O‘zA O`zbek

14.02.2018 18:31 Chop etish versiyasi

Umarshayx Mirzo qayerga dafn etilgan?

Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida ko‘plab tarixiy shaxslar qatori otasi Umarshayx Mirzo haqida ham batafsil to‘xtalgan. Uning yozishicha, Umarshayx Mirzo 1456-yili Samarqandda, Amir Temurning nabirasi sulton Abu Said Mirzo xonadonida tug‘ilgan.

Sulton Abu Said o‘g‘li Umarshayx Mirzoga hali bolalik chog‘idayoq Andijon muzofotini tuhfa qiladi va Xudoyberdi tukchi Temurtoshni unga bek atka qilib tayinlaydi. Keyinchalik otasining inoyati bilan butun Farg‘ona vodiysi Umarshayx Mirzo ilkiga o‘tadi. Akasi Sulton Ahmad Mirzo bir muddat Toshkent va Sayramni ham unga beradi.

Umarshayx Mirzo o‘ttiz to‘qqiz yoshida Axsida halok bo‘ladi.

“Boburnoma”da qayd etilishicha, Umarshayx Mirzo past bo‘ylik, paxmoq soqolli, yumaloq yuzli, to‘la, lo‘ppi kishi bo‘lgan. Kiyimni tor tiktirib kiyar, sallani chirmab o‘rar edi; hanafiy mazhablik, sof e’tiqodlik kishi edi, besh vaqt namozni vaqtida ado etardi. Umarshayx Mirzo xushxulq, saxovatli va mard inson bo‘lgan.

Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Umarshayx Mirzo Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumaniga – Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘iga dafn etilgan.

Hozirgi kunda Umarshayx Mirzoning ramziy qabrini tiklash ishlari olib borilmoqda.

Bu haqda muxbirimizga Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi direktori Zokirjon Mashrabov ma’lumot berdi.

O‘zA
12 916