O‘zA O`zbek

22.05.2020 Chop etish versiyasi

Uch pogʻonali yoʻl oʻtkazgich – bunyodkorligimiz namunasi

Uch pogʻonali yoʻl oʻtkazgich – bunyodkorligimiz namunasi

Toshkentda avtomobillar soni kun sayin koʻpaymoqda. Bu tirbandliklar bilan bogʻliq vaziyatga yechim topish muammosini keltirib chiqaradi. Albatta, eng maqbul yechimlardan biri yoʻl oʻtkazgichlar qurishdir.

Shu maʼnoda poytaxtimizning Ohangaron shossesi va Maxtumquli koʻchasi kesishmasida foydalanishga topshirilgan uch pogʻonali yoʻl oʻtkazgich katta yutugʻimiz boʻldi.

Arxitekturada “landshaft” degan tushuncha bor. Bu inshootning joyini tanlash degani. Juda murakkab ish. Inshoot shunday joyga tushishi kerakki, xuddi uzukka koʻz qoʻygandek. Bu yoʻl oʻtkazgich ham poytaxtimiz koʻrkiga juda yarashdi. Agar joy toʻgʻri tanlanmaganida qulayliklar yetarli darajada boʻlmasdi.

Bu kabi qurilishlar juda qimmat turadi. Shuning uchun uning mustahkamligiga, ustuvorligiga alohida eʼtibor berish kerak. Shundagina u bizga koʻp xizmat qiladi.

Uch pogʻonali koʻprik soatiga 20 mingta transport vositasini uzluksiz oʻtkazish quvvatiga ega. Bizda koʻp avtomobillar kechqurun harakatlanadi. Shuni hisobga olib yoʻl oʻtkazgich mustahkam va zamonaviy yoritgichlar bilan jihozlangan. Bu koʻprikning chiroyli koʻrinishiga xizmat qiladi, oʻz navbatida, atrofda ekilgan gullar bilan uygʻunlashib kishiga zavq bagʻishlaydi.

Yaqinda bu yerga talabalar bilan kelgan edik. Ular koʻprikning murakkabligi, mustahkamligi, qurilish jarayonlarini koʻrib hayron qoldi. Koʻp narsa oʻrgandi. Biz bunday inshootlarimiz bilan faxrlanamiz.

Abduboriy SHOHIDOV

Toshkent arxitektura-qurilish instituti professori,

texnika fanlari doktori.

787
OʻzA