O‘zA O`zbek

14.09.2018 12:17 Chop etish versiyasi

Uch yarim baravarga koʻpaytirilgan qarz

Uch yarim baravarga koʻpaytirilgan qarz

Toʻrtkoʻl tumani, Tinchlik koʻchasi, 49-uyda istiqomat qiluvchi Roʻzigul Hakimova suv taʼminoti korxonasidan 1 million 772 ming soʻmlik qarzi borligi haqida ogohlantirishnoma kelganida hayratga tushib, yoqasini ushladi... 

“Nahotki, qarzim shunchaga yetgan boʻlsa?!.” deya qattiq xavotirga tushdi. Hayajonini bosib olgach, muammoning ildizini topishga ahd qildi. Shu ilinjda 10-91 raqamli ishonch telefoni orqali Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga sim qoqdi. Uning ogʻzaki shikoyati yozib olinib, oʻrganib chiqish va tegishli chora koʻrish uchun Toʻrtkoʻl tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yuborildi.

Keyingi jarayonlarda onaxonning qarzi aslida 500 ming 638 soʻmdan oshmasligi, taʼminotchi korxona xodimlari esa unga 1 million 271 ming 362 soʻm miqdoridagi sunʼiy qarzni qoʻshib, uch yarim baravarga oshirib koʻrsatishgani yuzaga qalqib chiqdi. Roʻzigul opa qonuniy haq-huquqlarini tiklashda amaliy yordam koʻrsatishgani uchun jamiyat xodimlariga minnatdorlik bildirib, haqiqiy qarzini darhol toʻladi.

Albatta, ish bor joyda xato-kamchiliklar ham boʻladi. Ularning issigʻida bartaraf etilishi esa koʻp jihatdan isteʼmolchilarning hushyorligiga va huquqiy savodxonligiga bogʻliq. Demak, ular Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonuni bilan yaqinda tanishib, oʻz haq-huquqlarini puxta bilib olsalar, foydadan xoli boʻlmaydi.

OʻzA
1 391