O‘zA O`zbek

02.07.2018 20:36 Chop etish versiyasi

“Uddaburon” o‘g‘ri qo‘lga tushdi

“Uddaburon” o‘g‘ri qo‘lga tushdi
“O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas” deganlaridek, bir necha bor jinoyat sodir etib, muqaddam sudlangan Toshkent shahrida yashovchi M.Vohidov yana jinoyat ko‘chasiga kirdi.

2018-yil 23-may kuni soat taxminan 12:30 da M.Vohidov Yakkasaroy tumani Zarbog‘ ko‘chasida qarovsiz qoldirilgan fuqaro N.Otajonovga tegishli avtomashina old o‘rindig‘idan sumkacha ichidagi fuqarolik pasporti, haydovchilik guvohnomasi, taloni, mehnat daftarchasi va 170 ming so‘m pullarni o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan. U jabrlanuvchining pasport va boshqa muhim shaxsiy hujjatlarini tashlab yuborib, pullarni o‘z ehtiyojiga ishlatib yuboradi.

M.Vohidov bu bilan cheklanib qolmay, o‘g‘irlik qilishni davom ettirib, 2018 yil 28 may kuni soat taxminan 17:00 da tumandagi B.Boboyeva ko‘chasida qarovsiz qoldirilgan fuqaro A.Qayumovga tegishli avtoulov ichidagi 300 ming so‘m pulni ham o‘g‘irlab ketadi. Voqea bo‘yicha jabrlanuvchilarning yozgan azrizasiga ko‘ra, ichki ishlar organlari tomonidan tezkor-tergov tadbirlari o‘tkazilib, ayblanuvchi M.Vohidov qo‘lga olindi.

Ushbu holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi tomonidan hududdagi “Muqimiy” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida sudlanuvchi M.Vohidov aybiga to‘liq iqror bo‘ldi.

Sudlanuvchining ko‘rsatmasidan tashqari, dastlabki tergovda to‘plangan, sud muhokamasida so‘ralgan va tekshirilgan dalillar bilan o‘z isbotini topdi. Jabrlanuvchi A.Qayumov ham sud majlisida ko‘chasiga joylashtirilgan videokuzatuv kamerasiga yozilgan tasvirlarni ko‘rgan vaqtida bir noma’lum shaxs mashinasidan narsalarini olib qochib ketayotganini ko‘rib, shu zahoti huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berganini ta’kidladi.

Sayyor sud majlisida M.Vohidov qilmishidan pushaymon bo‘lib, oilada asosiy boquvchi ekani, qaramog‘ida qari ota-onasi borligini inobatga olib, qonuniy yengillik berishini so‘radi.

Sud tomonidan sudlanuvchi M.Vohidovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rildi.

Sayyor sud majlisi yakunida mutaxassislar tomonidan tuman fuqarolariga huquqbuzarlik uchun qonuniy tartibda beriladigan jazodan maqsad, eng avvalo, shaxsni tarbiyalash, axloqan tuzatish, uning jinoiy faoliyatini davom ettirishga to‘sqinlik qilishdan iborat ekani tushuntirildi.

A.Musayev, O‘zA
3 901