Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.02.2017 10:25 Chop etish versiyasi

Uchqizil suv ombori hududida yangi dam olish kompleksi quriladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida «Termiz marvaridi sanatoriysi» mas’uliyati cheklangan jamiyatida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishishi jamoamizda ko‘tarinki kayfiyat uyg‘otdi.

Har bir inson uchun eng aziz ne’matlardan biri sog‘liqdir. Salomatlik o‘z vaqtida dam olish, sport bilan shug‘ullanish, foydali muolajalarni qabul qilish, yaxshi kayfiyat bilan bog‘liq.

Sihatgohimiz Surxon vohasining go‘zal tabiati qo‘ynida – Uchqizil suv ombori bo‘yidagi bahavo hududda joylashgan. Bu yerda nevrologik, kardiologik, revmatologik, urologik va boshqa kasalliklar fizioterapiya va ma’danli suvlar, qum va quyosh nurlari orqali davolanadi.

Tarkibi oltingugurt va yod-bromga boy ikki xil ma’danli suv sihatgohimizni boshqa maskanlardan ajratib turadi. Qariyb 300-400 metr chuqurlikdan chiquvchi termal mineral suvlar, betakror iqlim sharoiti muassasamizning o‘ziga xosligidir.

Prezidentimiz rahnamoligida bugungi kunda sanatoriyning 3 qavatli 80 o‘rinli binosi to‘liq rekonstruksiya qilindi. Xonalar zamonaviy mebel, gilam, televizor, konditsioner, muzlatkich va boshqa maishiy texnika vositalari bilan jihozlandi. Ma’naviyat va ma’rifat xonalari komputerlar, milliy va jahon adabiyotining durdona asarlari, gazeta va jurnallar bilan ta’minlab borilmoqda.

Davlatimiz rahbari 60 o‘rinli yangi bino loyihasi bilan tanishish chog‘ida uni zamonaviy tibbiy uskunalar, mebellar bilan jihozlash, ichimlik suvi bilan ta’minlash tizimi va qozonxonalarni modernizatsiyalash, hududda bolalar maydonchasi, turli sport o‘yinlari o‘tkazish va shug‘ullanish imkonini beruvchi stadionlar barpo etish borasida zarur ko‘rsatmalar berdi.

Prezidentimizning Uchqizil suv ombori hududida mutlaqo zamonaviy, yangicha ko‘rinish va talablar asosida yangi dam olish kompleksi qurish bo‘yicha taklifi nafaqat jamoamiz, balki butun voha ahlining ko‘nglidagi gap bo‘ldi.

Suv ombori bo‘yida bugungi davr talablariga mos cho‘milish havzalari, basseynlar quriladi. Zamonaviy qayiqlar va boshqa suzish vositalari bu yerga tashrif buyuruvchilarning mazmunli hordiq chiqarishiga, maroqli dam olishiga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari bu haqda gapirar ekan, o‘z vaqtida dam olgan insonning sog‘lig‘i yaxshi, ishida unum bo‘lishini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining muassasamizga tashrifi bizga g‘urur, ishonch va kuch-g‘ayrat baxsh etishi bilan birga, ishga bo‘lgan mas’uliyatimizni yanada oshirdi. Amalga oshirilayotgan barcha ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, avvalo, odamlarni rozi qilish, ularning farovon hayotini ta’minlash ekanini yana bir bor chuqur angladik. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, xalq rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi.

Abduqahhor Ostonaqulov,
“Termiz marvaridi sanatoriysi”
mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori.

O‘zA
1 673






Все о погоде - Pogoda.uz