O‘zA O`zbek

11.01.2019 17:10 Chop etish versiyasi

Urgutda gaz plita va elektr duxovka ishlab chiqarilmoq

Urgutda gaz plita va elektr duxovka ishlab chiqarilmoq

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat boshlagan “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi “Ideal Elektro lyuks” korxonasi elektr duxovka, gaz va elektr plitalar ishlab chiqarmoqda. Joriy yilda 4 million dollarlik maishiy texnika vositalarini xorijga eksport qilishi rejalashtirilgan.

“Ideal Elektro lyuks” korxonasi hozirga qadar Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan boʻlib, loyihaning dastlabki natijalari samarali amalga oshirilayotgan edi. Shu bois ishlab chiqarish tarmogʻini kengaytirish va eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishga zarurat paydo boʻldi.

Shu maqsadda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida eksportga moʻljallangan, “oʻzbek” milliy brendi ostida yuqori sifatli mahsulotlar tayyorlash va jahon bozoriga olib chiqishga ixtisoslashgan ikkinchi korxona 2018 yilning dekabr oyi oxirida ishga tushdi.

Loyihaning umumiy qiymati 2 million dollar boʻlib, korxona yiliga 60 ming dona elektr duxovka va gaz plitalari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarning 30 foizini eksportga yoʻnaltirish moʻljallanmoqda. Korxonada yaratilgan 120 ta yangi ish oʻrnining aksariyatini kasb-hunar kollejlarini bitirgan yosh mutaxassislar band etdi.

– Turkiya va Xitoydan keltirib oʻrnatilgan zamonaviy va yuqori sifatli texnik uskunalar yordamida hozircha gaz plita va elektr duxovkalar ishlab chiqarilmoqda, – deydi korxona rahbari Sohib Azimov. – Mahsulotga hozirdanoq talab yuqori. Jumladan, 2019 yil davomida 4 million dollar qiymatidagi mahsulotni xorijga eksport qilish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, ishlab chiqarish tarmogʻi ham kengaytiriladi.

Xorijning eng zamonaviy texnologik liniyalari bilan jihozlangan korxonada bugun loyihaning keyingi bosqichini hayotga tatbiq etish ustida ish olib borilayapti. Bu import oʻrnini bosuvchi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni bir necha barobar oshirish, ichki bozorni arzon va yuqori sifatli maishiy texnika vositalari bilan toʻldirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

OʻzA
541