O‘zA O`zbek

23.05.2011 17:51 Chop etish versiyasi

Ulug‘ bayramga ulkan tuhfalar


Suratda: Andijon shahridagi O‘zbekiston ko‘chasi.

Andijonda “Obodlik ko‘ngildan boshlanadi” shiori ostida festival bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Islom Karimovning shu yil 6 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi, Andijon viloyati ahli ham istiqlolning qutlug‘ to‘yini munosib kutib olish maqsadida ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2009 yil 3 avgustda qabul qilingan “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2010 yil 18 iyunda qabul qilingan “Andijon viloyatida 2011-2015 yillarda turar-joy massivlari kommunal infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari asosida viloyatda qisqa muddat ichida qurilish va obodonlashtirish borasida juda katta hajmdagi ishlar bajarildi. Xususan, o‘tgan yili viloyatda namunaviy loyiha asosida 620 yangi uy-joy barpo etildi. Joriy yilda yana 665 ana shunday uylar qurilishi rejalashtirilgan. Andijon shahrining o‘zida o‘tgan bir yil ichida 1 ming 200 dan ziyod turar-joy binolari, savdo, ishlab chiqarish hamda madaniy-maishiy obyektlar foydalanishga topshirildi.

Viloyat markazining bugungi qiyofasini 20 yil oldingi holat bilan aslo qiyoslab bo‘lmaydi. Shaharda zamonaviy loyihalar asosida qad rostlagan bir-biridan ko‘rkam binolar, keng va obod ko‘chalar, umuman, Andijonning jamoli, ko‘rki har qanday odamda havas va hayrat uyg‘otadi.

To‘yga to‘yona bilan, deganlaridek, mehmondo‘st, ochiqko‘ngil, mehnatkash andijonliklar tomonidan mustaqilligimizning 20 yilligiga bag‘ishlab “Obodlik ko‘ngildan boshlanadi” shiori ostida o‘tkazilgan festival ham andijoncha tashabbusning o‘ziga xos bir namunasi bo‘ldi. Zero, har qanday ish tinchlik va xotirjamlikda, ezgu niyat, ko‘ngil obodligi bilan boshlansagina, kutilgan natijani beradi – xayrli va barakali bo‘ladi.

“Obodlik ko‘ngildan boshlanadi” shiori ostidagi festival tadbirlari Andijon shahridagi yangi O‘zbekiston ko‘chasining ochilishi, bu yerda barpo etilgan bir-biridan ko‘rkam bino va inshootlarning foydalanishga topshirilishi bilan boshlandi.

Tadbirda mehnat faxriylari, yoshlar vakillari so‘zga chiqib, bugungi tinch va osuda hayotimizga, istiqlol bergan ulug‘ ne’matlar va ulkan imkoniyatlarga shukronalik tuyg‘ularini izhor etdilar. Shundan so‘ng karnay-surnay sadolari yangrab, anvoyi gullar bilan bezatilgan ko‘cha osmoni uzra oq kabutarlar parvoz etdi, rang-barang mushaklar jilosi nigohlarni tortdi.

Ushbu ko‘chada 128 ko‘p qavatli uy bunyod etildi. Ko‘chaning ikki tomonini keng yo‘lakcha, yashil maydonlar, o‘ziga xos yoritgichlar bezab turibdi, uning kommunikatsiya tarmog‘i, infratuzilmasi butunlay yangilandi.

Zamonaviy arxitektura andozalari asosida qurilgan uylarning yuqori qavatlarida uy sohiblari istiqomat qilsa, birinchi qavatda savdo, ovqatlanish hamda maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari joylashgan. Ushbu ko‘chada zamonaviy Biznes markazi ham qad rostladi.


Suratda: Shahrixonlik Dildoraxon Homidova.

Ko‘cha bo‘ylab o‘rnatilgan ko‘chma sahnalarda xalqimizning sevimli san’atkorlari, badiiy jamoalar o‘z qo‘shiqlari, dorbozlar guruhlari, viloyatdagi teatrlar jamoalari milliy o‘yinlar namoyishi, lapar va aytishuvlari bilan ko‘ngillarga xushnudlik baxsh etdi. Milliy hunarmandchilik buyumlari va liboslar ko‘rgazmalari namoyish etildi. Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari, bolalar badiiy jamoalarining yurtimizni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari, raqslari barchaga manzur bo‘ldi.

– Bunday keng, chiroyli ko‘cha, bir-biridan go‘zal va muhtasham imoratlarni ko‘rib, faxrlanib ketdim, – deydi Izboskan tumani Sorboshi mahallasidan kelgan mehnat faxriysi To‘lqin ota Yangiboyev. – Bunday ulkan, xayrli ishlarning rahnamosi bo‘lgan Yurtboshimizga ming rahmat.

– Bezakchi-rassomman, ko‘chaga joylashtirilgan turli ko‘rgazmalarni tayyorlashda, do‘konlarni pardozlash ishlarida qatnashdim, – deydi andijonlik Rustamjon Abbosov. – Bugun turmush o‘rtog‘im va farzandlarim bilan bayram tantanalarida ishtirok etib, mana shunday ezgu ishga ozgina bo‘lsa-da hissam qo‘shilganidan ko‘ksim tog‘dek ko‘tarildi.

Gullar bayramining aynan shu ko‘chada o‘tkazilishi tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Ko‘chaning ikki tarafiga tuman va shaharlardagi mehnat jamoalari, qishloq fuqarolar yig‘inlari, o‘quv yurtlari tomonidan joylashtirilgan rang-barang, bir-biridan chiroyli gullar ko‘rgazmalari barchada katta taassurot qoldirdi.

– Bayramda yuz turdagi anvoyi gullarimizni namoyish etyapmiz, – deydi Baliqchi tumani “Bioekosan” markazi rahbari Go‘zal Hamidova. – Insonlarga xush kayfiyat ulashuvchi gullar shahar va qishloqlarimiz chiroyiga chiroy qo‘shayotgani ko‘ngilni xushnud qiladi.

Mohir gulchilar, talabalar tomonidan turli tabiiy gullardan tayyorlangan oqqush, kapalak, hatto Andijonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarni aks ettirgan guldastalar ekspozitsiyasi kishini hayratga soladi.

Bobur nomidagi Andijon viloyati musiqali drama va komediya teatrida o‘zbek teatr san’atining taniqli namoyandalari – O‘zbekiston xalq artistlari Yoqub Ahmedov, Turg‘un Azizov, Yodgor Sa’diyev, Erkin Komilov, Rixsi Ibrohimova bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv, O‘zbek Milliy akademik drama teatrining “Ko‘ngil” pyesasi teatr ixlosmandlarida katta taassurot qoldirdi.

Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tgan Yoshlar festivalida viloyatdagi yosh tadbirkor va hunarmandlar tomonidan tayyorlangan tikuvchilik mahsulotlari, hunarmandchilik buyumlari, rassomlarning ijod namunalari ko‘rgazmalari uyushtirildi. O‘zbekiston xalq shoirlari Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toir, xalq yozuvchisi Muhammad Ali, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari Mirpo‘lat Mirzo, “Yoshlik” jurnali bosh muharriri Sobir O‘nar hamda bir qator yosh shoir va yozuvchilarning adabiyot ixlosmandlari bilan uchrashuvlari, mushoiralari, O‘zbekiston xalq artistlari Zulayho Boyxonova, Ozodbek Nazarbekov singari taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturlari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faollari tomonidan o‘tkazilgan turli aksiyalar tadbirlarga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

– Prezidentimiz tomonidan biz, yoshlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlarga javoban ona yurtimizga, ulug‘ ajdodlarimizga munosib farzand bo‘lishga, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga bor kuchimizni sarflaymiz, – deydi «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati faollaridan biri Iroda Ibrohimova.

Shahardagi Bog‘i Boburda ham festivalga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. Milliy uslubda ta’mirlangan, atrofiga anvoyi gullar ekilib, so‘rilar qo‘yilgan choyxonalarda “Kulgu kechasi” bo‘lib o‘tdi. Unda respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan kulgu ustalari o‘z san’atlarini namoyish etdi. Yana bir o‘ziga xos tanlovda esa viloyatning tuman va shaharlaridan kelgan mohir oshpazlar o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi.

Festival shahar amfiteatrida bo‘lib o‘tgan san’at ustalari va yosh ijrochilarning katta konsert dasturi bilan yakunlandi.

“Obodlik ko‘ngildan boshlanadi” festivali tadbirlarida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Akbarova, Andijon viloyati hokimi A.Usmonov ishtirok etdi.


O‘zA, Faxriddin Ubaydullayev. Xursandbek Arabboev olgan suratlar
21 770