O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Turkmaniston elchisi talaba tashabbusini eʼtiborsiz qoldirmadi

Turkmaniston elchisi talaba tashabbusini eʼtiborsiz qoldirmadi

Tuvakmurat Tuvakmuratov Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining turkmanistonlik ilk talabasi. U ayni vaqtda nufuzli taʼlim dargohiningxalqaro munosabatlar fakulteti birinchi bosqichida tahsil olmoqda. Kelajakda Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi diplomatik munosabatlarni va samimiy ruhdagi doʻstlik aloqalarini yanada yuqori pogʻonaga olib chiqish uning ezgu maqsadi.

Shu maqsadda Tuvakmurat universitetda ikki mamlakat diplomatik aloqalari, strategik sheriklik munosabatlariga bagʻishlangan davra suhbatini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Uning taklifi esa universitet jamoasi va Turkmanistonning mamlakatimizdagi elchixonasi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida 15 fevral kuni Oʻzbekiston – Turkmaniston doʻstona munosabatlariga bagʻishlab oʻtkazilgan davra suhbatining qisqacha tarixi shunday.

– Xalqlarimiz azaldan bir daryodan suv ichib, ahil-inoq yashab kelgan, bizni mushtarak madaniyat va qadriyatlar birlashtirib turadi, – dedi Turkmanistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yazguli Mammedov tadbir ochilishida. – Ana shunday yaqinlik mamlakatlarimiz oʻrtasidagi mustahkam hamkorlikka kuch bermoqda, bugungi kunda ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatdan yangi bosqichga – strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi.

Yazguli Mammedov oʻz nutqida mamlakatlarimiz xalqaro maydonda ham, oʻzaro aloqalarda ham bir-birini qoʻllab-quvvatlayotgani, Turkmaniston bundan keyin ham Oʻzbekiston bilan hamkorlikni barcha sohalar boʻyicha rivojlantirishga tayyor ekanini taʼkidladi.

Muloqot chogʻida talabalarga Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqida atroflicha maʼlumot berildi. Mamlakatlarimizning transport-tranzit, logistika sohalaridagi tashabbus va loyihalari mazmun-mohiyati, Orolni qutqarish borasidagi tashabbuslari haqida soʻz yuritildi.

Qayd etilganidek, mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojlanib bormoqda, neft-kimyo, transport-kommunikatsiya, qishloq xoʻjaligi, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ham faol hamkorlik amalga oshirilmoqda.

Yazguli Mammedov, shuningdek, Turkmaniston Orolni qutqarish doirasida Moʻynoq tumanida boshlangan xayrli saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini maʼlum qildi, bu boradagi intilishlarni birlashtirish boʻyicha takliflar bildirdi.

Davra suhbati doirasida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov kitoblari taqdimoti oʻtkazildi, turkman milliy hunarmandchilik namunalari koʻrgazmasi tashkil etildi.

1 847
Malohat HUSANOVA, OʻzA muxbiri