O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Unda xalqimizning asriy orzu-umidlari, milliy qadriyatlari mujassam

Unda xalqimizning asriy orzu-umidlari, milliy qadriyatlari mujassam

Bilasiz, har bir insonni taʼriflaganda uning oʻziga xos sifatlari alohida keltirib oʻtiladi. Tashqi koʻrinishi, feʼl-atvoridagi biz bilgan jihatlar haqida soʻzlaymiz. Bir millat haqida soʻz ketganda-chi? Albatta madaniyati, aholisining yashash tarzi xususida bilganlarimizni nutq etamiz. Yana bir shunday timsol borki, u oʻsha mamlakatning yuzi, orzu umidlarini aks ettiradi. Bu – davlat ramzlaridir.

Yer yuzida ikki yuzdan ortiq davlat bor va albatta, har biri oʻz ramzlari – milliy timsollariga ega. Davlat bayrogʻi, gerbi va madhiyasi shular jumlasidandir. Har birida oʻziga xos uslub, ayricha mazmun va rang jilolanadi. Davlat ramzlari xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Quvonarlisi, ular bilan yonma-yon turadigan Oʻzbekiston Respublikasi davlat ramzlari hech kimdan kam emasligimiz va kam boʻlmasligimizni koʻrsatib turadi. Ularda xalqimizning asriy orzu umidlari, milliy qadriyatlari mujassam.

Ana shunday orzu umidlar aks ettirilgan Davlat gerbi Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi qonuni bilan tasdiqlangan. Mana 28 yildirki, har bir oʻzbek farzandining koʻnglidagi ulugʻ iftixor sifatida qadrlanib kelmoqda.

Yurtimning goʻzal jamolini oʻzida aks ettirgan gerbimda togʻlar, daryolar, moʻl hosil ramzi boʻlgan bugʻdoy boshoqlari, chanoqlari ochilgan gʻoʻza shoxlaridan iborat chambarga oʻralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi. Yuqori qismida Respublika hurligining ramzi sifatida sakkiz burchak tasvirlangan boʻlib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Gerbning markazida himmat, olijanoblik va fidoyilik timsoli boʻlgan afsonaviy Humo qushi qanotlarini yozib turibdi. Ushbu ramz va timsollar xalqimizning tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yoʻlidagi orzu-umidlarini ifodalaydi. Gerbning pastki qismida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida “Oʼzbekiston” deb yozib qoʻyilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli koʻrinishida: Humo qushi va daryolar — kumush rangida; quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va “Oʼzbekiston” yozuvi — oltin rangida; gʻoʻza shoxlari va barglari, togʻlar va vodiy — yashil rangda; chanoqlardagi paxta — oq rangda; lenta — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda; sakkiz burchak — oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda; yarim oy va yulduzlar — oq rangida tasvirlangan. Bu tasvirlar xalqimizning asrlar davomida orzu qilgan gʻururi, shaʼni, qadr-qimmati, irodasini ifodalovchi sifatida namoyon boʻlgan. Ajdodlarimizning orzu-armoni, xalqimizning buguni, oʻlmas xotirasi, iymon-eʼtiqodi, kelajakka boʻlgan komil ishonchi jilolanadi.

Asrlardan gʻolib, yillardan magʻrur,
Ulugʻ yoʻl bagʻrida ungan gʻurursan.
Dumaloq dunyoda adl turolgan,
“Oʻzbekiston” degan oltin muhrsan.

Oʻzing tegrasida qizargan oftob,
Sen xalqim koʻnglida ochilgan paxta.
Yuragida nishlab tursa boshogʻi,
Humoning bagʻrida mujassam baxti.

Navqiron yillarning nafasi uzra,
Togʻlaru bogʻlarda tebransa beshik.
Har yon taralganda baxtning nafasi,
Ulugʻ manzillarga ochibsan eshik.

Dunyoga oʻrgatgan baxtli yashashni
Zamin kiprigiga ingan mehrsan.
Jahon peshtoqida navqiron imzo —
“Oʻzbekiston” degan oltin muhrsan.

Dilfuza MAHKAMOVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassisi

1 239
O'zA