O‘zA O`zbek

15.05.2019 21:27 Chop etish versiyasi

Turmush oʻrtogʻi tarobeh namoziga borgan xorijlik ayolga masjidda qulaylik bormi? (video)

Turmush oʻrtogʻi tarobeh namoziga borgan xorijlik ayolga masjidda qulaylik bormi? (video)

Ushbu savolga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Kotibiyat mudiri Muhammad Ayub Homidov javob berdi.

Maʼlumotlarga koʻra, jahonda 1,6 milliarddan ortiq musulmon boʻlib, ular dunyoning deyarli barcha mintaqasida yashaydi. Har yil Oʻzbekistonga jahonning 70 ga yaqin mamlakatidan 2-3 millionga yaqin sayyoh tashrif buyuradi. Ular orasida ziyorat turizmi uchun keladiganlar ham anchagina. Mana shu kunlarda Oʻzbekistonga xorijdan ayoli bilan kelgan erkak tarobeh namozi uchun masjidga kirsa, uning ayoli uchun qanday qulaylik taklif qilish mumkin? Vaholanki, bizda xotin-qizlar masjidga kirmaydi.

Bu savolga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Kotibiyat mudiri Muhammad Ayub Homidov shunday javob berdi.

– Hozirda ziyorat turizmi rivojlanib borayotgani quvonarli, – deydi islomshunos olim. – Sababi, yurtimizga har kuni minglab sayyohlar kelmoqda. Hasti Imom dahasida ham har kuni koʻplab sayyohlarni uchratamiz. Tabiyki ziyorat turizmida Indoneziya, Malayziya, BAA kabi davlatlardan koʻplab, erkak va ayollar kelmoqda.

Turmush oʻrtogʻi yoki dugonalari bilan kelgan sayyohatchi xotin-qizlar uchun masjidlarimiz va ziyoratgohlarning yonidagi masjidlarda alohida sharoitlar yaratilgan. Ular bemalol namoz oʻqishiga qulayliklar bor. Ammo, kechasi tarobeh namozlarida... Toshkent misolida aytadigan boʻlsak, odam juda koʻp boʻlib, masjidlarni aholi toʻla egallab olgani uchun ayollarga bu borada qulaylik qilish imkoni boʻlmadi. Chet ellik ziyorat turizmi bilan kelgan ayol namozxonlar uchun kelajakda sharoitlar yaratish chorasi koʻriladi.

Shu oʻrinda homilador va bola emizuvchi ayollarning roʻza tutishi haqida toʻxtalib oʻtadigan boʻlsak, ular kitoblarda alohida bayon qilingan. Mashhur Hadisda roʻza qiyinchiliklar ulardan olingan. Boladan xavotir boʻlsa, ular boshqa kunlarda tutib berishi mumkin. Bolasini sutdan chiqargandan keyin, farzandi tugʻilgandan keyin bir kuniga bir kun tutib beradi.

Ularga mutaxassis shifokorlar bolaning sogʻligiga zarar kelmaydigan tarzda roʻza tutishni tavsiya qilsa, tutish kerak.

Saytimizni kuzatib boring. Ertaga shifokor jarrohning roʻza tutib, ozishning inson salomatligi taʼsiri haqidagi fikrlari bilan tanishasiz. 

Sayyora Shoyeva, Yoqub Meliboyev (video), OʻzA
653