O‘zA O`zbek

22.05.2020 Chop etish versiyasi

Uch sotix yerdan 30 million soʻm daromad

Uch sotix yerdan 30 million soʻm daromad

Tomorqachilikning koni foyda ekani xususida koʻp bora taʼkidlayapmiz. Bu borada yaxshi natijalarga erishgan yurtdoshlarimiz faoliyatini yorityapmiz. Maqsad xalqimizning tomorqachilikdagi tajribalarini oshirish, oʻz tomorqasidan unumli foydalanishga oʻrgatish.

Bu galgi sayohatimiz qulupnay yetishtirish bilan tanilgan Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi Kaxlak mahalla fuqarolar yigʻini boʻldi.

Qishloqdagi qaysi bir xonadonga kirmang kichikkina tomorqasida qulupnay ekilganini koʻrasiz. Ushbu tansiq mevani yetishtirish, parvarishlash sirlarini bir-birlariga oʻrgatishdan charchamaydi. Shuning uchun deyarli hamma xonadonda qulupnay bor. Qishloqlik dehqonlarning taʼkidlashicha, ommaviy ravishda qulupnay yetishtirilganda, koʻproq hosil toʻplash imkoni paydo boʻladi. Koʻp hosil bor joyga esa mijozlarning oʻzi keladi. Agar bitta-ikkita tomorqada yetishtirilsa, uni bozorga olib borib sotish kerak.

Shu qishloqlik Shamsiddin Primov tomorqasining 3 sotix yerida qulupnay yetishtirmoqda. Suhbatimiz asnosida u yil davomida 30 million soʻmgacha daromad olishini taʼkidlab qoldi. Tabiiyki u bunga qanday erishayotganiga qiziqdik. Yaxshisi, uning oʻzidan eshita qoling.

– Qulupnayni ekishdan oldin yerni yaxshilab agʻdarib, chirigan goʻng bilan boyitamiz, – deydi Sh.Primov. – Qulupnay koʻp yillik oʻsimlik hisoblanadi, lekin biz undan ikki-uch yil baʼzan toʻrt yil foydalanamiz va keyingi yilda eski qulupnayzorni buzib, yangi koʻchat qilamiz. Bunday qilishimizga sabab, yil oʻtgan sayin qulupnay koʻchati ildiz otib, koʻpayib ketadi. Masalan, bir tup oʻsimlik 30-40 tupga koʻpayadi. 

photo_2020-05-22_18-35-59.jpg

Natijada hosildorlik pasayib ketadi. Yangi koʻchatlar ikkinchi va uchinchi yilda moʻl hosil beradi. Tomorqamizga ekilgan qulupnay koʻchatlari bu yil ikki yillik boʻldi va har terimda 100 kilogrammdan hosil olyapmiz. Aprelni boshi bilan chiqadi. Mevasi pisha boshlagach har uch kunda terilaveradi. Yangi chiqqan mahalda kilosini 25 ming soʻmdan sotdik. Hozir 10-12 mingdan sotyapmiz. Ozuqasiga qarashib turilsa, kech kuzgacha meva tugaveradi.

Dehqonning taʼkidlashicha, qulupnay oʻsimligi koʻp suv talab qiladigan ekin. Yoz oylarida har uch kunda mahalliy oʻgʻit suvga aralashtirilib, sharbat usulida sugʻoriladi. Begona oʻtlari yulinadi. Joʻyakga tushgan “qoʻl”lari yaʼni shonalari doimiy ravishda kesib turiladi. Chunki qulupnay koʻchati shonalaridan koʻpayadi. Yaʼni atrofga oʻsgan shonasi namga tekgach tomirlaydi va yangi koʻchatga aylanadi. Agar ular vaqtida olinmasa, mevalari kattalashmaydi.

– Oʻzim elektr tarmoqlari korxonasida ishlayman, – deydi Sh.Primov. – Boʻsh vaqtim boʻldi deguncha tomorqaga undayman. Ikki oʻgʻil bir qizim bor. Ular menga asosiy koʻmakchi. Qulupnayni yetishtirishda mineral oʻgʻitlardan nihoyatda kam foydalanish kerak. Sababi mineral oʻgʻitni qancha koʻp isteʼmol qilsa, mevasi uzilgandan keyin tarkibi tez buziladi. Shuning uchun biz faqat mahalliy oʻgʻitlardan foydalanamiz va bu yaxshi samara beradi. Mahsulotimizga viloyat markazidagi katta-katta supermarketlar xaridor. Qoʻngʻiroq qilib qancha kerakligini aytishadi. Shunga qarab olib borib beramiz.

Qulupnaylaringizning navi qanaqa, soʻraymiz undan.

– Kaxlak navi, – deydi dehqon kulimsirab. – Sababi uzoq yillardan buyon qishlogʻimiz odamlari qulupnaychilik bilan shugʻullanishadi. Chetdan kelgan boʻlsa ham oʻzimizning navga aylanib qolgan. Serhosil, yil davomida hosil beraveradi. Agar issiqxona qilib usti yopilsa, qishin-yozin qulupnay yeysiz.

Ha, dehqonchilikda hikmat koʻp. Bu Kaxlak qishlogʻilik bitta dehqonning fikrlari. Qishloqdagi har bir tomorqachining bu borada oʻz qarashlari, sizu bizga ilinadigan tajribalari bor. Nima boʻlganda ham bir oddiygina qulupnay mevasi ortidan butun viloyatga Kaxlak qishlogʻining nomi ketgan. Bozorlarga borsangiz baʼzan qulupnay boshqa joydan keltirilgan boʻlsa ham kaxlakniki deb sotishadi. Qulupnaychilik ortidan kaxlakliklarning dasturxoni toʻkin, turmushi farovon.

3 686
Oʻ.BAROTOV, OʻzA