Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2018 17:26 Chop etish versiyasi

Tuya ko‘rdingmi, yo‘q!

Nurota tumanida yashovchi M.Mirqiyosova 3 nafar farzandning onasi. Oliy ma’lumotli. Mustaqillik yaratgan imkoniyatlar sabab tadbirkorlikka qo‘l urib, qurilish ishlariga ixtisoslashgan xususiy korxona tashkil etdi. Izlanuvchanligi va mehnatsevarligi  tufayli tezda odamlar orasida tadbirkor-quruvchi sifatida tanildi.

Natijada viloyat miqyosidagi yirik bino va inshootlarni barpo etish bo‘yicha ham unga qator buyurtmalar kela boshladi. Jaraq-jaraq pul topdi, hurmat-e’tibor qozondi. Biroq bilsa chin, bilmasa hazil qabilida ish tutib, buyurtmachi tashkilotlar bilan til biriktirgan holda, davlat ahamiyatiga molik qurilishlarda ko‘plab o‘zlashtirishlarga yo‘l qo‘ydi. Natijada u o‘tgan qisqa davrda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi va boshqa moddalari bilan 5 marta sudlandi.

Ammo “Bukrini go‘r tuzatadi” deganlaridek, bu qilmishlaridan tegishli xulosa chiqarmadi. O‘g‘lini ham bu ishlarga tortdi. Uni korxona rahbari sifatida ko‘rsatib, qalbaki hujjatlar asosida o‘zi rahbarlik qilib yuraverdi. Vaholanki, u Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tumani sudining 2015-yil 4- fevraldagi hukmiga ko‘ra, jarima jazosi va 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq ishlarda ishlash huquqidan mahrum etilgan edi. Qalbaki hujjatlar tayyorlash va undan foydalanish hadisini olgan M.Mirqiyosova 2015-2016 yillar davomida Navoiy viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida Navoiy shahridagi sil kasalliklari dispanserida qurilish-ta’mirlash ishlarini bajaraman, deb 160 million so‘mdan ziyod mablag‘ni korxonasi hisobraqamiga o‘tkazishga erishdi. Lekin o‘tgan davr mobaynida dispanserda deyarli hech narsa qilinmagan. Amalga oshirgan ishlar ham sifatsizligi sabab umuman talabga javob bermaydi.

Bajarilgan ishlarni qabul qilib olishga mas’ul bo‘lgan Navoiy viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasining “Loyihalarni boshqarish va qurilishni texnik kuzatish” bo‘limi “najotparvar” mutaxassisi U.Qaytmasovning harakatlari esa hammasidan oshib tushdi. Umuman qilinmagan 149 million 169 ming 322 so‘mlik ishni qilindi, sifatsiz bajarilgan 11 million 832 ming 654 so‘mlik ishni esa nihoyatda mukammal, deb qabul qilib oldi. Tuya ko‘rdingmi, yo‘q qabilida ish tutdi. Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishiga mas’ul bo‘lgan injiniring kompaniyasi xodimi ham o‘z manfaatini davlat manfaatidan ustun qo‘ydi. 

"Buzoqning yugurgani somonxonagacha". Xalqimizning bu qadimiy hikmati bu yerda o‘z ifodasini topdi. Davlat mulkini “tuya” qilganlar tergov-surishtiruv davomida o‘zlashtirgan summalarini to‘ladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudining qaroriga asosan sudlanuvchilar qonunda belgilangan tartibda jazosini oldi. Lekin, viloyat sog‘liqni saqlash tizimidagi muhim obyektning shunday ahvolga solinganini nahotki sohaga aloqador mutasaddilar bilmadi? Sog‘liqni saqlash xodimlari bu haqda o‘z vaqtida tegishli organlarga xabar berganida balki vaziyat bu darajaga yetib kelmasmidi?

Nuriddin Rahimov, O‘zA
3 458