O‘zA O`zbek

31.08.2018 17:56 Chop etish versiyasi

Ulkan imkoniyat va imtiyozlar davri

Ulkan imkoniyat va imtiyozlar davri Tashkilotimiz ishi bilan yurganimda bosh hisobchimiz qoʻngʻiroq qilib tuman hokimligidan soʻrashayotganini, ular bilan bogʻlanishim kerakligini aytdi.

“Obbo, shu yetmay turuvdi oʻzi, nima deb boshimni qotirishar ekan-a”, degan gap keldi xayolimga.

Toʻgʻrida, 2005 yildan buyon Toshkent shahrining turli tumanlarida (ijaraga olingan joyda uzoq turish imkoni yoʻq) nashriyot va matbaa faoliyati bilan shugʻullanib kelamizu na bank, na soliq, na prokuratura, na ichki ishlar boʻlimi va na hokimiyat tomonidan “kunjit doni ogʻirligicha” yordam olganimizni bilmaymiz.

Yaqin-yaqingacha ular tomonidan uyushtirilgan “tashrif”lar tadbirkor boshiga bir talay gʻavgʻo keltirgan boʻlsa keltirgan-ki, yukini yengil qilgan emas. Hatto bu tashkilotlarning “tirnoq ostidan kir qidirib” qayta-qayta oʻtkazgan tekshirishlaridan soʻng oʻzini oʻnglolmay, buyurtmachi oldidagi qarzini uzolmay oxir-oqibat “tadbirkorlik” degan gapga qoʻl siltab ketgan kishilarni bilaman.

“Assalomu alaykum, tuman hokimiyatidanmiz”, “Assalomu alaykum, prokuraturadanmiz”, “Assalomu alaykum, soliqdanmiz”, “Assalomu alaykum, ichki ishlar boʻlimidanmiz”, degan kalomdan keyin koʻpincha (yilda bir desayam boʻlar) tadbirkorga paxta chopigʻi yoki terimi uchun odam ajratish, buning imkoni boʻlmagan taqdirda maʼlum miqdordagi moddiy yordam koʻrsatish majburiyati yuklanar, eng yomoni bu “yordam” uchun korxonaning imkoni bor-yoʻqligi hech kimni qiziqtirmasdi.

Qolaversa, mavsumiy “koʻpga keluvchi toʻy”lardan tashqari boshqa yigʻ-yigʻlar tadbirkorni dodlamoqdan beri qilgani ham bor gap.

Endi oʻzingiz insof bilan aytingchi, shu kunlarni oʻz boshidan oʻtkazib kelgan tadbirkor hokimiyat yoʻqlovidan xursand boʻladimi?

Yoʻq albatta.

Men ham shularning biri edim...

Toʻgʻri mana ikki yilga yaqin vaqt ichida ular bizni bezovta qilgani yoʻq. Biroq...

Xullas hokimiyatga qoʻngʻiroq qilmadim. Oradan uch-toʻrt soatlar oʻtib tadbirkorni topib olishga usta boʻlib ketishgan emasmi, oʻzlari aloqaga chiqdi. Rosti ogʻrinib telefonni koʻtardim.

– Assalomu alaykum, Abduhamid aka siz boʻlasizmi, men sizni hokimiyatdan bezovta qilayapman, – dedi narigi tomondan xushmuomala bir ovoz.

Garchand ovoz egasining muloyim ohangi ancha dalda boʻlgan esada, baribir hadiksirab javob qildim.

– Ha, menman. Eshitaman, qanday xizmat, aytavering.

Bu kalima bizga yod boʻlib ketgan.

Bir tomoni “mentalitet”.

Ishxonamiz eshigidan kirib kelib davlat nomidan gapirishni, yana ozgina dagʻdagʻani oʻxshatgan bor-ki, “Bizga nima xizmat aka?”, “Xizmatlar boʻlsa...”, “Yaxshi niyat bilan bir xizmat qilamiz”, degan lutfimizga sazovor boʻladi.

Avval shirin kalom, allalovchi, dalda ohangida boshlagan gaplar keyin dagʻallashib, ikki-uch kun, hatto haftalab oromingni buzadi. Ham vaqtingni ham naqdingni shoʻrini quritgan hollar kechagi kun tadbirkoriga nihoyatda tanish manzara. Shularni oʻylarkanman, hokimlikning shirinsoʻz vakilini xavotir aralash tinglay boshladim.

– Prezidentimiz Shayxontohur tumani tadbirkorlari bilan uchrashadi. Roʻyxatda sizning korxonangiz ham bor...

Qolgan gaplar qulogʻimga kirmadi.

Unga nima deb javob qilganimni hozir ham eslolmayapman. Anglaganim shu boʻldi-ki, hokimiyatga borib taklifnoma olib ketishim kerak.

Hokimiyatga yoʻl oldim. Taklifnomani olib belgilangan vaqtda Oʻzbekiston xalqaro anjumanlar saroyiga otlandim. Prezident kelgunicha Shayxontohur tumanidagi mavjud muammolarni oʻzida aks ettirgan film namoyish qilindi. Yutuqlar haqida bir ogʻiz ham gap yoʻq. Avvalgidek oshirib-toshirib gapirishlar, “hamdu sano” oʻqishlar filmdan joy olmagan.

...Prezidentning bir gapi ongimda qattiq oʻrnashib qoldi. “Bizning eng katta dushmanimiz, ichki dushmanimiz bu – befarq odam”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu tariqa chin maʼnoda xalq va yurt qaygʻusiga tushgan, bu xalqning, bu yurtning farovonligini, toʻkinligini, baxtiyorligini nihoyatda katta sabrsizlik bilan kutayotgan, ich-ichidan shunga intilayotgan, bu yoʻlda oʻzini ham atrofidagilarni ham ayamayotgan, oʻziga qoʻygan talabni boshqalarga ham qoʻyayotgan, loqaydlikka jon-jahdi bilan qarshi boʻlgan Prezidentni qayta kashf etdim va yurt rahbari sifatida ish boshlaganiga hali ikki yil ham toʻlmasdan nima uchun xalq mehrini qozonib ulgurganini anglab yetganday boʻldim.

Oddiy odam sifatida Prezidentdagi kuch-gʻayratga tan bermay iloj yoʻq. Oʻzingiz bir tasavvur qiling, erta tongdan turib shahar aylanib, bir-necha chaqirim masofani piyoda bosib, oddiy odamlar xonadonigacha kirib borish, ular holidan voqif boʻlish, aholi turmush-tarzi, mahalla va koʻchalar obodligi, qoʻyingchi oʻz yoʻlida uchragan eng mayda masaladan tortib yirik muammolargacha bevosita hal etish, undan keyin belgilangan joyda xalq vakillari, faollar va tadbirkorlar bilan soatlab tik oyoqda turgancha muloqot qilish osonmi?

Bugun barchamizni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xususan, tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar xursand qiladi. Tadbirkorlik qilaman, shu orqali roʻzgʻorimni tebratib, mamlakatim taraqqiyotiga hissa qoʻshaman, odamlarga foydam tegadi, degan kishiga yoʻl ochiq, imkoniyat va imtiyozlar yetarli. Bizning vazifamiz esa oʻz vazifamizni, burchimizni vijdonan bajarish, aslo befarq boʻlmaslikdir.

Abduhamid Muxtorov,
noshir.

OʻzA
3 051