O‘zA O`zbek

28.09.2019 Chop etish versiyasi

“Ustozlar – kasaba uyushmalari eʼzozida” respublika tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

“Ustozlar – kasaba uyushmalari eʼzozida” respublika tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomli Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan oʻtkazilgan “Ustozlar – kasaba uyushmalari eʼzozida” respublika tanlovi gʻoliblarini taqdirlashga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Unga katta ish tajribasiga ega pedagoglar, sohaga endigina kirib kelayotgan yosh muallimlar, taʼlim muassasalaridagi boshlangʻich kasaba uyushma tashkilotlari raislari va faollar taklif etildi.

Tadbirda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlarini taʼminlashga qaratilgani, bu jarayonda taʼlim sifati va mazmunini takomillashtirish, oʻqituvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoyalash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari tomonidan keyingi uch yil mobaynida taʼlim tizimini tubdan isloh etishga oid 6 ta farmon va qarorlar, Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori qabul qilindi. Ota-onalar va jamoatchilikning takliflari inobatga olinib, yurtimizda 11 yillik maktab taʼlim tizimi joriy etildi. Soʻnggi uch yilda 68 ta umumtaʼlim maktabi qurilib, foydalanishga topshirildi. 921 ta oʻquv maskani rekonstruksiya qilindi va 420 ta maktab kapital taʼmirdan chiqarildi. Bularning barchasi soha rivoji davlatimizning doimiy eʼtiborida ekanining amaliy namunasidir.

Oʻqituvchi va murabbiylarga hurmat va ehtirom koʻrsatish, ular ijtimoiy himoyasini kuchaytirish ishlariga munosib hissa qoʻshish maqsadida Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan ham tizimli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bugungi kunda Taʼlim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi 17 ming 981 ta boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotining qariyb 55 foizi umumtaʼlim maktablarida faoliyat koʻrsatmoqda. Mazkur muassasalarda kasaba uyushma qoʻmitalari va ish beruvchilar oʻrtasida imzolangan jamoa shartnomalari orqali oʻqituvchi va murabbiylarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat huquqlari himoyalanmoqda.

Prezidentimiz raisligida joriy yil 23-avgust kuni xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan “Ustozlar – kasaba uyushmalari eʼzozida“ respublika tanlovi oʻtkazildi.

Uch bosqichda oʻtkazilgan mazkur tanlovda umumtaʼlim maktablarida kamida 20 yillik pedagogik stajga ega boʻlgan va shu bilan birga, boshlangʻich kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi sifatida esa kamida 10 yildan buyon ishlab kelayotgan 1 ming 135 nafar oʻqituvchi qatnashdi. Tanlov yurtimizning olis hududlarida mehnat qilayotgan oʻqituvchi va murabbiylarni ham keng qamrab oldi. Ularning faoliyatini baholashda pedagoglarning yosh avlodga sifatli taʼlim-tarbiya berish, oʻgʻil-qizlarning maʼnaviy va intellektual dunyosini boyitish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, kasaba uyushmalari faoliyatini takomillashtirish, soha xodimlarining ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish yoʻnalishlarida olib borayotgan ishlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Taʼlim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi tuman (shahar) kengashlarida tuzilgan komissiya tomonidan tanlov ishtirokchilarining faoliyati oshkora va adolatli baholanib, yuqori natija koʻrsatgan nomzodlarning hujjatlari tanlovning ikkinchi bosqichiga oʻtkazildi.

Joriy yilning 16-19-sentyabr kunlari hududiy kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmalarida tashkil etilgan maxsus komissiyalar tomonidan nizom talablariga muvofiq saralangan nomzodlar, yaʼni har bir hududdan 3 nafardan, jami 42 nafar nomzod tanlovning respublika bosqichiga yoʻllanma oldi. 20-24-sentyabr kunlari esa tanlovning respublika bosqichi gʻoliblarini saralash jarayoni boʻlib oʻtdi. Unda har bir hududdan bittadan eng yuqori ball toʻplagan 14 nafar soha xodimi aniqlandi.

Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlab tashkil etilgan tantanali tadbirda dastlab taʼlim tizimida uzoq yillardan beri mehnat qilib, sohada yuqori natijalarga erishib kelayotgan fidoyi ustoz va murabbiylardan bir guruhiga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda dam olib, salomatligini mustahkamlashlari uchun yoʻllanmalar topshirildi.

Shundan soʻng oliy va xalq taʼlimi, maktabgacha taʼlim hamda ixtisoslashtirilgan maxsus taʼlim muassasalarida samarali mehnat qilib kelayotgan, sohani rivojlantirish hamda yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash bilan birga, kasaba uyushma ishini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshayotgan pedagoglar Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan taʼsis etilgan “Eng faol yosh oʻqituvchi“, “Innovatsion faol xodim“ va “Eng mahoratli oʻqituvchi“ nominatsiyalariga sazovor boʻldilar hamda noutbuklar bilan taqdirlandi.

Taʼkidlash joizki, “Eng faol yosh oʻqituvchi“ nominatsiyasi sohibi boʻlgan Toshkent davlat texnika universiteti qoshidagi akademik litseyining matematika oʻqituvchisi Jamshid Boʻronov oʻquvchilari oliy taʼlim maskaniga eng koʻp kirgan pedagog sifatida eʼtirof etildi.

“Innovatsion faol xodim“ nominatsiyasi sovrindori boʻlgan poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 560-sonli koʻp ixtisosli maxsus maktabgacha taʼlim muassasasi metodisti Feruza Karimova esa yangi pedagogik texnologiyalar, interfaol usullarni joriy etganligi va bir qator innovatsion tadqiqotlari bilan yuqori natijaga erishgan.

“Eng mahoratli oʻqituvchi“ nominatsiyasi sovrindori boʻlgan poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 527-maktabgacha taʼlim muassasasining jismoniy tarbiya yoʻriqchisi Aziza Yunusova sport sohasini rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi, shogirdlari yuzdan ortiq musobaqalarda gʻolib boʻlganligi bilan eʼtirof etildi.

Tadbir davomida taʼlim tizimida fidoyilik bilan boshqalarga namuna boʻlayotgan, soha rivojida oʻz salohiyatni namoyish etish bilan birga, kasaba uyushmalari ishlarida faollik koʻrsatayotgan, jamoa shartnomalari orqali taʼlim maskanlari xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini, mehnat huquqlarini munosib himoya qilishga hissa qoʻshayotgan fidoyi ustozlarning bir guruhi Kasaba uyushmalari federatsiyasining “Ehtirom nishoni“ bilan taqdirlandi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbari joriy yilning avgust oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi chogʻida Moʻynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, bu yerda yashayotgan aholini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, turmush darajasini oshirish yuzasidan jiddiy tashabbuslarni ilgari surgan edi. Bu boradagi vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tadbirda yosh avlodni maʼnaviy, jismoniy va intellektual yetuk insonlar etib tarbiyalashga hissa qoʻshayotgan hamda yozgi mavsumda bolalarni sogʻlomlashtirishga faol hissa qoʻshayotgan muassasa – “Oq kema” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohiga Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan “Damas” avtomashinasi topshirildi.

... Tantanali tadbirning “Ustozlar – kasaba uyushmalari eʼzozida” respublika tanlovi gʻolib va sovrindorlarini taqdirlashga bagʻishlangan qismi nihoyatda hayajonga boy boʻldi. Tanlovning gʻolib va sovrindorlariga diplom va qimmatbaho sovgʻalarni Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov topshirdi.

Birinchi oʻringa Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 1-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining oʻzbek tili va adabiyot fani oʻqituvchisi, mazkur maktabning boshlangʻich kasaba uyushma qoʻmitasi raisi Lobarxon Rustamova munosib topildi va unga “Spark” avtomobili hamda maxsus diplom topshirildi.

Ikkinchi oʻrin – Navoiy viloyati Konimex tumanidagi 2-umumiy oʻrta taʼlim maktabining matematika fani oʻqituvchisi, mazkur maktabning boshlangʻich kasaba uyushma qoʻmitasi raisi Nuriya Toʻraqulovaga nasib etdi hamda u Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan “Samsung” muzlatkichi va diplom bilan taqdirlandi. Uchinchi oʻringa Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi 69-umumiy oʻrta taʼlim maktabi boshlangʻich sinf oʻqituvchisi, mazkur maktabning boshlangʻich kasaba uyushma qoʻmitasi raisi Dilorom Toshmurodova sazovor boʻldi va “Samsung” kir yuvish mashinasi hamda maxsus diplomga ega boʻldi.

– Prezidentimiz tomonidan taʼlim tizimini tubdan isloh etish, oʻqituvchilarni ardoqlash va jamiyatdagi nufuzini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda, – dedi tanlov gʻolibi Lobarxon Rustamova. – Bunday eʼtibordan boshimiz osmonga yetib, oʻz ustimizda tinmay izlanmoqdamiz. Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan oʻtkazilgan “Ustozlar – kasaba uyushmalari eʼzozida” tanlovida gʻolib boʻlganim birgina mening emas, mehnat jamoamning ham gʻalabasi deb bilaman. Zero, jamoadagi sogʻlom muhit yanada samarali, astoydil mehnat qilishga undaydi.

Tantanali tadbirda sanʼat ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

2 147
Nazokat USMONOVA, Muhammad AMIN (surat), OʻzA