O‘zA O`zbek

17.12.2019 Chop etish versiyasi

Urgutga yangi avtobuslar keltirildi

Urgutga yangi avtobuslar keltirildi

O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligining matbuot xizmatidan xabar qilishlaricha, Urgut tumani qishloqlaridan tuman markazi yoki boshqa shaharlarga borib-kelish uchun yo‘lovchilarga qulay sharoitlar yaratish maqsadida “Avtotrans Urgut” davlat unitar korxonasi tashkil etildi va avtobuslar sotib olindi.

Qayd etish kerakki, Urgut tumani Samarqand viloyatining aholisi eng ko‘p bo‘lgan tumanlaridan biri bo‘lib, shu kunga qadar birorta ham yo‘nalishda avtobus qatnovi mavjud bo‘lmagan. Bu yo‘lovchilarning manzillariga yetib olishlarida qator muammolarni keltirib chiqarayotgan edi.

Tuman aholisi bilan bir necha marotaba tashkil etilgan sayyor qabullar davomida bildirilgan takliflar va murojaatlar asosida yangi yo‘nalishlarda avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yish rejasi ishlab chiqildi. Aynan ushbu rejaga muvofiq “Avtotrans Urgut” davlat unitar korxonasi tashkil etildi va 60 dona ISUZU rusumli avtobus sotib olindi.

Xarid qilingan yangi 60 dona avtobus Urgut tumani aholisi uchun xizmat ko‘rsatadigan 17 ta yo‘nalishlarga 2020 yilning yanvar oyidan e’tiboran bosqichma-bosqich joylashtiriladi. Shundan, yangi tashkil etiladigan 5 ta yo‘nalish Urgut tumani markazini bevosita Samarqand shahri bilan bog‘laydi. “Urgut shahri-Siyob ABB”, “Urgut ABB-Bahrin-Siyob ABB”, “Urgut ABB-Sovg‘on-Taroqli-Siyob ABB” kabilar shular sirasidandir.

Samarqand viloyatida aholiga ko‘rsatilayotgan avtotransport xizmatlari sifatini oshirish, yo‘lovchilarni o‘z vaqtida manzillariga yetkazib qo‘yish borasida joriy yilda bir qator ishlar amalga oshirildi. 2019 yilning o‘tgan davrida viloyatda 10 yangi avtobus yo‘nalishlari, shundan 1 ta shahar, 8 ta shahar atrofi va 1 ta shaharlararo avtobus yo‘nalishlari ochildi.

Urgut va Nurobod tumanlarida yangi avtostansiya qurilib, foydalanishga topshirildi. Joriy yilda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar 130 dan ortiq avtobus sotib oldi. Shahar va tumanlarda Transport vazirligi 30 ta oraliq bekat qurdi.

1 964
O‘zA