O‘zA O`zbek

28.09.2019 Chop etish versiyasi

Ustoz va murabbiylar taqdirlandi

Ustoz va murabbiylar taqdirlandi

Mamlakatimizda 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bayrami katta tantana bilan nishonlanadi. Shu munosabat bilan joylarda, barcha taʼlim muassasalarida bayram tadbirlari boʻlib oʻtmoqda.

Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 25-son bolalar musiqa va sanʼat maktabida “Sizga taʼzim, ustozlar!” deb nomlangan bayram tadbiri ham koʻtarinki ruhda nishonlandi.

Tadbirda xalq taʼlimi sohasida uzoq va samarali xizmat qilgan, sanʼat tanlovlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan pedagoglar, ustozlar xizmati eʼtirof etildi.

– Maktabimizda 40 dan ortiq malakali oʻqituvchi-murabbiy 310 oʻquvchiga 11 musiqa va sanʼat yoʻnalishida taʼlim berib keladi, – dedi 25-son bolalar musiqa va sanʼat maktabi direktori Xolida Xolmatova. – Oʻquvchilarimiz mamlakat va xalqaro miqyosdagi tanlovlarda faol qatnashib, sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritmoqda. Bu, albatta, yurtimizda musiqa va sanʼat yoʻnalishiga qaratilayotgan alohida eʼtibor mahsulidir.

Shu kabi bayram tadbiri Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 20-son bolalar musiqa va sanʼat maktabida ham boʻlib oʻtdi.

Tadbirda ustozlar shogirdlari bilan birgalikda kuy-qoʻshiqlar ijro etdi.

Faxriy ustozlar, faol oʻqituvchilar Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasining faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi.

1 556
Gulnoza BOBOYEVA, OʻzA muxbiri