O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Urbanizatsiya darajasi boʻyicha mamlakatimizning jahonda tutgan oʻrni qanday?

Urbanizatsiya darajasi boʻyicha mamlakatimizning jahonda tutgan oʻrni qanday?

Birlashgan Millatlar tashkiloti xalqaro reyting koʻrsatkichiga koʻra, Oʻzbekiston 2018 yilda urbanizatsiya darajasi boʻyicha 233 mamlakat orasida 155-oʻrinni egalladi.

Mamlakatimizda shaharlarni rivojlantirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun Oʻzbekiston aholisining 50,6 foizi shaharlarda yashaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Press-xollida Iqtisodiyot va sanoat hamda Qurilish vazirliklari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, barqaror rivojlanishning urbanizatsiya jarayonini faollashtirish maqsadida davlatimiz rahbarining 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida alohida vazifalar belgilangan. Jumladan, mamlakatda urbanizatsiya darajasini 2030 yilgacha 60 foizga yetkazish vazifasi qoʻyilgan.

Prezidentimizning 2019 yil 10 yanvardagi “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Urbanizatsiya agentligi tashkil qilindi. Mazkur agentlik mamlakatimizda urbanizatsiyani tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi tashkilotdir.

Matbuot anjumanida urbanizatsiya jarayonini faollashtirishga doir belgilangan chora-tadbirlar haqida aytildi.

1 592
Mohigul QOSIMOVA, OʻzA