O‘zA O`zbek

17.08.2019 Chop etish versiyasi

Umumxalq hashari yuqori saviyada oʻtkazilmoqda

Umumxalq hashari yuqori saviyada oʻtkazilmoqda

Mamlakatimizda Mustaqillik bayrami munosabati bilan tashkil etilgan umumxalq xayriya hashari koʻtarinki ruhda oʻtmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-avgustdagi tegishli farmoyishiga asosan 17-18-avgust kunlari mamlakatimiz miqyosida umumxalq xayriya hashari hamda obodonlashtirish va tozalik oyligi oʻtkazilmoqda.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi axborot xizmati tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, 17-avgust kuni oʻtkazilgan umumxalq xayriya hasharining dastlabki kunining birinchi yarmida 10 ming 154 gektardan ortiq maydonlar obodonlashtirildi va tozalandi. 20 ming 526 tonnaga yaqin chiqindilar chiqarib tashlandi. 10 ming 759 kilometrga yaqin uzunlikdagi ariq va lotoklar tozalandi.

5 mingga yaqin qabristonlar va 400 ga yaqin ziyoratgohlar obodonlashtirilib, tartibga keltirildi. 3 million 500 mingdan ortiq daraxtlar oqlanib, ularga shakl berildi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun 5 mingdan ziyod texnika vositalari jalb etildi.

Shuningdek, hashar kuni aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga beminnat muruvvat yordamlari koʻrsatish boʻyicha quyidagi tadbirlarni amalga oshirildi. Xususan, 5 mingga yaqin kam taʼminlangan oilalarning 156 ming metr kvadratdan ziyod uy-joylar hashar yoʻli bilan taʼmirlandi. 5 ming 600 dan ziyod ehtiyojmand oilalarga, shundan 2 mingga yaqin nogironligi boʻlgan va yolgʻiz qariyalarning holidan xabar olinib, ularga moddiy yordamlar koʻrsatildi.

Mazkur xayriya tadbirlari orqali 1 milliard 448 million soʻmdan ortiq, shundan 50 million soʻmga yaqin mablagʻ “Mahalla” fondi hisobidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga beminnat muruvvat yordamlari koʻrsatishga sarflandi.

Shuningdek, hashar kuni mahallalarda 61 ta savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari, jumladan, 50 ta maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari - savdo doʻkoni, goʻzallik saloni, sartaroshxona, dorixona, toʻyxona, tibbiyot markazi, barkamol avlod markazi, maktabgacha taʼlim muassasalari va boshqalar, 2 ta ishlab chiqarish sexi, 7 ta mahalla fuqarolar yigʻini binosi, 2 ta bolalar sport maydonchasi foydalanishga topshirildi.

Joriy yilning 17-avgust kunning birinchi yarmida umumxalq xayriya hasharida 6 million nafarga yaqin fuqarolar, shundan 3 million 400 nafardan ziyod yoshlar ishtirok etdi. Farmoyishga muvofiq respublikamizning barcha hududlarida avgust oyida obodonlashtirish va tozalash ishlari davom ettiriladi.

1 592
N.USMONOVA, OʻzA