O‘zA O`zbek

24.08.2018 18:41 Chop etish versiyasi

Usmoniylar merosi

Usmoniylar merosi Istanbuldagi ijtimoiy oshxona 226 yildan beri muhtojlarga beminnatxizmat qilib keladi

Turkiyaning eng yirik tijorat va moliyaviy shahri Istanbulda Usmoniylar imperiyasi davridan beri saqlanib kelayotgan yagona jamoat oshxonasida kuniga 2 ming nafar qochoq, kam taʻminlangan va uysiz odamlar bepul ovqatlantiriladi.

Shaharning Ayub tumanidagi Mixrishoh Valida Sulton nomi bilan ataladigan oshxonaga 1792 yilda asos solingan boʻlib, mana 226 yildirki, beva-bechoralar va muhtojlarga oʻz eshiklarini ochib qoʻygan. Ushbu markaz shaharning tarixiy yodgorligi sifatida rasman tan olingan boʻlib, sulton Mustafo III ning rafiqasi Mixrishoh Valida Sultonning farmoyishiga koʻra qurilgan. Turkiyaga safarimizda bizga hamrohlik qilgan mahalliy vakilning aytishicha, taom har kuni ertalab 10 dan tongi 4 gacha tarqatiladi. Buyurtma asosida taomni uyga ham eltib berishadi. Ayni shu oshxona deyarli 300 nafarga yaqin suriyalik qochoqni ham kundalik yegulik bilan taʻminlash vazifasini oʻz zimmasiga olgan.

Mahalliy aholining qurbonlik goʻshtidan ehson qilishi markaz ishini osonlashtiradi. Bepul oshxona xizmatidan foydalanmoqchi boʻlganlar ariza bilan murojaat qilishlari kerak boʻladi. Tekshiruvdan keyin ular hayriya yordamini oluvchilar roʻyhatiga tirkalishi mumkin. Muhtojlar koʻpincha oshxonaga oʻz idishlari bilan kelib yegulikni uylariga olib ketishadi, istasa, shu joyning oʻzida oʻtirib ovqatlanish ham mumkin.

Tan olish kerak, mamlakat Usmoniylar boshqaruvi davrida hayriya muassasalari soni koʻp boʻlgan, ularning bari davlatning ijtimoiy siyosatida muhim oʻrin tutgan.Bepul yemakxonalarni odatda davlat arboblari, vazir va sultonlar ochishgan.

Saljuqiylar va Usmoniylar davrida bunday oshxonalar beva bechoralar, musofirlar va talabalarni boqqan.Ularning ayrimlarida tunashning ham imkoni boʻlgan.

Ayrim maʻlumotlarda aytilishicha, Istambuldagi jamoat oshxonalari mijozlari soni XVIII asr oxiriga borib 30 ming kishiga yetgan. Bunday yirik hayriya yemakxonalari Ayyo Sofiya, Boyazit, Fotih, Sulaymoniya, Nuruusmoniya, Lalili, Ayub va Uskyudar masjidlari huzurida ham faoliyat koʻrsatgan. Hozirga kelib Ayubdagi markazdan boshqalari allaqachon yopilib ketgan.

Mana shunday oshxonalardan yana bir namunalisi sulton Sulaymonning rafiqasi Xurram Sulton buyrugʻiga koʻra Quddusi Sharifda ochilgan markaz hisoblanadi.

Oshxonalardan tashqari koʻp yillar mobaynida jamiyatga qashshoqlarga moʻjallangan boshpanalar savob keltirgan. Masalan, Istanbulning Oqmaydon mavzesida bir bogʻning ichida bir vaqtning oʻzida masjid, sinagog va cherkov ishlagan. 1895 yilda qurilgan bu boshpana homiylik va ehson hisobiga faoliyat olib borgan. Masjid, sinagog va cherkovyonma-yon joylashgan maskanni men yaqinda Nyu-Yorkda koʻrdim. Ibodatxonalar atrofida joylashgan koʻp qavatli uyda yashovchi aholining farzandlari xuddi bir ota-onaning farzandlaridek oʻynab yurishgani diniy bagʻrikenglikning dalolatidir.

Ayni paytda AQSHda ijtimoiy oshxona markazlari faoliyat koʻrsatayotganini taʻkidlash joiz. Bunday maskanlar AQSHning hapr bir shtati va har bir aholi maskanlarida faoliyat koʻrsatadi. 2009 yili bir guruh jurnalistlar ijtimoiy himoya markazlarida boshpanasiz va qashshoq fuqarolarga xizmat koʻrsatgan edik. Bepul taom suyuq shoʻrva yoki qattiq non emas, balki odatiy yemakxonada beriladigan taomlardan iborat. Birinchi va ikkinchi taom, salat va mevalar aralashmasi. Shubhasiz, ijtimoiy markazlarga yordamkoʻrsatadigan tadbirkorlik subyektlari soliq imtiyozlariga ega. Biz ham bagʻrikeng, sahovatpesha xalqmiz. Koʻpincha, Osh deb ataydigan aqiqa, ehson, beshik, nikohkabi ajoyib marosimlarimiz bor.Ushbu marosimlarga koʻproq beva-bechoralarni, yetim yesir va nochorlarni taklif qilsak, sahovatimiz va savobimiz yanada ziyoda boʻladi.

Abduvali Soyibnazarov

2 366