O‘zA O`zbek

16.02.2018 16:53 Chop etish versiyasi

Uskunaga yashirilgan qurol

Namangan shahrida yashovchi A.Adashboyev ertalabdan o‘zi ishlaydigan korxonaga kelib, tosh maydalagich uskunani yurgizishdan oldin uning soz-nosozligini ko‘zdan kechira boshladi. Uskunaning ilg‘ash qiyin bo‘lgan oralig‘ida turgan miltiqqa nogahon ko‘zi tushdi. Topilma "IJK" rusumli ov miltig‘i bo‘lib, yonida 7,62 millimetr kalibrli 5 dona o‘qi ham bor edi.

Qiziqish bilan ov qurolini avval uyiga olib ketgan A.Adashboyev ma’lum vaqt o‘tgach, chuqur fikr-mulohaza yuritib, nihoyat to‘g‘ri qarorga keldi: “Birinchidan ovchi bo‘lmasam, undan keyin miltiq o‘zimniki emas va undan foydalanishga maxsus ruxsatnomam ham yo‘q, uni uyimda saqlash qonunga xilof, qolaversa, bunaqa qurolni uyda saqlash oilamdagilar uchun ham xavfli, eng to‘g‘ri yo‘l miltiqni tegishli joyga topshirishdir...”

Shunday qilib, u shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, ov qurolini o‘z ixtiyori bilan topshirdi.

–Fuqarolar tomonidan o‘qotar qurol va o‘q-dori vositalari noqonuniy saqlanishining oldini olish borasida izchil olib borilayotgan targ‘ibot va profilaktika tadbirlari kutilgan samarani bermoqda, – deydi Namangan shahar ichki ishlar bo‘limi inspektori D.G‘oziyev. – Noqonuniy saqlanayotgan qurollarni o‘z ixtiyori bilan olib kelib topshirgan shaxs tegishli tartibda javobgarlikdan ozod etilayotgani odamlarni bu borada to‘g‘ri yo‘l tutishga undamoqda. Bunga amal qilgan A.Adashboyev ham jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
6 308