Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.08.2017 14:29 Chop etish versiyasi

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimi yangiliklari

Prezidentimizning 2017-yil 18-apreldagi “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va uning tarkibida viloyatlar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlari tashkil etildi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik asosida ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish, ko‘p xonadonli uylarni saqlash qoidalariga rioya etilishini texnik nazorat qilish bo‘yicha samarali tizimni shakllantirish, aholiga sifatli kommunal xizmatlar ko‘rsatishni tubdan yaxshilashga qaratilgan mazkur farmon va davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Samarqand viloyatida ham vazirlikning uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Boshqarma boshlig‘i Rustam Sattorov yangi tuzilmaning maqsad va vazifalari, asosiy faoliyat yo‘nalishlari haqida O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

– Keyingi paytda kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi jiddiy islohotlarga muhtoj bo‘lib qolgan edi – deydi R.Sattorov. – Maqsad-vazifasi bir bo‘lgan kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari faoliyatida hamkorlik, birdamlik yo‘q edi. Natijada ta’minotda ko‘plab muammolar yuzaga kelib, iste’molchi va ta’minotchi munosabatlarida bir-birini tushunmaslik, huquq va majburiyatlarni bajarmaslik holatlari ko‘paydi. Bu, ayniqsa, ko‘pxonadonli uy-joy fondini boshqarish va undan foydalanishda yaqqol ko‘zga tashlanib, aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgan edi. Shu nuqtai nazardan, Prezidentimizning soha faoliyatini yangicha asosda tashkil etishga qaratilgan farmon va qarori o‘z vaqtida qabul qilingan hujjatlar bo‘ldi.

Yangi tashkil etilgan boshqarma va tuman, shaharlardagi bo‘limlarga 83 shtat birligi ajratildi. 14 tumanda bittadan bo‘lim boshlig‘i va mutaxassislar faoliyat ko‘rsatadi. Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida esa mutaxassislar besh nafardan iborat. Ushbu xodimlarning barchasi aynan uy-joy, kommunal soha mutaxassislari orasidan saralab olinmoqda.

Prezidentimizning farmon va qarorlari hamda Samarqand viloyati hokimining 2017-yil 4-iyuldagi “Viloyat uy-joy kommunal xizmati ko‘rsatish boshqarmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida boshqarmaning maqsad va vazifalari aniq belgilab berildi. Ya’ni viloyatda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatishda yagona davlat siyosatini yuritgan holda tarmoqlararo muvofiqlashtirish, uy-joy fondi, ichimlik va oqova suv, issiq suv va issiqlik energiyasi tizimlarini tubdan rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, uy-joy fondi va kommunal soha obyektlarini kuz-qish mavsumiga to‘laqonli tayyorlash, aholini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlashda tarmoqlararo muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.

Viloyat hokimining qarori bilan viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish kengashi ham tasdiqlandi. Kengash tarkibiga viloyat hokimligi vakillari, kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari rahbarlari, soha olimlari, bank xodimlari va mehnat faxriylari kiritildi. Yaqinda kengashning dastlabki yig‘ilishini o‘tkazib, ayni paytda oldimizda turgan vazifalar, xususan, ko‘p qavatli turar joylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, kommunal xizmat ko‘rsatish idoralari tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar belgilab olindi.

Bugungi kunda oldimizda turgan eng asosiy vazifalardan biri ko‘p qavatli uylarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash hisoblanadi. Chunki yillar davomida texnologiyalar va kommunikatsiya tarmoqlarining eskirgani, energiya sarfi va debitor qarzdorlikning oshib borayotgani xizmat ko‘rsatish sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Samarqand shahridagi mavjud 1024 ko‘p qavatli uyning hozircha faqat 55 tasi issiqlik olishga tayyor ekan.

Mazkur holat davlatimizning e’tiborida turibdi va bu muammoni bartaraf etish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xususan, 2018-2022-yillarda Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha obyektlarini issiqlik energiyasi bilan ta’minlash, issiqlik tizimlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish bo‘yicha texnik loyiha ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, shaharda 11 markaziy issiqlik uzatuvchi qozonxona, 26 lokal qozonxona modernizatsiya va rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, 49 kichik lokal qozonxona qurish, 146,5 kilometr issiqlik tarmog‘i, 853 ko‘p qavatli uylarning ichki issiqlik uzatish tarmog‘ini rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Bu ishlarga Jahon banki tomonidan 88,3 million dollar ajratilgan.

2018-yilda ushbu yo‘nalishdagi ishlar Kattaqo‘rg‘on shahri va Ingichka qo‘rg‘onida boshlanib, 80 dan ziyod qozonxona quriladi.

Bunday yirik loyihalar faqat issiqlik ta’minoti bo‘yicha amalga oshirilayotgani yo‘q. Jahon banki ko‘magida Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari suvoqova tizimini yaxshilash bo‘yicha loyiha, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya institutlari ishtirokida Qo‘shrabotda ichimlik suvini yaxshilash loyihasini amalga oshirish ishlari boshlangan.

Farmonga muvofiq, boshqarmamiz suv ta’minoti, kanalizatsiya, issiqlik ta’minoti obyektlarini barpo etish bo‘yicha buyurtmachi vazifasini ham bajarishi mumkin. Ehtiyoj mavjud hududlarda ko‘p qavatli arzon uy-joylar qurilishini ham yo‘lga qo‘yamiz. Bu aholiga uy-joy va kommunal xizmatlar ko‘rsatish borasida qulayliklar yaratishda katta imkoniyatlar tug‘diradi.

Yana bir jihatni alohida ta’kidlash kerak. Shu paytgacha har bir kommunal xizmat tashkilotida “Avariya dispetcherlik xizmati” mavjud edi. Biroq ular nomigagina ishlardi, xolos. Endi viloyat bo‘yicha “Yagona avariya-dispetcherlik va tiklash-ta’mirlash xizmati” faoliyati tashkil etilmoqda. Ya’ni har bir tashkilotdagi avariya xizmati qayta ko‘rikdan o‘tkazilib, modernizatsiya qilinadi. Texnik tayyorgarlik, mutaxassislar yetarliligi, tartib-intizom borasidagi masalalar joyida hal etiladi. Har bir tashkilotdagi avariya xizmatlari bevosita “Yagona avariya-dispetcherlik va tiklash-ta’mirlash xizmati” tomonidan boshqariladi. Aholiga qulay bo‘lishi uchun 4 raqamli portal ochish rejamiz bor. Har bir murojaat qat’iy nazoratga olinib, ijrosi ta’minlanadi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 178






Все о погоде - Pogoda.uz