O‘zA O`zbek

07.08.2018 20:17 Chop etish versiyasi

Unutilmas uchrashuv

Uni ko‘pchilik Anor muallim deydi. Asarlarini kitobxonlar sevib mutolaa qiladi. O‘zbekistonYozuvchilar uyushmasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazilayotgan “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida Ozarbayjon Yozuvchilar birligi raisi, taniqli adib Anor muallim bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida universitet hududidagi Nizomiy Ganjaviy haykali poyiga gul qo‘yildi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Ozarbayjon Yozuvchilar birligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Anor – taniqli ozarbayjon shoiri Rasul Rizo va shoira Nigor Rafibeylining o‘g‘li bo‘lib, ota-onasining ajoyib kutubxonasi, oilada hukm surgan adabiy muhit ta’sirida ulg‘aygan. Otasi o‘g‘lining o‘z yo‘li bo‘lishini istagani uchun Anorga yuridik, tibbiy yoki muhandislik yo‘nalishida ta’lim olishni maslahat beradi, yozuvchilik esa mana shu obro‘li kasblardan birini egallagandan keyin shug‘ullansa bo‘ladigan bir mashg‘ulot bo‘lib qolgani ma’qul, deya ta’kidlagan. Lekin Anor o‘z yo‘lini Ozarbayjon davlat universitetining filologiya fakultetida o‘qishdan boshlashga qaror qildi.

KeyinMoskvadagi Oliy ssenariy va Oliy rejissyorlik kurslarida ta’lim oladi. Anorning adabiyotdagi yo‘li 1960 yilda turli hikoyalar, esse va publitsistikalar e’lon qilishdan, Aleksandr Blok, Sergey Yesenin, Vladimir Mayakovskiy she’rlarini ozarbayjon tiliga tarjima qilishdan boshlangan. “Muloqot” nomlibirinchi qissasi esa 1976 yilda e’lon qilingan.

Anor ssenariylari bo‘yicha Ozarbayjonda o‘n ikkita film suratga olingan. Anor muallimning “Dantening yubileyi”, “Men, Sen, U va telefon”, “Oteldagi xona” qissalari, “Besh qavatli uyning oltinchi qavati” nomli romani, ayniqsa, mashhur. O‘zbek kitobxonlari uning “Men, Sen, U va telefon” qissasini, “Besh qavatli uyning oltinchi qavati” romanini yaxshi bilishadi. Anor, shuningdek, “Qo‘rqut bobomning kitobi” nomli o‘g‘uz qahramonlik eposini nasriy qissa shaklida chop qildirgan.

Ozarbayjonda ziyoli kishilarning ismiga hurmat yuzasidan muallim degan unvon qo‘shib aytiladi. Unga murojaat qilish zarur bo‘lganda esa “hurmatli muallim” deyishadi.

– O‘zbekistonda tashkil etilgan bunday xalqaro konferensiyada qatnashayotganimdan behad mamnunman, – deydi Anor muallim. – Ertalab Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘tkazilgan anjumanda qatnashdik. Hozir esa Nizomiy Ganjaviy haykali poyiga gullar qo‘ydik. Bularning bari adabiyotimizdagi mushtaraklikdan darak beradi. Xalqaro konferensiyada ijodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash borasida belgilanayotgan ishlar o‘z amaliy natijasini topishiga ishonaman.

Tadbirda “Onajonim – she’riyat” adabiy to‘garagi a’zolari tomonidan ozarbayjon mumtoz she’riyatidan namunalar o‘qildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
3 860