O‘zA O`zbek

02.08.2018 10:36 Chop etish versiyasi

Turoperatorlarga litsenziya berishning soddalashtirilgan mexanizmi amaliyotda


Toshkent viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan “Planeta Holidays” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga turoperatorlik litsenziyasi, viloyat sayyohlik xaritasi, ingliz va rus tillarida chop etilgan sohaga oid qo‘llanmalar tantanali ravishda topshirildi.

Xabaringiz bor, avvallari bunday turdagi litsenziyalar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan berilar edi. Tabiiyki, ushbu holat turizm yo‘nalishidagi tadbirkorlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan edi.

Prezidentimizning 2018-yil 11-apreldagi “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, turoperatorlarga litsenziya berishning soddalashtirilgan mexanizmlarini joriy etish, biznes bilan o‘zaro munosabatlarda huquqiy aniqlikni mustahkamlash, davlat organlari tomonidan asossiz ma’muriy nazoratni bekor qilish orqali litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari yanada soddalashtirildi.

Mazkur farmon bilan turoperatorlarga litsenziya berish vakolati joriy yil 1 iyundan boshlab qo‘mitaning hududiy departamenti va boshqarmalariga berildi.

Avazbek Xudoyqulov, O‘zA
2 375