Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2018 17:02 Chop etish versiyasi

Ustuvor vazifalar belgilab olindi

“Har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas bo‘lib, uning o‘tkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi”. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarni bajarishda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi tomonidan amalga oshirilgan ishlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ushbu da’vatlariga monand olib borildi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashining o‘tgan yil yakunlari va joriy yil rejalariga bag‘ishlangan XII plenumida ana shular haqida so‘z bordi.

– Davlatning birdan bir manbai bu – xalq. Shuning uchun o‘tgan yilda xalq bilan muloqot o‘rnatish, aholining muammolarini o‘rganib, ularga yechim topish, oddiy odamlarga amaliy ko‘mak berish yo‘lidan bordik, – deydi partiya viloyat kengashi raisi Mahmud Nazarov. – Kelgusida ham ana shu tamoyilga amal qilgan holda ko‘plab loyihalarni hayotga tatbiq qilishni maqsad qilganmiz.

2017-yilda O‘zMTDP Toshkent viloyati, shahar va tuman kengashlarida 1 ming 700 dan ziyod murojaat qayd etilgan. Ular orasida kommunal soha, bandlik masalasi va sog‘liqni saqlash tizimi bo‘yicha murojaatlar ko‘rsatkichi yuqori. O‘zMTDP guruhlari tomonidan amaldagi qonunlar, Prezidentimiz farmonlari va qarorlari, davlat dasturlari va hukumat qarorlari ijrosi bo‘yicha 492 deputatlik so‘rovi amalga oshirildi, ularning 324 tasi ijobiy hal etildi. 98 mansabdor shaxsning hisoboti tinglandi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalariga 28 tashabbus-masala olib chiqilib, qarorlar qabul qilindi. Biroq partiyadan xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlariga 78 deputat saylanganini hisobga olganda bu ko‘rsatkichlar yetarli darajada emasligi ta’kidlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasi, Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalarni hayotga tatbiq etishda partiya oldida o‘ta mas’uliyatli vazifalar turibdi. Joriy yilda mazkur vazifalarning ijrosini ta’minlash, elektorat manfaatlarini himoya qilish hamda saylovchilar ishonchini oqlash partiya faoliyatining eng ustuvor yo‘nalishi bo‘ladi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
3 131