bunday baxtga muyassar bo‘lganidan ko‘ngli shodlikka to‘ldi, – deydi uning onasi Sanjan Tabinboyeva. – Bir oilada 12 kishi siqilib yashayotgan edik. Qizim o‘g‘li bilan o‘z uyiga ega bo‘lganidan boshimiz ko‘kka yetdi. Muhtojlarga ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik uchun davlatimizdan minnatdormiz.

7 (2).jpg

Mo‘ynoq tumanida yashovchi Dilbar Bekmuratova ham yangilangan loyihadagi uylardan birining kalitini oldi. Qanliko‘l tumanida istiqomat qiluvchi I guruh nogironi To‘liboy Otamuratov va uning turmush o‘rtog‘i Oyimgul Rapatovaning ham quvonchi cheksiz. Amudaryo tumanidagi “Toshyop” ovul fuqarolar yig‘ini hududida bunyod etilgan turar joylarning kaliti I guruh nogironlari Davron Bozorboyev, Darmonjon Ibodullayeva, II guruh nogironi Yulduz Karimovaga topshirildi. Qo‘ng‘irot tumanidan Jaziyra Eshmuratova ham 3 xonali xonadon sohibi bo‘ldi.

Ellikqal’a tumani “Aqchako‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Oyjon Ayazova ipoteka krediti asosida boshlang‘ich badali Prezidentimiz tomonidan to‘lab berilgan uylardan biriga ko‘chib o‘tdi.

Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar barchaga xursandchilik bag‘ishlash bilan birga, ayniqsa, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj insonlarda hayotga qiziqishni oshirmoqda, ertangi kunga ishonchni mustahkamlamoqda. Yurtdoshlarimizni mamlakatimizda ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar, bunyodkorlik ishlarida yanada faol ishtirok etishga ruhlantirmoqda.

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA
818






Все о погоде - Pogoda.uz