O‘zA O`zbek

07.08.2018 15:57 Chop etish versiyasi

Ustoz-shogird an’anasini shakllantirish muhim vazifa

Ustoz-shogird an’anasini shakllantirish muhim vazifa
Ilgari “O‘zbekfilm” studiyasida dublyaj qilingan kino asarlar xorij mamlakatlarida yuqori baholangan bo‘lsa ham endilikda u moziyda qoldi.

Film qahramoniga ovoz bergan mahoratli, elimiz ardog‘idagi aktyorlardan Hamza Umarov, Obid Yunusov, Rimma Ahmedova, Hojiakbar Nurmatov va Oybarchin Bakirova kabi soha zahmatkashlarini yana ko‘p sanashimiz mumkin. Bugun ular ishini davom ettirayotgan Sanjar Sa’dullayev, Bekzod Muhammadkarimov va Dildora Rustamova kabi mahoratli ijodkorlarimiz bor. O‘sha paytlar sof dublyaj qilingan kinofilmlarimizda ovoz va shovqin, qahramonlar obrazi, dunyoqarashini aslidagidek ko‘rsatib berilar edi. Shuning uchun har gal bu filmlarni takror tomosha qilsak ham aslo zerikmaymiz.

Men dublyajni ikkilamchi mahsulot sifatida bilaman. Hozirgi xorij kinolarini ko‘pchilik tomoshabinlar asl holicha ko‘rishni yoqtiradi. O‘zbek tiliga o‘girilgan kino asarlarda ham qahramonlarning ovozi o‘z tilida eshitiladi. Bu kadr ortidagi sinxron tarjima hisoblanadi. Tomoshabin ham shunga o‘rganib qolmoqda. Hozirdan shu masalaga jiddiy qarab, sohaning an’anaviy maktablarini yana qaytadan shakllantirmasak bo‘lmaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 3 avgust kuni O‘zbekiston ijodkor ziyolilari bilan bo‘lgan uchrashuvda madaniyat, adabiyot va san’at sohasini rivojlantirish borasida davlatimiz tomonidan muhim chora-tadbirlar belgilanayotgani, jumladan, qator farmon va qarorlar loyihasi tayyorlanayotgani haqida alohida to‘xtalib o‘tgan edi. Davlatimiz rahbari tomonidan ana shu muhim hujjatlardan birinchisi 2017 yil 7 avgustda imzolandi. Bu “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror edi.

Unda kino san’atining rolini oshirish, “O‘zbekkino” Milliy agentligining faoliyatini takomillashtirish borasida muhim vazifalar belgilab berilgan. Jumladan, davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqarilgan filmlarni jahon bozoriga chiqarish va festivallarda namoyish etish uchun chet tillarga subtitrlashtirish va dublyaj qilish masalalariga ham alohida e’tibor qartilgan.

Prezidentimiz o‘sha uchrashuvda madaniyat sohalarida mavjud muammo va kamchiliklarning aksariyati malakali kadrlar yetishmasligi bilan bog‘liq ekani haqida aytgan edi. Yurtimizning atoqli san’atkori Komiljon Otaniyozovning faoliyati, uning ijodini davom ettirgan shogirdlari misolida yoshlarga “ustoz-shogird” an’anasi ahamiyatini ko‘rsatib berdi.

Ayni paytda diktorlar maktabini yaratish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Men bu sohada mutaxassis bo‘lmasamda, o‘tgan vaqt davomida avlodlar almashuvini kuzatib, o‘zgarishlarning guvohi bo‘ldim. Yaxshi ovozlar, jonli va adabiy uslubda gapiradigan soha mutaxassislari hozir sohaga juda kerak. Buni anchagina sabablar bilan izohlash mumkin. Ilgari, darhaqiqat, diktorlar maktabi mavjud bo‘lgan. Ayniqsa, televideniye deganda Galina Melnikova, Ra’no Jo‘rayeva, Abdumo‘min O‘tbosarov va Rahmatilla Mirzayev singari kasbiga sadoqatli ijodkorlar ko‘z oldimizga kelar edi.

Bugun ham ularning ijod yo‘lidan ketayotgan umidli yoshlar sohada xizmat qilib kelmoqda. Sohaga endi kirib kelayotgan yoshlarni tarbiyalashda hamisha ularning ish uslubini namuna sifatida ko‘rsatish, xalqaro andozalardan foydalanish davr talabidir.

Afzal Rafiqov,
O‘zbekiston xalq artisti

O‘zA
4 111