O‘zA O`zbek

12.02.2020 Chop etish versiyasi

Urganch tuman prokurori: noqonuniy qurilishlar mahalla fuqarolar yigʻini raislari tomonidan qurilgani achinarli hol

Urganch tuman prokurori: noqonuniy qurilishlar mahalla fuqarolar yigʻini raislari tomonidan qurilgani achinarli hol

Mamlakatimizda yer maydonlaridan samarali va oqilona foydalanishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Soʻnggi uch yilda bu sohani isloh qilishga oid 30 dan ortiq qonun hujjati qabul qilindi. Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun byudjetdan ajratilayotgan mablagʻlar hajmi yildan-yilga ortib bormoqda.

Biroq ayrim fuqarolarimiz tomonidan berilgan imkoniyatlardan notoʻgʻri foydalanib, qonunlarimizni pisand qilmay yer maydonlarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish holatlari ham uchramoqda.

Urganch tuman hokimligida tuman prokuraturasi va tegishli tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilgan tadbir shu masalaga bagʻishlandi. Unda qishloq xoʻjaligi, ayniqsa, sugʻoriladigan ekin yerlarining ajratilishi va foydalanilishi ahvoli hamda sohada qonuniylikni taʼminlashga doir masalalar muhokama qilindi.

Tuman prokurori Dilshod Madirimov Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-iyuldagi “Oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni aniqlash hamda bartaraf etish (buzib tashlash)ni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori talablaridan kelib chiqqan holda komissiya tarkibi va mahalla fuqarolar yigʻini raislariga hududlardagi oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat deb topish uchun ushbu yer maydoni tuman hokimining qaroriga asosan belgilangan tartibda ajratib berilganligi, uy-joy qurilishi uchun tuman qurilish boʻlimi bilan kelishilganligi va loyiha hujjatlarining mavjudligi, ushbu qurilishlar shaharsozlik norma va qoidalariga muvofiq qurilganligiga oydinlik kiritish lozimligini tushuntirdi.

Yerga talab keskin ortib borayotgan hozirgi davr, zaxiraga olingan har qarich maydonni uning haqiqiy egasiga topshirishni talab etadi. Yigʻilishda zaxiraga olingan yer maydonlarini ajratishning ochiq va shaffof tizimi hanuzgacha yoʻlga qoʻyilmaganligi, bu esa turli suiisteʼmolchiliklarga, ekin maydonlarining egasiz qolib, hatto yoʻqotilishiga olib kelayotganligi aniq misollar bilan koʻrsatildi.

– Qaror talabi boʻyicha vakolatli organ fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi bilan hamkorlikda ishlashi, noqonuniy qurilishlarni aniqlashi va bartaraf etishi hamda nazorat qilishi lozim. Biroq olib borilgan oʻrganishlarda noqonuniy qurilishlar aynan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari rahbarlari tomonidan amalga oshirilgani aniqlandi. Bu achinarli xol, – deydi Urganch tuman prokurori Dilshod Madirimov. – Xususan, tumandagi Qipchoq, Bogʻdorchi, Chakka koʻli va Mevazor mahalla fuqarolar yigʻini raislari ekin yer maydonlarini oʻzboshimchalik bilan oʻrab olib, ular tomonidan turli xil hajmda jami 1 gektar maydonda noqonuniy qurilishlar amalga oshirilgan, oʻz navbatida Mahalla jamoat fondi tuman boʻlimi boshligʻi bu holatlarni bartaraf etish yoki mahalla fuqarolar yigʻinlari ishlarini muvofiqlashtirish choralarini koʻrmagan.

Tuman markaziga yaqin masofada joylashgan aholiga qoʻshimcha tomorqa sifatida ajratib berilgan yer maydonida “Mevazor” mahalla fuqarolar yigʻini raisi A.Axmedov 5 ming kv.metr ekin yer maydonini oʻzboshimchalik bilan oʻrab olinib, noqonuniy qurilish qilganligi maʼlum boʻldi.

Tuman prokurori va komissiya aʼzolari tomonidan A.Axmedovga qaror talablari va uning oqibatlari tushuntirilganidan keyin, ushbu noqonuniy qurilma ixtiyoriy ravishda bartaraf qilinib, 5000 kv.metr ekin yer maydoni oldingi holatiga qaytarilishi taʼminlandi.

Shuningdek, “Chakka koʻl” mahallasi hududida fuqaro Qurbonov Atajon oʻziga yengil tipdagi issiqxona qurilishi uchun ajratib berilgan 1 gektar yer maydonida qurilishga ruxsat olmasdan 1,3 gektar yer maydoni oʻzboshimchalik bilan oʻrib olgan.

Aholi soni tobora oshib boradigan, yer maydonlari hajmi esa cheklangan bugungi sharoitda, bu sohadagi korrupsiya, tizimli kamchilik va qonun buzilishlarni bartaraf etish, ona zaminimiz yer maydonlarini asrab-avaylab kelajak avlodlarga yetkazish oʻta muhimdir. Zero, har qarich yer – davlatning, demakki, xalqimizning bebaho boyligi, undan noqonuniy, oʻzboshimchalik bilan foydalanishga hech kimning haqqi yoʻq. Maxsus komissiyaning nazorat tadbirlari davom etmoqda.

1 391
Ahmadjon SHOKIROV, OʻzA