O‘zA O`zbek

06.08.2018 18:08 Chop etish versiyasi

Umidlarni tiklagan yettinchi yil

Umidlarni tiklagan yettinchi yil Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, ulug‘ sarkarda Aleksandr Makedonskiy (Makedoniyalik Iskandar) tarixiy yurishlari oldidan barcha boyliklarini odamlarga tarqatib, berib yuboradi. Shunda do‘stlaridan biri:

– O‘zingga ham biror narsa qoldirdingmi? – deb so‘raydi.

– Ha, – qat’iy javob qaytaradi u. – Men o‘zimga umidlarimni qoldirdim!

Makedoniya taxti navqiron sohibining bu favqulodda javobi do‘stlarining ham qalbini hayajonga soladi, ular ham hukmdorga ergashib boyliklarini xalqqa tarqatayotib:

– Umidlarimizni o‘zimizda qoldirdik! – deya xitob qilishadi.

Mana shu g‘urur va iftixor tuyg‘ulariga yo‘g‘rilgan umidlar tufayli Aleksandrning nomi tarixda abadul abad muhrlanib, uning shiddatli yurishlari haqida dunyo xalqlari turfa afsona-yu asotirlar to‘qishlariga sabab bo‘ldi. Tarixiy ma’lumotlar esa qudratli Doroning hisobsiz boyliklariga qaramasdan unga taslim bo‘lganini tasdiqlaydi. Negaki, o‘z ideallarini amalga oshirish uchun hayotini ot ustida o‘tkazgan Aleksandr Makedonskiy ma’naviy jihatdan Dorodan bir necha barobar ustun edi! U o‘z tutqunining nechog‘li hashamatli hayot kechirganini ko‘rib hayratdan yoqa tutamlaydi.

Mavlono Jaloliddin Rumiyning “Har qanday muyassariyatda mahrumiyat, har qanday mahrumiyatda muyassariyat mavjuddir”, degan o‘lmas so‘zlari tabiat va jamiyat hodisalaridagi mutanosiblik bilan birga, Ulug‘ shaxslar qismatidagi mushtarakliklarni ham namoyon etadi.

O‘zbek zaminida asrlar bo‘yi orzu qilib kelingan mustaqillik, ozodlik yigirmanchi asrning so‘ngi o‘n yilligi boshida amalga oshib, avvallari xayolga keltirish mumkin bo‘lmagan qadriyatlar yana bo‘y ko‘rsatdi. Ijtimoiy hayotning boshqa sohalarida bo‘lgani kabi til, urf-udumlar, buyuk ajdodlarga munosabat, milliy qadriyatlar, ma’naviy jabhalarda tub burilishlar sodir etildi. Ayniqsa, muqaddas Islom diniga munosabat, xalqimizning imon-e’tiqodi yana yuz ochdi. Birinchi Prezident Islom Karimov, har qanday o‘zgarishlarning ildizi avvalo inson ongida kechishi kerakligini qayta-qayta ta’kidladi. Illatlar, zanglar xavfi yo‘qolmasligi sababi shunda –ongdagi qoloqlikda edi. Bu o‘z kuchini ko‘rsatdi. Jamiyat mexanizmining murvatchalarida, ko‘z ilg‘amas qatlamlarida shu tufayli “og‘riqli nuqtalar” ildiz otdi. Oddiy xalqning orzu-umidlari ko‘hna razolatning o‘zgarmas zaminlarida chiridi. Prezidentimizning “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan prinsining o‘ziyoq mana shu murvatcha-nuqtalar ustidagi pardani ko‘tarib yubordi. Xalq tuyqusdan hushyor tortib, o‘z orzu-umidlarini, bu hayotda bir marta yashashini eslab qoldi. Albatta, tarixiy voqelik silsilasida oftob ko‘rmagan yelkalarga orttirilgan yukni birdaniga uloqtirib tashlashning iloji va imkoni bo‘lmasa-da, mustaqilligimizning 27 yilligi arafasida o‘zbek xalqi o‘z umidlarini mustahkamlab olishga erishdi. Barcha narsaga chidashi mumkin bo‘lgan xalq haqsizlikka hech qachon chiday olmasligi yana namoyon bo‘ldi. O‘n, yigirma yillar mobaynida shu zaminda yashab fuqarolik pasportiga ega bo‘lmaganlar ko‘zyoshlarida bu haqiqat yana yuz ko‘rsatdi. Boshqa yana o‘nlab sohalarda, yuzlab o‘zgarishlarda...

Ammo ong o‘zgarishi masalasi hamon kun tartibidan tushgani yo‘q.

Buzilgan murvatlar, “og‘riqli nuqtalar” ustidagi parda ko‘tarib tashlangani bilan ong osti oqimlaridagi to‘lqinlanishlar hanuz mavjlanishda.

Mavhum kelajakdan emas, bugungi kundan, hayot ichidan o‘z baxt-saodatini topishga ishonchi kuchli qudratli to‘lqin – xalq ularni yuvib tashlashga qodir. Negaki, ularning yorug‘ umidlari istiqlolning yigirma yettinchi yilida tiklandi. Negaki, bu umidni bergan Prezident ortida ular mustahkam qoyadek turibdi. Olis-olislardan shoirning o‘tli satrlari yangraydi:

Asrim, asrim deysan – asring ne o‘zi,

To‘zg‘oq kalendarning varaqlaridir.

Inson deb falakka hayqirmoq nechun,

Inson yoningda-ku – u mening qo‘shnim!


Shoyim BO‘TAYEV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

O'zA
2 653