Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.01.2018 17:02 Chop etish versiyasi

Turnaqator navbatlar qachon barham topadi?

Turnaqator navbatlar qachon barham topadi? O‘zA veb-saytida kommunal to‘lovlar va ularni amalga oshirish uchun iste’molchilarga yaratilgan sharoitlar haqida material berilgan edi. Afsuski, bu borada viloyatlarda ham ahvol bundan yaxshi emas ekan.

"O‘ztransgaz" aksiyadorlik jamiyati Farg‘ona viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali uchastkalaridagi turnaqator navbatlar, ortiqcha ovoragarchiliklar mutasaddilarni qiziqtirmaydi, shekilli. Ertalabdan navbatga yozilsangiz, kechga borib to‘lovni amalga oshirishingiz mumkin bo‘ladi. Ba’zan, ikki-uch kunlar qatnashingiz ham mumkin.

Kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash, ularning hisob-kitobini amalga oshirish fuqarolardan ham mas’uliyat talab etadi. Qarzdor bo‘lishni istamagan iste’molchilar gaz ta’minoti uchastkasiga murojaat qiladi. U yerda esa... Uzoqqa bormasdan, viloyat markazi - Farg‘ona shahridagi tanish “manzara” bilan yaxshilab tanishaylik-chi, qanday ekan?

Soat 11:30 lar chamasi. Farg‘ona shahar gaz ta’minoti uchastkasidamiz. 100 dan ziyod iste’molchi to‘lovni amalga oshirish, hisob-kitob qilish uchun navbat kutmoqda. Bilishimizcha, bu yerda "O‘ztransgaz" aksiyadorlik jamiyatining to‘rt nafar xodimi hisob-kitob uchun mas’ul etib biriktirilgan. 



-160-bo‘lib ro‘yxatga yozildim, –deydi biz bilan suhbatda Muhammadjon Abdullayev. – Endi 27-chi navbat keldi. Bu yerda hamisha shunday. Tabiy gaz haqini o‘z vaqtida to‘lab qo‘ygani kelsak ham, soatlab vaqtimizni yo‘qotamiz. Biz-ku yoshmiz, anavi qariya otaxon va onaxonlarga qiyin-da. 



Xonadoningizdagi tabiiy gaz bo‘yicha hisobni bilish uchun dastlab mijozlar bilan ishlaydigan xonaga kirasiz. Albatta, navbatingiz kelsa... Undan keyin bank shoxobchasida navbat kutasiz. Bu yerda “Ipotekabank” aksiyadorlik tijorat bankining Farg‘ona filiali shoxobchasi faoliyat ko‘rsatib, uch nafar xodimning qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Nahotki bank mutasaddilari bu yerdagi xodimlar sonini ko‘paytirish, to‘lovlarni vaqtida undirish haqida o‘ylamasa? To‘lov - bu byudjetga tushum deganiku?! Byudjet nima ekanini, u qanday ezgu maqsadlarga sarflanishini barchamiz yaxshi bilamizku?! 

 

-Shunday vaqtlar bo‘ladiki, kechgacha ishimiz bitmaydi, - deydi Yormozor mahallasida yashovchi Matluba Hakimova. – Biz-ku nafaqadamiz. Ishlaydigan odamlarning holatini, bu yerda bo‘ladigan muomalayu munosabatda yuz beradigan asabbuzarliklarni o‘zingiz bir tasavvur qilavering endi. Hamma ham gaz, elektr-energiyasi haqini to‘lab, xotirjam o‘tirgisi keladi. 



Farg‘ona shahar gaz ta’minoti uchastkasining texnik xodimi Sayohatxon Oxunjonovaning aytishicha, bunday holatga har kuni duch kelasiz. Komyuterda o‘tirgan mas’ul xodim bir kunda o‘rtacha 30 nafar iste’molchi bilan ishlashi mumkin. Bu yerga esa har kuni 200 dan ortiq iste’molchi murojaat qiladi. O‘z-o‘zidan ayonki, to‘rt nafar xodimning bunga imkoniyati ham, vaqti ham yetmaydi. 



Ha, bu yerdagi sharoitdan e’tirozlar ko‘p. Hisob-kitob bilan shug‘ullanadigan kadrlar kamligi, iste’molchilar uchun hech qanday sharoit yaratilmagani o‘z xohishi bilan pul to‘lashga kelayotganning ham hafsalasini pir qiladi. Balki mutasaddilar bu ahvoldan bexabardir, axir ular ham shu yurt farzandi sifatida byudjetga tushum ko‘payishini istaydi-ku, dersiz. Haqsiz, hech qanday e’tirozimiz yo‘q. Ammo bu savolni ularning o‘ziga berish kerak. O‘zlari nima derkin?

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
5 341