O‘zA O`zbek

28.09.2019 Chop etish versiyasi

Ustoz – olamga qalbi ochiq donishmand

Ustoz – olamga qalbi ochiq donishmand
1-oktyabr - Oʻqituvchilar va murabbiylar kuni

( Talʼat aka Solihov xotirasiga)

Fikrlamaydigan inson giyoh bitmaydigan shoʻrhok yer singari koʻzga botadi. Zero, tafakkur tirikchilikdan avval tiriklik demakdir. U – tunda ulkan oʻrmon qaʼrida adashib yurgan inson qoʻlidagi mayoq. Kishi gulxan vositasida umrining soʻnggiga qadar turli xavf-xatardan saqlanishi, yegulik pishirib yeyishi, nihoyat, yoʻl topib yurishi mumkin. Biroq mashʼala kishining oʻrmondan eson-omon chiqib olishiga toʻla kafolat bermaydi, berolmaydi. Chunki oʻrmon – chindan ham daraxtlar yigʻindisidan iborat joy emas, balki insonning qalbi, siru asrori, qismati boʻlib, bu yerda uning peshona yozugʻi ham ishtirok etadi.

Odamni bilmay turib olamni bilmoqchi boʻlgan olimning holiga voy! Dunyoni anglashdan keladigan zavq va hayrat inson koʻnglini tushunishdan tugʻiladigan shavqu hayajon oldida hech! Aslida, dunyoni bilish insonni bilishdan keladi. Inson boshqa birovga qarshi emas, balki oʻzi bilan oʻzi kurashish zarurligini anglab yetgan kundan eʼtiboran uning haqiqiy hayoti boshlanadi. Chunki koinotdagi eng ulugʻ janggoh – koʻngil. Boshqasi oʻzlikdan uzoqlashish, begonalashishdir.

Jarlik tomon shiddat bilan ketayotgan gʻofil olomonga mudhish halokatdan tinmay soʻzlab, yoʻldan zudlik bilan qaytishlari zarurligini uqtira-uqtira holdan toygan, biroq natija chiqavermagach, oʻzi ham ular bilan ketishga majbur boʻlgan, shunda-da haqiqatni lahza sayin qaytara-qaytara tubsizlik sari oyoq sudrab borayotgan donishmandga oʻxshataman men uni. Son-sanoqsiz yogʻiy qoʻshinlari qarshisida hadiksiz jilmayib turgan jangchi ham – u.

Aslida, ustoz – Talʼat aka Solihov oʻta hokisor inson boʻlib, birovning qarshisiga chiqib oshkora olishishdan yiroq bir zot edi. Biroq, ayni paytda, u jangchi ham edi-da! Talʼat akaning ilmu maʼrifati, ziyosi, tafakkuri va insoniy qiyofasi uning jang qurollari hisoblanardi. Jangoh – uning koʻngli, botini. Qarshisida turgan dushman esa – jaholat, kin, adovat, yovuzlik, qoloqlik, dangasalik, qoʻyingki, inson kamoloti yoʻlidagi jamiki illatlar.

Inson fitratida bir paytning oʻzida ham ezgulik, ham yovuzlik barobar yashaydi. Ular goʻyo bir narsaning ikki tomoniga oʻxshaydi. Adabiyotning ibtidosi ham shunda: adabiyot – inson koʻngliga ochilgan darcha. Ustoz butun umr ana shu darcha oldidan ketmagan, ketolmagan iztirob qullaridan edi. U adabiyotni “Olamga nisbatan olam yaratish” deb bilardi. Nazarimda, bu qarash insonning yaratuvchilik ishqi bilan bogʻliq. Tasavvufda kishi Ollohning sifatlarini qaytarib bergandagina komillikka erishadi, degan fikr bor. Yaratish bandaning ishi emas, balki Xoliqniki. Ammo yaralmish tabiatan baribir oʻz xojasiga ergashadi, uning vasflari ila bezanmoqchi boʻladi. “Olamga nisbatan olam yaratish” ham, ajabmaski, qaysidir maʼnoda Yaratganga taqlid boʻlsa. Lekin bu olamning quruq nusxasi emas, balki, ustoz aytmoqchi, modeli, olamning oʻzi emas, balki goʻyo xuddi oʻzi. Ustoz badiiy asar qahramonlarini hayot, xayolni esa reallik deb qabul qilar va ana shu voqelik kengliklarida, oʻz qahramonlari davrasida yashardi.

“Biz hali tuxumni yorib chiqmaganmiz. Biz oʻz qobigʻimiz ichidan chiqa olaylik” degan fikr ham ustozga tegishli. Bu, avvalo, umuman inson haqida, uning oʻzligi, oʻz fojiasini anglashi va uni yengib oʻtishi zarurligi haqida, qolaversa, millat, jumladan, oʻzbek millati toʻgʻrisida. Yoʻqsa, u “Oʻz nonimizdan bir burdasini berganga qulluq qiladigan xalq vakili boʻlishdan men or qilaman!” demasdi. Bilasizmi, aynan mana shunday fikrlarida u haqiqiy jangchiga aylanardi. Toʻgʻri-da, har bir zamonning oʻz jangi, oʻz jang usullari va oʻz jangchilari boʻladi. Bugun dunyoda aqllar jangi ketmoqda. Bu jangga sovut kiyib, nayza bilan kirib borish jangni u boshlanmasdan oldinoq boy berish bilan barobar. Qoʻlga qurol olmasdan masalani oʻzaro foydali hal qilish – bugungi jang talablaridan biridir. Shuning uchun ham ustoz tafakkur dangasaligidan bot-bot gap ochardi. “Bizning jismimiz emas, tafakkurimiz dangasa” der va yoshlarni fikrlashga undardi.

Har qanday inson emas, balki iztirob chekayotgan inson goʻzal. Chunki dard – poklovchi neʼmat. Azoblanarkan, kishi gunoh qilmaydi, qilolmaydi, aksincha, atrofni unutib oʻzi haqda jiddiy oʻylay boshlaydi. Bu – insonning oʻzligini anglash sari tashlagan ilk qutlugʻ qadami. Biroq dard yengillashgani sari odamlarning aksariyati oʻzi tomon tashlangan odimlarni birin-sirin tortib ola boshlaydi. Yanada ichkarilash uchun ularda koʻpincha matonat yetishmaydi.

Shu maʼnoda Talat aka men bilgan odamlar ichida eng matonatlisi edi, ehtimol. Axir, u butun umr oʻzi tomon sayohat qildi, bundan charchamadi, zerikmadi. Shuning uchun ham ustozning tashqi dunyo bilan, uning ashaddiy muxlislari bilan boʻlgan munosabati risoladagidek emasdi. Kim biladi deysiz, oʻzlik sari yetaklagan kuch ustozning tashqi olamdagi muvaffaqiyatsizliklari bilan bogʻliqdir. Har holda, foniy dunyoda oshigʻi olchi boʻlib, chinakam dardning nimaligini bilmagan, ruhiy ziddiyatlar ichida yashamagan, qiynalmagan kishidan inson maʼnaviyatiga daxldor biron joʻyali ish kutish mahol. Chunki moddiyat va maʼnaviyat misoli ikki qutb. Inson birdaniga ularning har ikkisi tomon yoʻnala olmaydi. Binobarin, yaxshi asar yozmoqchi boʻlgan yozuvchi bu oʻtkinchi dunyoning oʻzi bilan bogʻliq barcha tashvishlaridan uzilmogʻi shart. Hech qursa, asari bitguncha. Zero, bashariyatning sara farzandlari moddiy olam bilan hamisha urush holida yashaganlarining sababi ham, ajabmaski, shu yerda oʻz izohini topar. Meningcha, ustozning baxti ham, boshqalar nazdidagi “baxtsizlig”i ham uni oʻzligi, oʻz olami tomon boshlagan yoʻlda mujassam edi. Ha, Talʼat akaning bu dunyosi xuddi tashlab ketilgan hovli kabi gʻarib huvillardi.

–Ustoz, baxt oʻzi nima? – dedim kunlardan bir kun talaba yoshimga va qiziqishlarimga mos ravishda.

– Baxt, balki, oʻtkinchilikni tushunishdir, – deb javob bergandi ustoz.

Bu, maʼlum maʼnoda, insonning oʻz qudratiyu ojizligini belgilab olishi, demak. Chunki oʻz imkonlaridan kelib chiqib orzu qilgan odamgina behuda iztiroblardan forigʻ boʻlgʻusi. Yoʻqsa, nafsning oʻpqoni tubsiz, kishi chiqib boʻlmas darajada ichkarilab ketishi turgan gap. Oʻtkinchilikni tushunish, yana qaygʻu va shodlikdan bir pogʻona balandda turish yoki ularni goʻyo ikki farzanddek suyub bagʻirga bosishdir. U – tinimsiz ravishda qilingan tafakkur, kashfiyot, oʻtkinchilikni tushunish – talabalarning hayajondan nafaslari boʻgʻziga tiqilib bergan savollarga javoban ustozning bir burda yuzida zohir boʻlgan mayin tabassum. Nihoyat, oʻtkinchilikni tushunish – oʻlmay turib oʻlish, fano topish...

Inson – ruhiyat va moddiyat oʻzaro kuch sinaydigan maydon. Umr – olishish uchun belgilangan fursat. Makonu zamon doirasida kechgan ulugʻ muhorabadan qolgan esdaliklar esa qismat, xotira, tarix, adabiyot... Bu xuddi qishda tashqarining sovugʻi-yu, ichkarining issigʻi taʼsirida deraza koʻzlarida paydo boʻlgan ajoyib naqshga oʻxshaydi. Sovuq va issiqning kuchi qancha shiddatli boʻlsa, naqsh ham shuncha jimjimador, goʻzal chiqadi. Xuddi shunday, qaysi bir insonniki, qalbida maʼnaviy va moddiy kuchlar bellashuvi qancha keskin kechsa, uning koʻngli va tafakkur olami ham shuncha teranlashadi. Agar ul zot ijodkor boʻlsa, asarlari favqulodda munaqqash chiqadi. Talʼat akaning ozgʻin, nozik va hatto, aytish mumkinki, pachoqqina jussasini, serajin chehrasini, hokisor tabiatini, past ovozda aytilguvchi ravon, salmoqli soʻzlari qatidagi maʼnolarni unutib boʻlmaydi...

Nazarimda, ustozning bor-yoʻq quvonchi – oʻzining noyob tafakkuri va qalbi chigʻirigʻidan oʻtkazib tayyorlagan neʼmatlarini muxlislariga inʼom etish edi. Shuning uchun ham u har safar soʻzlarkan, muloyim koʻzlari tubidan otilib chiqquvchi ulkan tafakkur uchqunlarini koʻrardim. Ehtimolki, bu uchqunlar hozirgi kunda tun va oʻrmon zulmatgohida adashib-qoqinib yurgan gumroh – shogird-odamiyzod qoʻliga olishi zarur boʻlgan xaloskor mashʼaladan sachragandir...

Ulugʻbek Hamdam, yozuvchi

2 125
OʻzA