O‘zA O`zbek

15.09.2020 Chop etish versiyasi

Uchta maktabgacha taʼlim tashkiloti ish boshladi

Uchta maktabgacha taʼlim tashkiloti ish boshladi

Andijon viloyati Marhamat tumanining “Yangi hayot”, “Shoʻrqaqir” va Gʻafur Gʻulom mahallalarida yangi maktabgacha taʼlim tashkilotlari barpo etilib, foydalanishga topshirildi.

“Yangi hayot” mahallasida tadbirkor Tohirjon Boltaboyev tomonidan barpo etilgan, umumiy loyiha qiymati 5 milliard 850 million soʻm boʻlgan “Gʻulomjon hoji ota” davlat xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha taʼlim tashkiloti 300 nafar bolani oʻz bagʻriga oladi.

Barcha qulayliklarga ega mazkur muassasaning ishga tushishi bilan 40 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

6.JPG

8.JPG

Tumandagi Shoʻrqaqir mahallasi Ipak yoʻli koʻchasida tadbirkor Hayitxon Yaqubova tomonidan qurilgan “Dildoraxon quvnoq bolajon” nomli davlat xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha taʼlim tashkiloti ham 100 dan ziyod bolajonni oʻz bagʻriga oladi.

Gʻafur Gʻulom mahallasi hududida barpo etilgan ikki qavatli, zamonaviy qiyofaga ega “Asr Ziyo Bolajon” nomli davlat xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha taʼlim tashkiloti esa tadbirkor Dilshodbek Moʻminov tomonidan bunyod etildi.

Jami 240 oʻrinli mazkur muassasaning qurilish, jihozlash ishlari uchun 4 milliard 750 million soʻm mablagʻ sarflandi. Muassasaning ish boshlashi bilan 40 nafar fuqaro doimiy ish oʻrniga ega boʻldi.

5.jpg

2.jpg

Yangi ish boshlagan yuqoridagi muassasalarda bolalarni maktab taʼlimiga tayyorlash, intellektual salohiyatini yuksaltirish, har jihatdan yetuk va barkamol voyaga yetishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Ularda musiqa, sport, gimnastika, ingliz, rus tillari toʻgaraklari faoliyati ham yoʻlga qoʻyiladi.

– Ayni kunda Marhamat tumanida 29 davlat, 13 ta nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti, shuningdek, 100 ta uy bogʻcha mavjud, – deydi Marhamat tumani maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbari Sayyoraxon Shamshiyeva. – Umuman, tumanda bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olish 48,5 foizga yetkazilgan.

Joriy yil davomida tumanda yana 3 ta nodavlat bolalar tarbiya maskanlarining ishga tushirilishi koʻzda tutilgan.


4 930
F. UBAYDULLAYEV, Z. UMRZOQOV (surat), OʻzA