O‘zA O`zbek

23.04.2019 20:11 Chop etish versiyasi

Umra safari 1,3 million soʻmga arzonlashtirildi

Umra safari 1,3 million soʻmga arzonlashtirildi

Yurtimizda soʻngi yillarda barcha sohalar qatori maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy-diniy sohalarga, xususan, moʻmin-musulmonlar Umra, Haj ziyoratlarini ado etishlari uchun qulay sharoitlar hozirlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 

Misol uchun, 2016 yilda mamlakatimizda 5200 kishi muqaddas Haj amallarini ado etib kelgan boʻlsa, 2017 yildan boshlab 7200 nafar fuqarolarimiz islom dinining muqaddas arkonlaridan birini ado etish imkoniga ega boʻldilar. 

Ilgari Umra ziyoratiga fuqarolarimiz cheklangan kvota asosida yuborilgan boʻlsa, oʻtgan yildan eʼtiboran fuqarolarimizning yil davomida kvotasiz Umra ziyoratiga yuborish imkoniyati yaratildi. 

Moʻmin musulmon borki, Haj ibodatini ado etishni orzu qiladi. Ammo hammaning ham bunga qurbi yetavermaydi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning shaxsiy tashabbuslariga asosan fuqarolarimizga Haj va Umra safari mobaynida koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini yanada oshirish, sarf-xarajatlarni arzonlashtirish maqsadida maxsus ishchi guruhi tashkil etilib, Saudiya Arabistonidagi shirkatlar bilan muzokaralar olib borildi. 

2018 yilda fuqarolarimiz uchun Haj ziyoratini amalga oshirish xarajatlari 38 million soʻmni tashkil etgan edi. 2019 yildan Saudiya Arabistonida barcha xizmatlarga 5 foizlik qoʻshilgan qiymat soligʻi va mehmonxonalarga 2,5 foizlik soliq kiritildi. Shunga koʻra bu yil haj ziyorati sarf-xarajatlari taxminan 42-43 million soʻm boʻlishi kutilayotgan edi. 

Davlatimiz rahbarining irodalari va saʼy-harakatlari natijasida joriy yildan fuqarolarimiz haj safari xarajatlari 33,3 million soʻmgacha tushirildi, yaʼniy haj ibodatini amalga oshirishni 10 million soʻmga arzonlashtirishga erishildi. “Haj-2019” mavsumidan soʻng umra safari 1,3 millionga arzonlashtirildi. Shuningdek, “Haj-2018” toʻlovidan ortgan 926,5 ming soʻm miqdoridagi mablagʻ har bir ziyoratchiga qaytirib berildi. 

Bularning barchasi mamlakatimizda fuqarolar manfaatlarini koʻzlab amalga oshirilayotgan xalqparvar siyosatning, ezgu ishlarning yana bir yorqin amaliy ifodasi boʻldi. 

Din ishlari boʻyicha qoʻmita matbuot xizmati.

OʻzA
845