O‘zA O`zbek

07.06.2019 21:11 Chop etish versiyasi

Tut daraxti poʻstlogʻidan ipak qogʻoz ishlab chiqarilmoqda

Tut daraxti poʻstlogʻidan ipak qogʻoz ishlab chiqarilmoqda

Buxorolik miniatyurachi rassom Davron Toshev tut daraxtining yosh koʻchat poʻstlogʻidan tajriba tariqasida qogʻoz ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Sifati juda yuqori.

– Buxoro miniatyura sanʼati qadimiy anʼanalarga ega, – deydi ijodkor Davron Toshev. – Koʻp yillardan buyon mazkur anʼanani tiklash va boyitish ustida izlanishlar olib bormoqdaman. Buyuk soʻz ustalari Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Umar Xayyom asarlari asosida yaratgan kompozitsiyalarim nafaqat yurtimiz sanʼat muxlislari, balki xorijliklar eʼtiborini ham tortayotir. 2018-yili Birlashgan Arab Amirliklari davlatidan tushgan taklif asosida Dubay shahrida shaxsiy koʻrgazmamni tashkil etdim. Bir hafta davom etgan tadbirda namoyishga qoʻyilgan barcha asarlarim xaridorini topdi. Bir narsani taʼkidlash kerak, miniatyura solinadigan ipak qogʻoz shu paytgacha Buxoroga chetdan olib kelinar edi. Holbuki, bundan 80-90 yil ilgari bu ashyo Buxoroda ham ishlab chiqarilgan.

Men manbalarga tayangan holda, tut poʻstlogʻidan ipak qogʻoz ishlab chiqarishni qayta tiklash loyihasini ishlab chiqdim. Viloyat va Buxoro shahar hokimlari gʻoyamni qoʻllab-quvvatladi. Oʻtgan yili shaharning dehqonchilik hududidan ajratilgan 1 gektar yerga tut nihollari oʻtqazdim. May oyida yosh koʻchat poʻstlogʻidan tajriba tariqasida qogʻoz ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydim. Sifati juda yuqori. Unda ilk miniatyura asarini yaratishga ulgurdim ham. Loyihamning oʻziga xos innovatsion jihati shuki, ipak qogʻoz klaster usulida yoʻlga qoʻyilgan. U uchun zarur boʻlgan ashyo tutzordan olinadi va qayta ishlanadi hamda badiiy ustaxonaga yetkazib beriladi. Hozircha ipak qogʻozdan oʻzim va shogirdlarim foydalanayotgan boʻlsa, yaqin orada undan barcha miniatyurachi hamkasblarimga ham ana shunday imkoniyat yaratiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun oʻtkazilayotgan “Tashabbus – 2019” respublika koʻrik-tanlovining viloyat bosqichida “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yoʻnalishida gʻolib boʻlgan miniatyurachi rassom Davron Toshevning ishlariga omad tilaymiz.

Tanlovning tantanali ochilish marosimida mamlakatimizda qulay va sogʻlom ishbilarmonlik muhitini yaratishga katta eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. Bunday gʻamxoʻrlik kichik biznesning iqtisodiyot rivojidagi mavqei va rolini oshirishda muhim omil boʻlayotir. Masalan, bugungi kunda viloyatda mazkur sohaning hududiy ishlab chiqarishdagi ulushi 70 foizdan ziyodroqni tashkil etadi. Kichik biznes korxonalari orasida eksportchilar salmogʻi ham ancha yuqori.

Tanlovning tuman va shahar bosqichida 400 dan ziyod tadbirkorlar, hunarmandlar va xizmat koʻrsatish sohasi vakillari ishtirok etdi. Ular orasidan saralangan 65 nafari viloyat tadbirida qatnashdi.

Ishtirokchilar tomonidan namoyish etilgan toʻqimachilik, qayta ishlash mahsulotlari, qurilish materiallari, qishloq xoʻjalik noz-neʼmatlari, zardoʻzlik, zargarlik, amaliy sanʼat namunalari viloyatdagi kichik biznes salohiyati bilan tanishish imkonini berdi.

Tanlov ishtirokchilarining faoliyati ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish hajmining oʻsishi, eksportbop va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlashga yoʻnaltirilgan innovatsion loyihalarini amalga oshirish, ish oʻrinlari yaratish kabi mezonlar asosida baholandi.

Sanoat, xizmat koʻrsatish sohasida “Yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Yilning eng yosh tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi fermeri”, “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yoʻnalishlari boʻyicha birinchi oʻrinni egallagan gʻoliblar taqdirlandi. Ular koʻrik-tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etadi.

Erkin YODGOROV, Tohir ISTATOV olgan suratlar, OʻzA
3 422