O‘zA O`zbek

15.08.2018 19:29 Chop etish versiyasi

Ushbu tadbir MDH mamlakatlarining sohadagi hamkorligini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega

Ushbu tadbir MDH mamlakatlarining sohadagi hamkorligini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega Poytaxtimizda Geodeziya, kartografiya, kadastr va Yerni masofadan turib zondlash bo‘yicha davlatlararo kengashining 40-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston, Rossiya, Moldova, Ozarbayjon, Armaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston davlatlari vakillari ishtirok etgan sessiyada MDH mamlakatlarining geodeziya, kartografiya, kadastr va Yerni masofadan turib zondlash bo‘yicha davlat organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlari va kelgusi rejalar, hamkorlik istiqbollari, shuningdek, soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalari sarhisob qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari B.Tojiyev, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi A.Abdullayev, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari A.Smagulov va boshqalar sohada istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish hamda salohiyatli kadrlar tayyorlash bugunning muhim talabi ekanini qayd etdi.

Geodeziya, kartografiya, kadastr va Yerni masofadan turib zondlash bo‘yicha davlatlararo kengashi MDH ishtirokchi davlatlarining 1992 yil 9 oktyabrda Bishkek shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda imzolangan geodeziya, kartografiya, kadastr va Yerni masofadan turib zondlash sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq tashkil etilgan.

– O‘zbekiston 1992 yildan buyon mazkur davlatlararo kengash a’zosi hisoblanadi, – dedi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Ixtiyor Ergashev. – Bugungi sessiyada ko‘rib chiqilayotgan masalalar biz uchun muhim va unda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va Tojikiston davlatlari o‘rtasida geodeziya, kartografiya, kadastr va Yerni masofadan turib zondlash sohasida hamkorlik kelishuvlari tayyorlanmoqda.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda MDH davlatlarida yerdan oqilona va samarali foydalanishni tashkil etish, sohada munosabatlarni kompleks tartibga solish muhim masalaga aylanmoqda. Bunda, avvalo, yer resurslaridan oqilona foydalanish, yerlarni saqlash va muhofaza qilish, tuproq unumdorligini oshirish, geodeziya va kartografiya faoliyati samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha davlat dasturlarini ishlab chiqish, shu jumladan, hududlarni aerokosmik suratga olish, topografiya-geodeziya, kartografiya, tuproqshunoslik, geobotanikaga oid va boshqa izlanishlar hamda tadqiqotlar, Yerni masofadan zondlash, geodinamik tadqiqotlarni amalga oshirish zarurdir.

– Bugungi sessiyada MDH mamlakatlarining geodeziya, kartografiya, kadastr va Yerni masofadan turib zondlash sohasida yigirma olti yil mobaynida bajarilgan ishlar haqida ma’lumotlar berishga imkon yaratildi, – dedi Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari, Davlat ro‘yxatga olish, kadastr va kartografiya federal xizmati rahbari Viktoriya Abramchenko. – Sessiya ishida bir qator vazifalar qatorida kadrlar tayyorlash va ilmiy ishlar masalalari ham ko‘rib chiqildi. O‘ylaymanki, ushbu tadbir MDH mamlakatlarining sohadagi hamkorligini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.

Tadbirda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, tizimli ravishda kadrlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirishni ta’minlash masalalari bo‘yicha fikrlar bildirildi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
2 447