Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.04.2018 10:28 Chop etish versiyasi

"Urush, noming o‘chsin olamda" deganida shoir qanchalar haq edi

Ikkinchi jahon urushi yillari... 17-18 yoshlardagi Hamid Vohidov ham minglab o‘zbek o‘g‘lonlari safida urushga jo‘natildi...

Oradan yillar o‘tdi. Davrlar o‘zgardi. Tuzum almashdi. Ming shukrki, ota-bobolarimiz, onalarimiz, momolarimiz orzusi ushaldi, Vatanimiz mustaqil bo‘ldi!

– Bir insonning boshidan o‘tkazganlari, ko‘rgan-kechirganlari shuncha bo‘lar-da, qizim, – deydi 94 yoshni qarshilagan poytaxtlik Hamid bobo.

Nigohlarga yashiringan sirlar, qalbdagi hislar, yoshlik orzulari, birinchi muhabbat, urush yillari, ko‘rsatgan qahramonliklar... haqida uning o‘zidan so‘ray deymanu, goh o‘tkir, goh o‘ychan qarashlari qarshisida jur’atsizlanaman. Boboning purhikmat so‘zlaridan anglaganim shu bo‘ldiki, tinchlik – bebaho ne’mat. Tinchlikni avaylab-asrash, qadriga yetish darkor. Tinchlik bo‘lmagan yurtda huzur-halovat, xotirjamlik bo‘lmaydi.

– Nasibam bor ekan, Yaratganga shukrlar bo‘lsin, qarilik yillarim yaxshi zamonga to‘g‘ri keldi, – deydi bobo ovozini dadillatib. – Qadr topdim, e’zozlanyapman. "Oxirini bersin", degan gap bor xalqimizda. Uning ma’nosi juda keng. Biz, urush faxriylarini rag‘batlantirish maqsadida Prezidentimizning hujjatlari qabul qilinibdi, qizim. Ana buni davr desa bo‘ladi, buni tinchlik desa bo‘ladi, buni rivojlanish desa bo‘ladi. Keksalarni hurmat qilgan kam bo‘lmaydi, elda obro‘ topadi. Ilohim, bizga bir berganlarga ming bo‘lib qaytsin. Umri ziyoda bo‘lsin! Elimiz tinch, yurtimiz obod bo‘lsin. Biz ko‘rgan og‘ir zamonlarni hech kim ko‘rmasin. Endi u davrlarning o‘tmishligi rost bo‘lsin.

Hamid bobo yoshlik xotiralarini eslagisi, ular haqida gapirgisi kelmadi. Harchand unutishga harakat qilsa-da, xotirasiga muhrlanib qolgan tasvirlar unga tinchlik bermaydi, urushda ko‘rgan-kechirganlari xayolida yarq etib jonlanaveradi. Oila a’zolarining boboni ko‘pam savolga tutmasligim haqidagi iltimoslari boisini tushundim...

Boboni ko‘pam urintirgim kelmadi. Duolarini oldimda, ruxsat so‘rab, sekingina xayrlashdim. Ularning esa menga aytar so‘zlari ko‘p edi. Qarilik ko‘nglidagilarining barchasini ham ifodalashga yo‘l qo‘ymadi. Lekin kerakli gaplarni aytishga o‘zida kuch topdi: kattalarga, katta ishlarni amalga oshirayotganlarga ergashing, yordam bering. Birlashgan o‘zadi, bolam! Yoshlik bir pasda o‘tib ketadi. Yurakda o‘t bor pallada ishlab qoling, yaxshi nom qozoning.

Yurtboshimizning joriy yil 16 apreldagi "Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi farmoni hamda "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori Hamid bobo singari ko‘plab urush faxriylarining ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi. Muhimi ham shu aslida. Ko‘ngil olish, duo olish, keksalarni ziyorat qilish – savob.

Hujjatlarda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga besh million so‘m miqdorida bir yo‘la pul mukofoti berilishi, yolg‘iz va kam ta’minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joyi va uy xo‘jaliklarini ta’mirlash, obodonlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi belgilangan. Urush faxriylarining istaklarini inobatga olgan holda mamlakatimiz va mamlakatimiz tashqarisidagi sanatoriyalarga bepul dam olishlarini tashkil qilish, albatta, xayrli ishdir.

Hamid boboning uyidan qaytarkanman, u kishing "Ilohim, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘laversin, Vatanimiz gullab-yashnayversin, xalqimizning dasturxoni hamisha to‘kin bo‘lsin!" degan duolari xayolimdan ketmasdi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
2 268