Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.03.2017 10:22 Chop etish versiyasi

Ustuvor masalalar muhokamasiga bag‘ishlandi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi barcha sohalar qatori qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishni yangi bosqichga ko‘tardi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi tashabbusi bilan partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zbekiston Sudyalar assotsiatsiyasi hamda Advokatlar palatasi hamkorligida tashkil etilgan “Harakatlar strategiyasi – sud-huquq sohasi islohotlarining muhim omili” mavzuidagi davra suhbatida shular xususida so‘z bordi.

Partiya siyosiy kengashi raisi N.Umarov, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi raisi R.Ahmedov va boshqalar mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligiga erishish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini amaliyotga joriy etish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi.

Partiyadan saylangan deputatlarning “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shu bilan birga, barcha darajadagi hokimlarning, prokuratura va ichki ishlar organlarining aholi oldida hisobot berish tizimini joriy etishga doir yangi tahrirdagi qonun loyihalariga takliflar ishlab chiqishda faol ishtirok etishi belgilandi.

Tadbir yakunida Harakatlar strategiyasida sud-huquq tizimini isloh etishga qaratilgan vazifalarni hayotga tatbiq etish, ayniqsa, qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish borasida o‘zaro hamkorlikning aniq yo‘nalishlari belgilab olindi va tegishli taklif-tavsiyalar ishlab chiqildi.

Azima Qiyosova, O‘zA
433






Все о погоде - Pogoda.uz