O‘zA O`zbek

01.05.2020 Chop etish versiyasi

Urush hech kimni ayamagan...

Urush hech kimni ayamagan...
Gʻalabaning 75 yilligiga

9-may – Gʻalaba kuni el-yurtimizning asl farzandlari besh yil davomida mardona jang qilib, yovuz dushmanni tor-mor etgan, mislsiz talafotlar evaziga erishgan shon-sharaf ayyomidir.

Sh.Mirziyoyev

Moziyga nazar tashlasak, unda xalqimiz qozongan koʻplab muvaffaqiyatlarga guvoh boʻlishimiz mumkin. Forslarning eng buyuk hukmdorini qatl qilgan Toʻmaris gʻalabasi, Doro lashkarini sarson qilgan Shiroq jasorati, Aleksandr Makedonskiyni tang holga solgan Soʻgʻdning pahlavon yigitlari zafari, gʻayridin Qoraxitoylarning bosqinlariga chek qoʻygan, moʻgʻullar isyoniga gʻolibona qarshilik koʻrsatgan Xorazmshohlarning baland koʻtarilgan zafar tugʻlari, butun islom olamini salibchilar va moʻgʻullarning qabohatidan saqlab qolgan Xorazmshohlar avlodi – Misr hukmdori Sayfiddin Qutuz hamda Sohibqironning ellarga tinchlik va hamjihatlik baxsh etgan muzaffar yurishlari... Bu roʻyxatni yana davom ettirish mumkin.

Mutaxassislar tomonidan insoniyat tarixida soʻnggi 5 ming yil mobaynida 15 mingga yaqin katta-kichik urushlar boʻlgani aytiladi. Bu urushlarda gʻolib yoki magʻlub boʻlganlar oʻzlari uchun tegishli xulosalar chiqara olganmi? degan haqli savol tugʻiladi.

Yuqorida biz sanab oʻtgan ajdodlarimiz tomonidan erishilgan gʻalabalar haqida tafakkur qilsak, bobokalonlarimizning bu zafarlari hanuzgacha qalbimizda gʻurur, Vatanni sevish, unga jon fido qilish kabi muqaddas tuygʻularning joʻsh urishida asosiy maʼnaviy manbaa boʻlib kelmoqda.

Yaqinlashib kelayotgan 9-may – Xotira va qadrlash kuni ham tariximizning ajralmas boʻlagi, ajdodlarimizning ulkan zafari sifatida alohida eʼtibor bilan nishonlaniladi. Xoʻsh, ushbu bayramni keng miqyosda nishonlash qanchalik muhim?

Sir emaski, oʻtgan asrda insoniyat ikkita shafqatsiz urush guvohi boʻldi. Birinchi jahon urushiga 70 milliondan ortiq odam safarbar qilinib, ularning 10 millioni olamdan oʻtgan. Ikkinchi jahon urushida 110 million odam ishtirok etib, 70 millionga yaqin odam halok boʻldi. Bu raqamlarning oʻzi ham ushbu urushlar koʻlamining qanchalar keng boʻlganligini koʻrsatib turibdi. Insoniyat boshiga tushgan bu ulkan musibat bizni ham chetlab oʻtmadi, otalarimiz, onalarimiz urushning achchiq taʼmidan tatib koʻrishga majbur boʻldilar. Aniqroq aytadigan boʻlsak, basharning bu koʻrgiligini jim kuzatish emas, mardonavor yengishni oʻz burchi deb bildi xalqimiz. Keling, urushning yurtimiz taqdiriga qanday taʼsir qilganini raqamlarda koʻrib chiqsak.

Aslida, 1939-yil boshlangan Ikkinchi jahon urushining quyuni 1941-yil yoziga kelib yurtimizga ham bostirib keldi. Oʻsha paytda respublikamizda istiqomat qiladigan olti yarim million aholining bir yarim millioni jang maydonlariga safarbar etildi. Bu umumiy aholining 22 foizini, qishloq xoʻjaligiga asoslagan yurtimizdagi mehnatga yaroqli aholining 40-42 foizi edi. Qurol koʻtarib, urushga yoʻl olgan har uchta hamyurtimizdan bittasi tabarruk jonini qurbon qilgan boʻlsa, 133 mingga yaqin asl oʻgʻlonlarimizning muborak jasadlari yot yerlarda qolib ketdi. Oltmish mingdan ortiq mard oʻgʻlonlar umrlarining oxirigacha urush qoldirgan nogironlik muhrini oʻz vujudlarida olib yurishga mahkum boʻldi. Bombalardan olisda boʻlsa ham qoraxatlar gumburi vayron qilmagan xonadon qolmadi Vatanimizda.

Yoʻq, xalqimizni bu kulfatlar buka olmadi, mardonavor bobolarimiz-u momolarimiz xoh frontning qaynoq nuqtalarida boʻlsin, xoh front ortidagi mashaqqatli mehnat jabhalarida boʻlsin, boshni tik tutib, qayta va qayta yangi marralarni zabt etaverdi. Jang qilayotgan farzandlari, otalari, aka-ukasi, vafodor yori uchun mamlakatda qolgan barcha, yosh-u qari, ayol-u erkak qoʻlni-qoʻlga berib, tinimsiz va zahmatli mehnat qildilar.

Urushning toʻrt yili davomida xalqimiz front uchun 4 million 806 ming tonna paxta, 1 million 66 ming tonna gʻalla, 195 ming tonna sholi, 1 million 593 ming tonna goʻsht yetkazib berdi. Yurtimizdan front uchun olib ketilgan qishloq xoʻjaligi, yengil sanoat, metallurgiya mahsulotlarini sanab adogʻiga yetish, uning qiymatini oʻlchash nihoyatda mushkul ish. Taʼkidlash lozimki, buning uchun xalqimiz dalada, zavod va fabrikalarda qanchalik zahmatli mehnat qilgan va bu frontlarda jang qilayotgan askarlarning mashaqqatidan kam boʻlmagan.

Mehnatsevar xalqimizning gardanida mamlakatda qolgan 4 million aholining ehtiyoji bilan birga frontlarda jang qilayotgan bir necha oʻn million askar va zobitlarning ham tashvishi turardi. Matonat timsoli sanalgan ajdodlarimiz bunday ogʻir kunlarda nafaqat bu ikki muammoni hamjihat bartaraf etdi, balki, qurshovga olingan shaharlardan koʻchirilgan 1 million aholini oʻzining qaynoq bagʻriga qabul qildi, yarimta nonini baham koʻrdi. Ularning 200 minggi yetim qolgan bolalar edi. Bu bolalar yurtimizda oila baxtini qayta topdilar.

Aslini olganda urush davrida yurtimiz ahlining koʻrsatgan umuminsoniy jasorati hamda saxovati cheksiz va bebahodir.

Keling, yuqoridagi fikrimizni davom etsak. Tariximiz koʻrgan zafarlar ichida Ikkinchi jahon urushida erishilgan gʻalabaning ahamiyati bu urushga qoʻshgan hissamizdek cheksiz va bebahodir, nazarimizda. Ammo biz uchun bu urush va gʻalaba tinchlikning, mehnatning ulkan neʼmat ekanini anglatgan unutilmas saboqdir.

Aytib oʻtganimizdek, oʻtmishimizda biz erishgan gʻalabalar bisyor, ularning barchasini oʻrganishimiz, ibratidan, tarixning buyuk hikmatidan bahramand boʻlishimiz zarur. Ayniqsa, soʻnggi oylarda butun dunyoni oʻz domiga tortgan koronavirus pandemiyasi munosabati bilan yurtimizda eʼlon qilingan karantin ham mazmun-mohiyati bilan yangi asrning xalqlar tinchligi va hotirjamligiga soya solayotgan ofati singari yurtdoshlarimizni ulugʻ bir “jang”ga chorlaydi. Bu “jang”da gʻalaba qozonishda xalqimizni birlashtiruvchi, muvaffaqiyatimizni taʼminlovchi asosiy omil ajdodlarimiz yaratgan tarixiy merosdir.

Bekzod ABDIRAIMOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Xorazm viloyati boʻlimi rahbari

2 460
OʻzA