O‘zA O`zbek

03.03.2020 Chop etish versiyasi

Ukrainalik ammam

Ukrainalik ammam

Ikkinchi jahon urushida qozonilgan

Gʻalabaning 75 yilligi oldidan

Yoshing ulgʻaygani sari oʻtganlarni sogʻinarkansan. Ularning mehri, nasihatlariga muhtojlik sezasan. Shunda ularning ibratli hayot yoʻllariga tayanasan. Umrlari davomida qilgan ezgu amallarini eslab, mamnuniyat his etib, shunday yashashga, ularga mos zurriyod boʻlishga intilasan. 

Kichkinaligimdan eslayman. Uyimizga pochtalyon tez-tez xat olib kelardi. Konvertning yuzida “Ukraina, Konotop shahri, Щyerbina Natasha Nikolayevnadan” degan yozuv boʻlardi.

Natasha opadan kelgan uzundan-uzun sogʻinch maktublarini dadam hammamizni atrofiga toʻplab, ruschadan oʻqib berardi. Bobom va buvim bir necha kun shu xatning taʼsirida zavqlanib yurishardi. Har doim bu maktublarga bobom va buvimning dil izhorlarini dadam ruschada tayyorlab, javob yuborardi.

photo5362075796870638509.jpg

1971-yilning yozida uyimizga Ukrainaning Konotop shahridan mehmonlar kelishdi. Bobom va buvimning oʻsha damdagi quvonchini koʻrsangiz... Bu xursandchilikka oilamizning barcha aʼzolari, qoʻni-qoʻshnilar, qarindosh-urugʻlar – butun qishloq sherik boʻldi.

40 yoshlar chamasidagi chiroyli, kelishgan ukrain ayoli oʻzini ularning bagʻriga otib, bobomni “dadajon”, buvimni “onajon” deya koʻrishganida hamma yigʻlab yuborgan.

Keyin bilsak, bobom – Imomiddin Gʻafforov va buvim – Zuhra Navroʻzova chindan ham bu qizga ota-onalik qilgan ekan. Opa hamma bilan koʻrishib boʻlgach, turmush oʻrtogʻi – Nikolay aka va oʻgʻli – Volodyani tanishtirdi.

– Men sening ammang boʻlaman, – dedilar kaminaga tojikchalab. Ukrain ayolining tilimizda bunday biyron gapirishi hammamizni lol qoldirgandi. 

Mehmonlarimiz rosa bir oy bizlar bilan yashashdi. Hozirgidek esimda – oʻsha kunlar mobaynida hovlimiz odamga toʻlib, gavjum boʻlib turdi. Natasha opa kelgan kun tuman gazetasidan muxbir va suratkash tashrif buyurdi, “Shofirkon haqiqati” gazetasida maqola chop etildi. 

Natasha opa kelgan kunlaridan boshlab oʻzlari oʻsib-ulgʻaygan shu yerning sharoitiga moslashdi-qoldi. Oʻshanda jajji qizaloq boʻlsam ham u kishining har bir xatti-harakatini kuzatib borganman. 

Xalqimizda: “Nima eksang, shuni oʻrasan!” degan maqol bor. Ammamizning oilada yaxshi tarbiya topganlari koʻrinib turardi. Kelgan kunlaridan boshlab ota-ona oldidagi burchlarini ado etishga kirishib ketdi. Hovli supurdilar, uy tozaladilar, bir oy davomida kirlarini biron kishiga yuvdirmadi, ota-onalarining kiyim-boshlarini ham yuvib berib turdi.

111111.JPGOʻshanda Nodir ukam bir yoshlardagi dumboqqina bola edi. Ammam kelgan kunlaridan to ketgunlariga qadar uni parvarishlashda onamga yordamchi boʻlib oldi. Hozir oʻylasam, bolaliklarida shunday mehr-muhabbat koʻrib oʻsganlarining isboti edi bu.

Oilamizda Zuhra buvimning oʻz tutumlari bor edi. U kishidagi farosat, nazokat, ozoda-orastalik, saranjom-sarishtalik ammamizga shundoqqina oʻtganini sezib turganmiz. 

Oʻshanda butun qishloq ahli galma-galdan shu goʻshada ulgʻayib, tarbiya topgan qizini mehmon qildi, oʻz farzandini qanday quvonch bilan kutgan boʻlsa, oʻshanday eʼzozladi va Buxoroni bir umr eslatib turuvchi sovgʻa-salomlar berdi.

Yana bir nozik jihat yodimda qolgan. Hovlimizdan sal nariroqda Gʻafurjon degan odam yashagan. Ammam u kishini yaxshi bilgan. Ular baʼzan ichsalar, hamma bolalar ulardan qoʻrqib qochishar ekan. Mehmonlar kelgan paytlar uch yoshlardagi Nuriddin ukam koʻp yigʻlardi. Shunda ammam uni jim qilish uchun: “Dam shav, ana poyi Gʻafurjon omad” desalar, u yigʻlashdan toʻxtardi.

Mehmonlar Ukrainaga qaytishda amakim Sayfiddin Gʻafforov va u kishining ayollari Rahima yangamizni birga olib ketishdi. Ular farzand koʻrish ilinjida bir oy shifoxonalarda davolanib qaytishdi. Shunda Natasha opaning ukasiga rahmdillik, mehr va muruvvat koʻrsatganligini butun qarindosh-urugʻlar guvohi boʻlishgandi. Niyatlar xolis ekan, bu oila uch farzand koʻrib, voyaga yetkazdi.

222222.JPG

Ikkinchi jahon urushi yillarida front ortida turib xalq xizmatida boʻlganlardan bobom – Imomiddin Gʻafforov jamoa xoʻjaligi raisi, buvim – Zuhra Navroʻzova qishloq matlubot jamiyati raisi sifatida mamlakat iqtisodiyotiga oʻz hissasini qoʻshdi. Urush bobom va buvimning oilalarini ham chetlab oʻtmagandi. Oʻsha yillari bobomning akalari oʻqituvchi Nizomiddin Gʻafforov va buvimning akalari Karim Navroʻzovlar Ikkinchi jahon urushiga yuborilgan. Bobomning akalaridan qora xat kelganida uyidagilar taʼziya ochishgan. “Qirq” marosimini oʻtkazayotgan kunlari Nizomiddin akalari oʻz oyoqlari bilan kirib kelgan ekan. Karim Navroʻzov nomi Xotira maydonida urushda halok boʻlganlar roʻyxatida turibdi. 

photo5362075796870638513.jpgUkrainadan evakuatsiya qilingan bolalar Shofirkon tumaniga ham keltirilgan. Imkoniyati bor oilalar ana shu yetim bolalardan tanlab, oʻz tarbiyalariga olishgan.

Bobom Imomiddin Gʻafforov borib, 9-10 yoshlarda boʻlgan Natashani tanlagan. 

“Shuncha bolaning orasidan meni – jussasi kichkina bir qizchani tanlab olganlaridan shunchalar xursand boʻlganmanki... Lekin dadam nega aynan meni tanlaganlarini, qaysi jihatim ularga maʼqul boʻlganini hozirgacha ham aniq bilmayman”, degan ekanlar ukrainalik ammam dadamga. 

Natasha opa 18 yoshga toʻlgunlariga qadar ikki oʻgʻli, bir qizi bor oilaning katta farzandi boʻlib voyaga yetganlar. Qishlogʻimizdan narida – tuman markazida joylashgan rus maktabida taʼlim olgan. 

Urush tugaganidan keyin Ukrainada qolib ketgan tugʻishgan opalari izlab-izlab, turli idoralarga murojaat qilib, oxiri Natasha opaning manzilini topgan. Pochchalari kelib, u kishini tarbiyalagan ota-onaga minnatdorlik bildirib, ularning rozi-rizoliklari bilan olib ketgan ekan. Shundan keyin xat orqali bogʻlanib turishgan. 

Buvim tez-tez xamirni sariyogʻ va dumba yogʻning oʻziga qorib, buxorocha qorma patir pishirib, turshak, mayiz, issiq paypoq, qoʻlqop va boshqa narsalarni posilka qilib joʻnatib turganlar. Bu holat bobom bilan buvimning umrlari oxirigacha davom etdi. Endi oʻylasam, bu sovgʻa-salomlar bir ramziy timsol boʻlgan – shu orqali ota-onalik mehr-muhabbati hadya etib kelingan.

1975-yili qarindoshlarimiz – eru xotin Qahramon aka bilan Nabiyaxon yangamullomiz oʻgʻillari Rustamjon, bobom, buvim va Nuriddin ukamni olib, Ukrainaga – Natasha opanikiga borishdi. Bir necha kun mehmon boʻlib qaytishdi. 

photo5362050168800783635.jpgBobom soʻzlab bergan mana bu voqea har qanday kishi qalbini larzaga solsa kerak:

– Qizim bizni elektr poyezdda Ukraina boʻylab safarga olib chiqdi. Bir gal u vagonning oʻrtasida turib olib, baland ovoz bilan yoʻlovchilarga: “Aziz vatandoshlar, tanishinglar, mana, mening oʻzbekistonlik ota-onam – Imomiddin Gʻafforov va Zuhra Navroʻzova. Ota-onam urushda halok boʻlib, Oʻzbekistonga evakuatsiya qilinganimda shular meni farzand qilib olishgan. 10 yil boqib, tarbiyalab, voyaga yetkazishgan. Men umrimning boricha ular oldida qarzdorman. Shuni Sizlarga aytgim keldi!..” dedi. Hamma qarsak chaldi. Keyin bir-bir kelib, biz ikkalamizni quchoqlab, doʻst ukrain xalqi nomidan minnatdorlik bildirishdi. Biz Ukrainada bunchalar sharaf topamiz deb hech xayolga keltirmagan ekanmiz...

Oradan bir yil oʻtib, 1976-yili dadam – Nasriddin Gʻafforov bir oy Ukrainada dam olib, opanikida mehmon boʻlganlar.

photo5362050168800783638.jpg

Taqdirni qarangki, Nuriddin ukam 1986-1988-yillari aynan Ukrainada harbiy xizmat burchini oʻtadi. Nikolay pochchamiz ham, Volodya jiyanimiz ham harbiy xizmatchilar ekan. Ular tez-tez harbiy qismga borib, ukamdan xabar olib turishdi, uylarida mehmon qilishdi.

photo5362050168800783636.jpg1990-yili Yoqub akam xizmat safari bilan Ukrainaga borganida Sum viloyatining Konotop shahridagi Voroshilov koʻchasi, 10-uyning 4-xonadonida – ammamiznikida mehmon boʻlgan. Juda koʻp tarixiy joylarga olib borishganini mamnuniyat bilan gapirib beradilar va ularni hozirgi kungacha faxr bilan eslaydi.

Ikkinchi jahon urushi xalqlarni birlashtirgan edi. Bu jangu jadaldan jabr koʻrganlarning dardi bir edi. Masalan, Natasha opani oʻz qizidek tarbiyalagan Zuhra buvimning Karimboy degan akalari yigit yoshida urushda halok boʻlgan boʻlsa-da, buvim umrlari oxirigacha xayolimda akalarining eshik taqillatib kirib kelishini kutib yashadilar. Afsus, biz – farzandlar buvimdagi bu insoniy tuygʻularni, bu armonli sogʻinchni katta boʻlganimizdagina angladik.

Armon qiladigan joylarimiz ham bor. Bobom, buvim va dadam hayotliklarida Natasha opa bilan yashagan davrlaridagi boʻlib oʻtgan voqealarni soʻrab-surishtirmagan ekanmiz, uzundan-uzoq joʻnatib turilgan mehrga yoʻgʻrilgan maktublarni saqlab qolmaganmiz.

Bobo va buvimdagi bu bagʻrikenglik, bu mehr-oqibat, odamiylik fazilatlari qadriga endi-endi – ular oʻtib ketganlaridan keyingina yetib, mohiyatini anglayapmiz, desam xato boʻlmaydi.

Koʻngilga taskin beradigan bir ilinj ham bor: biz shunday olijanob insonlarning farzandlari ekanimizdan faxrlanamiz. Shuni ham unutmaylikki, bu faqat mening bobo-buvimgagina emas, butun Oʻzbekiston xalqiga xos bagʻrikenglik edi.

Kamina oʻtganlarning ruhini shod etish ilinjida 2018-yil 4-may kuni Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi saytida maqola chiqardim. U oʻzbek va rus tillarida chop etildi. 2-3 kun oʻtgach, telefonim jiringladi. Goʻshakdan oʻzlarini tanishtirgan bu kamtarin inson Oʻzbekiston Respublikasining oʻsha paytda Ukrainadagi Favqulodda va muxtor elchisi boʻlib ishlagan Alisher aka ekan. Goʻshakni qoʻygandan keyin sevinchdan yigʻlab yubordim. Ular maqolani saytdan oʻqib, uni ukrain tiliga tarjima qildirib, Ukrainadagi elchixonamiz saytida “Ukrainskaya dochka uzbechki Zuxrы Navruzovoy” sarlavhasi bilan chop ettiribdi.

Elchi janoblaridan Natasha opa va u kishining oilasi haqida maʼlumotlar topib berishda yordam soʻradim. Chunki 1987-yil bobom ‒ Imomiddin Gʻafforov, 1998-yili buvim – Zuhra Navroʻzova vafotlaridan keyin bu yozishmalar ancha sekinlashdi. 2003-yili amakim Sayfiddin Gʻafforovning dunyodan oʻtganlarini dadam xat orqali opaga maʼlum qilganida, bir necha sahifali javob maktubi kelgandi. Bu xat orqali opaning ukasi oʻlimiga achinib, yurakdan dard-iztirob chekkanligining guvohi boʻlganmiz.

Bobom va buvim oʻtib ketganlaridan keyin dadam ular bilan yozishib turardi. Dadam 2007-yili rahmatlik boʻlganlaridan keyin ular bilan yozishmalar ham tugagandi.

Elchixona maʼlumotiga koʻra, Natasha opa dadamdan sal oldin oʻtgan ekanlar. Turmush oʻrtogʻini qizlarimi, oʻgʻillarimi oʻz uyiga – Poltavaga olib ketgan ekan. Farzandlarini topishga harakat qilamiz, deyishdi. Boshqa maʼlumot topisholmadi, shekilli.

Aytmoqchimanki, hech bir yaxshilik, ezgulik besamar ketmas ekan. Biz bugun ularning ishlaridan faxr hissini tuyib yashamoqdamiz.

Buni hech kim – biz ham, Ukraina, Belarus va Rossiya xalqi ham unutishga aslo haqli emas!

Ziyoda GʻAFFOROVA,

“Umrboqiy meros” Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati

targʻibot markazi direktori oʻrinbosari.


1 780
O'zA