Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.03.2018 06:08 Chop etish versiyasi

Umumxalq hashari boshlandi

Umumxalq hashari boshlandi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 23-fevraldagi "2018 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarori asosida asl milliy bayramimiz Navro‘z ayyomini munosib kutib olish va nishonlashga alohida hozirlik ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-martdagi farmoyishiga binoan shu yilning mart-aprel oylarida mamlakatimizning barcha hududlarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi, 18-19-mart kunlari umumxalq xayriya hashari o‘tkazilishi belgilangan.

4.JPG

Hashar – xalqimizning azaliy an’analaridan bo‘lib, umumjamoaviy masalalarni hal qilish, ya’ni, mahalla-ko‘yning ozodaligini ta’minlash, qariyalar, yordamga muhtojlar, bemorlarning holidan xabar olib turish, beva-bechoralarga yordam ko‘rsatish, yetimlarning boshini silash kabi xayrli ezgu amallarni o‘zida ifoda etadi. Bu galgi umumxalq hasharining gashti, fayzi o‘zgacha. Zero, xalqimiz Navro‘z – umummilliy bayram, sharqona yangi yilni ko‘tarinki, a’lo kayfiyatda kutib olish va nishonlashga alohida tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Mamlakatimizning barcha hududlari, qishloqlar, mahallalar, tashkilot va muassasalarda ko‘tarinki ruhda o‘tayotir. Erta tongdan barcha hamjihatlikda obodonlik ishlariga kirishdi

Hashar kunlari 44 ming gektarga yaqin maydonni obodonlashtirish va tozalash, 27 ming kilometrga yaqin uzunlikdagi ariq va lotoklarni tozalash, 8 mingdan ortiq qabriston, 760 dan ziyod ziyoratgoh va qadamjolarni obodonlashtirish, tartibga keltirish, 18 millionga yaqin daraxtni oqlash va ularga shakl berish, shu bilan birga, 12 millionga yaqin manzarali, 10 milliondan ortiq mevali ko‘chat, 14 milliondan ortiq gul ko‘chati o‘tqazish rejalashtirilgan.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga beminnat muruvvat yordamlari ko‘rsatish bo‘yicha qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Kam ta’minlangan oilaning uy-joylarini hashar yo‘li bilan ta’mirlash va tartibga keltirish, ehtiyojmand oila, nogiron va yolg‘iz qariyalar, urush va mehnat fronti faxriylari holidan xabar olish, ularga moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Hashar kunlari o‘z ish joyida mehnat faoliyatini davom ettirgan har bir korxona, muassasa, tashkilotlar xodimlari ham umumxalq xayriya hashariga o‘z ulushini qo‘shmoqda.

– Mahallamizda umumxalq xayriya hashari ahillik, hamjihatlik bilan o‘tmoqda, – deydi Bektemir tumanidagi “Iqbol” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Tursunboy Chulanov. – Hashar doirasida ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar atrofi, ariq-zovurlar, bolalar o‘yin maydonchalari tozalanmoqda. Daraxtlar oqlanib, turli mevali va manzarali daraxt va gul ko‘chatlarini ekilmoqda. Bu xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizda Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat, tabiat, atrof-muhitga bo‘lgan ezgu munosabatini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Mahalladoshlar bilan hasharni ko‘ngildagidek o‘tkazib, Navro‘z umumxalq bayramini munosib kutib olmoqchimiz.

Bayram Aytmurodov, Otabek Mirsaotov (surat), O‘zA
4 169