O‘zA O`zbek

29.05.2020 Chop etish versiyasi

Urganchda tezkor kommunal xizmati yoʻlga qoʻyildi

Urganchda tezkor kommunal xizmati yoʻlga qoʻyildi

Xorazm viloyati Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmasi huzuridagi “Taʼmirlash-tiklash xizmati” Davlat unitar korxonasiga ikkita avtomashina berildi.

Kommunal xizmat koʻrsatish sohasi xalqimizning turmush darajasini oshirish, aholining kundalik ehtiyojlarini qondirish, ular uchun qulay yashash sharoitini yaratishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu soha mutaxassislarining fidokorona mehnati tufayli aholiga toza ichimlik suvi va issiqlik energiyasi yetkazib berilmoqda. Shahar va tumanlardagi koʻp kvartirali uy-joylar obod boʻlmoqda, yillar davomida aholini qiynab kelayotgan muammolar izchillik bilan hal qilinmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri oʻrinbosari Nazirjon Nazirov vazirlik jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan xarid qilingan 2 ta Damas avtomobilini Xorazm viloyati uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmasi huzuridagi “Taʼmirlash-tiklash xizmati” Davlat unitar korxonasiga topshirdi.

Endilikda korxona mutaxassislari Urganch shahri boʻylab ushbu transport vositasida koʻp xonadonli uylarda yashovchi aholiga turli yoʻnalishlarda maishiy texnikalarni oʻrnatish va taʼmirlash, santexnik, elektrik va boshqa xizmatlarni taklif etish imkoniyatiga ega boʻldi.

–Aholiga kommunal xizmatlar koʻrsatish tizimining moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, – deydi viloyat uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmasi huzuridagi “Taʼmirlash-tiklash xizmati” DUK rahbari Sanjar Qilichev. – Bu boradagi ishlarni yana-da jadallashtirish aholiga tezkor kommunal xizmat koʻrsatish maqsadida ushbu avtomobillarning har birida ikkitadan mutaxassis aholi xizmatida boʻladi. Ushbu xizmatdan foydalanish uchun fuqarolarimiz “1184” – qisqa raqamiga qoʻngʻiroqni amalga oshirib, manzil va yuzaga kelgan muammo haqida xabar qilsalar bas. Mutaxassislarimiz zudlik bilan yetib borishadi hamda muammo qisqa fursatda bartaraf etiladi. Joriy yil yakuniga borib ushbu xizmatga yana ikkita avtomabil qoʻshiladi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, sohani rivojlantirishga qaratilgan shu kabi muhim vazifalar bilan bir qatorda pandemiya bilan bogʻliq bu sinovli kunlarda aholi xonadonlariga va tibbiyot muassasalariga, ayniqsa, maxsus karantin obyektlariga uzluksiz toza ichimlik suvini yetkazib berish, koʻp kvartirali uy-joylarni issiq suv bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratiladi.

Uylar va unga tutash hududlarni dezinfeksiyalash tadbirlarini muntazam ravishda amalga oshirish uchun suv va issiqlik taʼminoti tashkilotlari, barcha dispetcherlik va avariya xizmatlari kuchaytirilgan ish rejimida faoliyatini davom ettiradi.

773
Ahmadjon SHOKIROV, OʻzA